Home / MAQOLALAR / “AL-ASʼILA VA-L-AJVIBA”NING ILMIY TANQIDIY MATNINI TUZISH TAMOYILLARI

“AL-ASʼILA VA-L-AJVIBA”NING ILMIY TANQIDIY MATNINI TUZISH TAMOYILLARI

Jizzaxlik faqih Muhammad ibn Mahmud ibn Husayn ibn Ahmad Majduddin Ustrushaniy XII asr oxiri – XIII asrning birinchi yarmida Ustrushana mintaqasida (hozirgi Jizzax viloyati) yashab ijod qilgan, yuksak ilmiy salohiyati bilan fiqh ilmi rivojiga munosib hissa qoʻshgan allomalardan biridir. Majduddin Ustrushaniyning ilmiy-maʼnaviy merosini “Kitobul fusul”, “Jomeʼ ahkomis sigʻor”, “Kurratul aynayn fi islohid dorayn”, “Al-Fatovo”, “Al-Kurud vad duyun” va “Al-Asʼila val ajviba” kabi fiqhiy asarlari tashkil etadi.

Faqihning “al-Asʼila va-l-ajviba” (“Savollar va javoblar”) deb nomlangan asarida, XII asrning ikkinchi yarmi va XIII asrning boshida Movarounnahrdagi ijtimoiy va iqtisodiy hayot, xalqlarning urf-odatiga oid qimmatli maʼlumotlar uchraydi. Musannif bu asarida XIII asrgacha ijod qilib oʻtgan hanafiy ulamo va faqihlarning turli mavzulardagi fiqhiy savollarga bergan javoblarini arab baʼzan fors tilida naql qiladi. Bu asar soʻralgan masalalar tahorat, namoz, zakot, roʻza, haj kabi ibodatga doir hamda nikoh, taloq, qasam, jinoyat va jazo, tijorat, halol va harom kabi ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-maʼrifiy mavzulardagi savollarga hanafiy mazhabi nuqtai nazaridan berilgan fatvolar majmuidir. Ular islom olamida shuhrat topgan yuzdan ortiq faqih va mujtahidlarning bergan fatvolaridan iborat. Fatvolar yetmishdan ortiq eng mashhur fiqhiy asarlardan saralab olinib, naql qilingan.

“Al-Asʼila va-l-ajviba” asari 637/1240 yil 28 mayda yozib tamomlangan [1:213-214]. Fiqhga oid mazkur asarda XII asrning ikkinchi yarmi va XIII asrning birinchi yarmida Movarounnahrdagi ijtimoiy va iqtisodiy hayot, xalqlarning urf-odatiga oid qimmatli maʼlumotlarni uchratish mumkin. Furuʼ al-fiqhga oid savol-javob tariqasida tuzilgan bu asarning 65% ni arab tilidagi va 35% ni fors tilidagi fatvolar tashkil qiladi.

“Al-Asʼila va-l-ajviba” asariga oʻxshash “savol-javob” tariqasida tuzilgan asarlar hanafiy mazhabi tarixida maʼlum. Ulardan baʼzilarini quyida koʻrsatib oʻtamiz:

Muhammad ibn Sammoa ibn Abdulloh ibn Hilol Tamimiy (102/720-192/808 y.), Hishom ibn Ubaydulloh Mozil (vaf. 201/817 y.), Ibrohim ibn Rustam Abu Bakr Marvaziy (vaf. 211/827 y.), Bishr ibn Valid Kindiy (vaf. 238/862 y.)ning «an-Navodir» asarlari;

Abu-l-Hasan Ali ibn Said Rustugʻfaniy (vaf. 345/957 y.)ning «az-Zavoid Ala-l-favoid fi anvoi-l-Ulum va-l-fatovo» asari;

Abu-l-Lays Nasr ibn Muhammad ibn Ahmad ibn Ibrohim Samarqandiy (301/913-375/985 y.)ning “an-Navozil” asari;

Abu-l-Abbos Ahmad ibn Muhammad ibn Umar Notifiy 446/1055 (vaf. 446/1055 y.)ning «Xizonat al-voqiʼot» asari;

Husayn ibn Ali Abu-l-Qosim Imoduddin Lomishiy )vaf. 522/1128 y.)ning “al-Voqiʼot” asari;

