Ayni kunlarda mamlakatimizda mehmon boʻlib turgan Turkiyaning Dijle universiteti rektori, tibbiyot fanlari doktori Mehmet Karokoch Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga keldi. Uni Markaz direktori oʻrinbosari, tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori O.Muhammadiyev kutib oldi.
Mehmonga dastavval Markaz muzeyi faoliyati yuzasidan hamda qadimiy buyumlar va nodir qoʻlyozma nusxalari bilan birga Imom Buxoriy hayoti va islom rivojiga qoʻshgan munosib hissasi toʻgʻrisida qimmatli maʼlumotlar berildi.
Movarounnahr hududida yetishib chiqqan va aniq fanlar taraqqiyoti hamda jahon sivilizatsiyasiga ulkan hissa qoʻshgan allomalar ilmiy merosini tadqiq etish yuzasidan Markazda olib borilayotgan ilmiy faoliyat Turkiyadagi nufuzli universitetlardan birining rahbarida ayniqsa katta qiziqish uygʻotdi.
Tomonlar qisqa muloqot chogʻida ikki ilm dargohi oʻrtasidagi hamkorlik rishtalarini yoʻlga qoʻyish istiqbollarini muhokama qildilar.
Maʼlumot oʻrnida: Diyarbakirda joylashgan Dijle universitetiga 1973 yilda asos solingan boʻlib, ayni paytda aniq fanlarga ixtisoslashgan 12 ta kasbiy taʼlim bilim yurti, 4 ta kollej, 1 ta konservatoriya, 4ta ilmiy-tadqiqot va amaliy markazga hamda 30 ta oʻquv-tadqiqot shifoxonasiga ega.
Bugungi kunda mazkur oliy taʼlim muassasasida mavjud 15 ta fakultetda 28 ming nafarga yaqin talabaga 1700 nafar pedagog-xodim tomonidan turk, ingliz, fransuz va nemis tillarida taʼlim beriladi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati