Home / FOTO LAVHALAR / Buxoroliklarning Buxoriy borasidagi bilimlari bisyor

Buxoroliklarning Buxoriy borasidagi bilimlari bisyor

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan Buxoro Davlat universitetida talaba-yoshlar uchun “Ajdodlar merosi – yoshlarga ibrat” mavzusida maʼrifiy tadbir oʻtkazildi.

Erkin tarzda va savol-javob yoʻsinida tashkil etilgan tadbirda Markaz rahbariyati va ilmiy xodimlari hamda universitet talabalari ishtirok etdi.

Dastavval tadbir davomida Markaz boʻlim boshligʻi Tohir Evadullayev moderatorligi ostida ulugʻ allomalarimiz haqidagi mavjud bilimlarni baholab borish hamda raqobat hissini oshirish maqsadida ishtirokchilar ikki guruhga boʻlinib, guruhlar nomlandi va sardorlar saylandi.

Markaz direktori, tarix fanlari doktori, dotsent Shovosil Ziyodov Markaz tashkil etilishi tarixi, maqsad va vazifalari hamda faoliyati, shuningdek nashr etilgan adabiyotlar haqida qisqacha maʼlumot berdi va chiqish mobaynida guruhlarga bir necha savollar bilan murojaat qildi. Berilgan javoblar uchun ishtirokchilarning guruhlarga mansubligi nuqtai-nazaridan guruhni baholab borish tartibi joriy qilindi.

Markaz direktori oʻrinbosari, tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori Otabek Muhammadiyev yigʻilganlarni ilmiy xodimlar tomonidan ishlab chiqilgan “Buyuk ajdodlarimiz haqida 10 ta fakt” loyihasi bilan tanishtirib, loyihaning Imom Buxoriyga oid qismini taqdimot qildi. Taqdimot davomida berilgan savollarga toʻgʻri javob bergan ishtirokchilar guruhlari hisobiga ball qoʻshishga muvaffaq boʻldilar.

Markaz boʻlim boshligʻi, tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori Mexrojiddin Amonov mazkur loyihaning Bahouddin Naqshbandga tegishli qismini savol-javob tarzida taqdim etdi.

Taqdimotlar davomida talabalarga oʻzlarini qiziqtirgan savollari bilan murojaat qilish imkoni berildi. Ishtirokchilar tomonidan berilgan 10 dan ziyod savolga batafsil javob qaytarildi.

Tadbirning asosiy qismida moderator tomonidan guruhlar aʼzolarining Imom Buxoriy hayoti bilan bogʻliq bilimlari test savollari asosida sinovdan oʻtkazildi. Jami 20 ta savolga javoblar uchun berilgan hamda tadbir davomida yigʻilgan ballar yigʻindisiga koʻra jamoalar teng hisob bilan durang natijaga ega boʻldilar.

Tadbirning faol ishtirokchilari Markaz tomonidan nashr etilgan adabiyotlar bilan taqdirlandi.

Imom Buxoriy xalkaro-ilmiy tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Magʻrur hilpirayver, yurtim bayrogʻi!

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida 18-noyabr kuni xodimlar ishtirokida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi qabul qilinganiga …