Muhammad ibn Ibrohim ibn Anush Husayri Buxori (vaf. 500/1106 y.)ning «al-Hovi fi-l-fatovo» asari;

Burhonuddin Mahmud ibn Tojiddin Ahmad ibn Abdulaziz ibn Umar ibn Moza Buxoriy (551/1156-616/1220 y.)ning «Zaxirat al-fatovo» asari;

Ahmad ibn Muso ibn iso ibn Maʼmun Ahmad ibn Muso Kashiy (vaf. 550/1155 y.)ning «Majm an-navozil va-l-havodiǒ va-l-voqiʼot» asari;

Imoduddin Abu-l-Hasan Mahmud ibn Ahmad Farobiy (vaf. 609/1212 y.)ning “al-Asʼila al-lomiʼa va-l-ajviba al-jomiʼa” asari.

 “Al-Asʼila va-l-ajviba” asarining OʻzR FA SHIda saqlanayotgan uchta qoʻlyozma nusxasi mavjud.

1) 3109/I raqam ostida [2]. Qoʻlyozmaning umumiy hajmi 222 varaq boʻlib, sharqona uslubda muqovalangan, karton muqova ustiga jigarrang qogʻoz yopishtirilgan. Qogʻoz oʻlchami 26×16 sm. Matn oʻlchami 21×11. Har varaqda 25 satr bor. Qogʻozi sariq rang, qalin sharq qogʻozi. Yozuvi nasx. Varaqlar sharqona uslubda raqamlangan. Poygirlar mavjud. Nusxa Farid ibn Mahmud ibn Muhammadshoh ibn Hasan Jarzuvoni tomonidan 785/1383 yilda koʻchirilgan. Qoʻlyozma vaqf qilingan. Qoʻlyozmaning har bir varagʻiga qoʻyilgan muhr bundan dalolat beradi.

Mazkur yigʻma qoʻlyozma kitobda ikki asar jamlangan:

a) Muhammad ibn Mahmud Ustrushaniyning “al-Asʼila va-l-ajviba” asari. Asar 1b-70a varaqlarda joylashgan.

b) Ahmad ibn Muhammad ibn Abi Bakrning “Xizonat al-fatovo” asari. Asar 71b-221b varaqlarda joylashgan.

2) 6341/III raqam ostida. Yigʻma qoʻlyozmada uchta asar jamlangan boʻlib, umumiy hajmi 296 varaq. Qoʻlyozma sharqona uslubda muqovalangan boʻlib, karton muqova ustiga yashil qogʻoz yopishtirilgan. Muqovada shams va lola medalonlari bor. Qogʻoz oʻlchami 29×15 sm. Matn oʻlchami 22x11sm. Har bir varaq 27 satrdan iborat. Qogʻozi sariq rangli, qalin sharq qogʻozi. Xati – nasx. Varaqlar sharqona uslubda raqamlangan. Poygirlar mavjud. Koʻchiruvchisi nomaʼlum. Qoʻlyozma 1211/1796 yilda Muhammad Aziz ibn Xudayor tomonidan vaqf qilingan. Qoʻlyozmaning har toʻrt varagʻiga bitta qoʻyilgan muhr bundan dalolat beradi.

Mazkur yigʻma qoʻlyozma tarkibida quyidagi asarlar mavjud:

a) Abu-l-Layǒ Nasr ibn Muhammad ibn Ahmad ibn Ibrohim Samarqandi (301/913 – 375/985 y.)ning «Buston al-orifi asari. Asar 1b-77a varaqlarda joylashgan.

b) Ahmad ibn Muhammad ibn Abu Bakrning “Xizonat al-fatovo” asari. Asar 80a-229b varaqlarda joylashgan.

v) Muhammad ibn Mahmud Ustrushaniyning “al-Asʼila va-l-ajviba” asari. Asar 230a-296b varaqlarda joylashgan. Nuqsonli nusxa: oxiri yoʻq.

3) 2533/III raqam ostida. Mazkur yigʻma qoʻlyozmada beshta asar jamlangan. Qoʻlyozmaning umumiy hajmi 258 varaq. Qoʻlyozma sharqona uslubda muqovalangan, karton muqova ustiga toʻq yashil rang qogʻoz yopishtirilgan. Muqovada romb shaklidagi bitta katta va ikkita kichkina medalonlar bor. Qogʻozi oq rang, qalin Xitoy qogʻozi. Qogʻoz oʻlchami 20×12 sm. matn oʻlchami 15,3×7,3 sm. Har bir varaqda 19 satr bor. Qoʻlyozma Jaloluddin nomli shaxs tomonidan vaqf qilingan. Bu haqda qoʻlyozmadagi har bir asar boshida qoʻyilgan muhr dalolat beradi. Qoʻlyozma 1230/1815 yil 27 sentyabrda Abdulloh Balxiy nomli xattot tomonidan koʻchirib tugatilgan.

Mazkur yigʻma qoʻlyozma tarkibida quyidagi asarlar mavjud:

a) Muhammad Chalabiy Barakiy Rumiyning «Risolat arkon assalot» asari. Asar 1a-19b varaqlarda joylashgan.

b) Abdulxoliq Gʻijduvoniyning «Manoqib xoja Yusuf al-Hamadoniy» asari. Asar 20a-36b varaqlarda joylashgan.

v) Muhammad ibn Mahmud Ustrushaniyning “al-Asʼila va-l-ajviba” asari. Asar 38b-158b varaqlarda joylashgan. Bu qism maʼlum kodikologik xususiyatlarga ega: Siyohi qora, “soʻradi”, “javob berdi”, “dedi” va baʼzi bir soʻzlar ustiga qizil chiziq tortilgan. Masalalar nomi ham qizil siyoh bilan yozilgan.

g) «Muntaxab katoib aʼlom al-axyor min fuqahoi mazhab an-Nuʼmon al-muxtor» asari. Bu asar Mahmud ibn Sulaymon Kafavi (vaf. 990/1582-83 y.)ning «Katoib aʼlom al-axyor min fuqahoi mazhab an-Nuʼmon al-muxtor» asaridan olinib, (muntaxab) saylanma asarga aylantirilgan. «Muntaxab katoib aʼlom al-axyor min fuqahoi mazhab an-Nuʼmon al-muxtor» asarining muallifi koʻchiruvchi boʻlishi ehtimol. Asar 160a-199a varaqlarda joylashgan.

d) «Muntaxab tabaqot al-hanafiya» asari. Bu asar Abdulqodir ibn Abi-l-Vafo al-Qurashiy (vaf. 775/1373 y.)ning “Tabaqat al-hanafiya” asaridan (muntaxab) olinib, saylanma asarga aylantirilgan. “Muntaxab tabaqot al-hanafiya” asarining muallifi nomaʼlum. Asar 201a-258b varaqlarda joylashgan.

“Al-Asʼila va-l-ajviba” asarining ilmiy-tanqidiy matnini tuzish uchun OʻzR FA SHI.da № 3109/I, 6341/III va 2533/III raqamlari ostida saqlanayotgan nusxalaridan foydalanildi. Foydalanilgan nusxalar matnda shartli ravishda quyidagicha belgilandi:

  1. Qoʻlyozma – 3109/I, Farid ibn Mahmud ibn Muhammadshoh ibn Hasan al-Jarzuvoniy koʻchirgan – (ا).
  2. Qoʻlyozma – 6341/III, Koʻchiruvchisi nomaʼlum – (ب).
  3. Qoʻlyozma – 2533/III, Abdulloh Balxiy koʻchirgan – (ج) .

Ilmiy-tanqidiy matn tuzishda quyidagi tamoyillarga amal qilindi.

– Ilmiy-tanqidiy matnni tuzishda bizga Farid ibn Mahmud ibn Muhammadshoh ibn Hasan Jarzuvoni tomonidan (785/1383) koʻchirilgan (اnusxa asosiy tayanch boʻldi. Tanqidiy matnda bu qoʻlyozmaning hamma xususiyati saqlandi. Matndagi har bir fatvo boshqa ikki qoʻlyozma bilan solishtirildi, maʼnoga oid farqlar ilmiy apparatda qayd etildi.

– Matnni tayyorlashda klassik arab va fors tillari imlo qoidalariga toʻliq rioya qilindi.

– Biror nusxada fatvoning boshi boʻlib, oxiri boʻlmasa, iqtibosda

…جاءت هذه الفقرة فى (…) محذوفة القسم الاخير وهو: jumlasidan soʻng tushib qolgan qismi toʻliq berildi.

– Nusxalarda jumla orasida tushib qolgan joylar matnda tiklanib, iqtibosda لم توجد فى …  jumlasidan soʻng noqis nusxaning shartli belgisi qoʻyildi.

– Biror nusxada muayyan fatvo toʻlaligicha tushib qolgan boʻlsa, iqtibosda  لم توجد هذه الفقرة فى …  jumlasidan soʻng noqis nusxaning shartli belgisi qoʻyildi.

– Nusxalarda turlicha sinonim soʻzlar qoʻllangan boʻlsa, ular ichidan eng maqbuli matnga kiritilib, qolganlari esa iqtibosda koʻrsatildi.

– Nusxalarda bir jumladagi soʻz turlicha kelgan boʻlsa, ular orasidan jumla maʼnosiga toʻla mos keladigani olinib, xato deb topilgani iqtibosga tushirildi.

– Majduddin Ustrushaniy murojaat qilgan faqihning ismini matnda qoraytirib, iqtibosda u haqida toʻliq maʼlumot berildi.

– Majduddin al-Ustrushaniy baʼzan faqihlarning nisbalariga murojaat qilgan, ularni matnda qoraytirib, iqtibosda nisba sohibining toʻliq ismi sharifi berildi.

– Majduddin Ustrushaniy baʼzi joylarda faqihlarning laqablari bilan murojaat qilgan. Berilgan ushbu laqab sohibini aniqlab matnda qoraytirib, iqtibosda esa laqab sohibi haqida toʻliq maʼlumot berildi.

– Majduddin Ustrushaniy baʼzi bir joylarda faqihga murojaat qilayotganda “kitob sohibi” deb murojaat qiladi. Matnda “kitob sohibi” jumlasini qoraytirib, iqtibosda esa faqihning ismi sharifi haqida toʻliq maʼlumot berildi.

– Majduddin al-Ustrushaniy baʼzi bir joylarida faqihning kunyasi bilan murojaat qiladi. Matnda faqih kunyasini qoraytirib, iqtibosda u haqida toʻliq maʼlumotlar berildi.

– Majduddin Ustrushaniy murojaat qilgan baʼzi bir faqihlar bizda mavjud boʻlgan biografik manbalarda topilmadi. Matnda faqih nomi qoraytirilib, iqtibosda لم نعثر على ترجمته فى المصادر التى تحت أيدينا  (Tasarrufimizdagi manbalarda uning tarjimai holi uchramadi) jumlasi bilan izohlandi.

– Majduddin Ustrushaniy Abu Hanifaga arab tilidagi jumlasida murojaat qilganda أبو حنيفة  deb, baʼzi bir fors tilidagi jumlalarda امام اعظم  deb murojaat qiladi. Bu ikki holatda ham matnda iborani qoraytirib, iqtibosda alloma haqida toʻliq maʼlumot berildi.

– Majduddin Ustrushaniy Burhonuddin Margʻinoniyga murojaat qilganda unga شيخ الإسلام برهان الدين  yoki شيخ الإسلام  yoki شيخ الإسلام هذا  deb murojaat qiladi. Matnda shu iboralar qoraytirilib, iqtibosda faqih haqida toʻliq maʼlumot berildi.

– Majduddin Ustrushaniy otasining fikrlariga murojaat qilganda والدى  yoki والدى جلال الدين  iborasini ishlatadi. Matnda mazkur iboralar qoraytirilib, iqtibosda otasi haqida toʻliq maʼlumotlar berildi.

– Majduddin Ustrushaniy baʼzi bir faqihlarning oʻz zamonasida mashhur boʻlgan nomi bilan murojaat qiladi. Matnda faqihning mashhur boʻlgan nomi qoraytirilib, iqtibosda uning asl ism sharifi toʻliq berildi.

– Majduddin Ustrushaniy murojaat qilgan manbalar matnda qoraytirilib, iqtibosda esa asar muallifi va kitob haqida qisqacha maʼlumot berildi.

– Majduddin Ustrushaniy murojaat qilgan Qurʼon oyatlari matnda qavs ichida yozilib, qoraytirilib, iqtibosda esa qaysi suraga taalluqli ekani berildi.

– Majduddin Ustrushaniy murojaat qilgan hadislar matnda qoʻshtirnoq ichiga olinib, iqtibosda ular olingan hadis manbalari koʻrsatildi.

– Majduddin Ustrushaniy murojaat qilgan baʼzi bir hadislar tasarrufimizdagi hadis manbalarida uchramadi. Hadisni matnda qoraytirib, qoʻshtirnoq ichida berildi.

Iqtibosda esa: لم نعثر على هذا الحديث فى المصادر التى تحت أيدينا.  (tasarrufimizdagi manbalarda bu hadisni uchratmadik) jumlasi bilan izohlandi.

– Asarda tushunilishi qiyin boʻlgan arablarning qadimiy soʻzlariga iqtibosda manbalar asosida izohlar berildi.

– Asarda qadimiy fors tilidagi soʻzlarga ilmiy adabiyotlardan foydalanib izohlar berildi.

– Asarda shunday fatvolar ham uchradiki, nusxalardagi javoblar bir-biriga zid. Masalan:(ب)  va (ج) nusxalaridaبنوشم  desa, (ا) nusxasida esaننوشم  tarzida berilgan. Yoki,(ج)  nusxasidaيصح tarzida yozilgan boʻlsa(ا)  va (ب) nusxalaridaلا يصح tarzida berilgan. Yoki,(ج) nusxasida موته tarzida yozilgan boʻlsa,(ا)  va(ب)  nusxalaridaحيوته tarzida berilgan. Shunday holatlarda asosiy matnga ikki nusxadagi javob olinib, qolganlari iqtibosga tushirildi.

– Biror nusxadagi qogʻoz teshilishi oqibatida yoʻq boʻlib ketgan jumlalar yordamchi nusxalar asosida matnda tiklandi. Iqtibosda jumlalar toʻliq berilib, …هذا الموضع من المخطوطة ساقط بسبب اندراسه واختراقه فى  jumlasidan soʻng noqis nusxaning shartli belgisi qoʻyildi.

– Masalalar matnda katta shriftda yozilib, qoraytirilib, iqtibosda esa ushbu masalaning lugʻaviy, istilohiy va fiqhiy maʼnolari ilmiy adabiyotlardan foydalangan holda berildi.

– Har bir fatvo boshidagiسئل  yokiقال وكتبت  yokiأجوبة  yokiقلت وذكر kabi soʻzlar qoraytirilib, yangi qatordan xat boshi qilib yozildi.

– Matn tuzishda jumla tuzish imloviy qoidalarigi toʻliq amal qilindi. Yaʼni matnda undov, soʻroq, ikki nuqta, vergul va nuqta kabilar qoʻyildi.

Shuningdek, ilmiy-tanqidiy matn boshida Majduddin Muhammad ibn Mahmud Ustrushaniy va uning ilmiy merosi, faoliyati, matn tuzish tamoyillari va asarning qoʻlyozma nusxalari haqida toʻliq maʼlumot berildi. Asosiy matn tugaganidan soʻng, oʻrta asr arab manbalari asosida alloma tugʻilgan Ustrushana mintaqasining tarixiy-geografik joylashuvi, uning shahar va qishloqlari va u yerdan yetishib chiqqan olimlar haqida maʼlumotlar berildi. Bundan tashqari besh xil fihrist tuzildi. Tadqiqot doirasida mazkur asarning ilmiy-tanqidiy matni chop qilindi [3:370].

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:

  1. SVR. J. IV.
  2. OʻzR FA SHI.da Ustrushaniyning № 3109/I. raqam ostida saqlanayotgan “al-Asʼila va-l-ajviba” nomli asarini SVR. IV jild 213-214-betlarida Ustrushaniyning islom huquqshunosligiga doir “Majmuʼu-l-fatovo” asari deb, shuningdek, OʻzR FA SHI katalogining kartotekasida esa “Kitob al-fusul” deb notoʻgʻri tavsiflangan.
  3. Ustrushaniy Abu-l-Fath Muhammad ibn Mahmud ibn Husayn. Al-Asʼila va-l-ajviba. Muhaqqiq Muslim Rizqi Ato. – T.: Movarounnahr nashriyoti, 2017.
Muslim ATAYEV
tarix fanlar nomzodi,
Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi doktaranti

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …