Home / MAQOLALAR / “Sahihul Buxoriy” va “Sunani Termiziy” oʻrtasidagi farqlar

“Sahihul Buxoriy” va “Sunani Termiziy” oʻrtasidagi farqlar

IX asr hadis ilmi rivojida oltin davr hisoblanadi. Bu davrda Imom Buxoriy, Imom Muslim, Imom Dorimiy, Imom Abu Dovud, Ahmad ibn Hanbal va Abd ibn Humayd Keshiy kabi muhaddis allomalar faoliyat yuritgan. Ular boshlab bergan xayrli ishlarni Imom Termiziy ham chuqur masʼuliyat va katta ishtiyoq bilan davom ettirgan.

Hadis ilmini egallash va takomillashtirishda Imom Termiziy oʻz davrining koʻpgina mashhur muhaddislaridan tahsil oldi. Uning ustozlari qatorida Imom Buxoriy, Imom Muslim, Abu Dovud, Qutayba ibn Said, Isʼhoq ibn Muso, Mahmud ibn Gʻiylon, Said ibn Abdurrahmon, Muhammad ibn Bashshor, Ali ibn Hajar Marvaziy, Ahmad ibn Muniyʼ, Muhammad ibn Musanno, Sufyon ibn Vaqiʼ va yana bir qator taniqli muhaddislarni koʻrsatish mumkin[1].

Muhammad Habibulloh Muxtor, Imom Termiziyning ustoz-shayxlarining soni 221 ga yetganini aytadi. Bularning 9 nafaridan “Sihohi sitta” (“Olti eng ishonchli hadislar toʻplami”)ning mualliflari hadis rivoyat qilgan. Imom Termiziy 19 ustoz-shayxdan hadis rivoyat qilib, bu borada Imom Buxoriy va Imom Muslimga sherik boʻlgan. 28 ustoz-shayxdan hadis rivoyat qilib, Imom Buxoriyga, 41 nafar ustoz-shayxdan hadis rivoyat qilib, Imom Muslimga sheriklik qilgan. 42 nafar ustoz-shayxdan hadis rivoyat qilish bilan qolgan beshta eng ishonchli hadis toʻplami muallifidan ajralib turgan[2].

Imom Termiziy xorijiy mamlakatlarga safari chogʻida hadislar toʻplash bilan birga, kitob yozishga ham kirishgan. Safardan qaytgach, olimlar bilan ilmiy munozaralarda qatnashgan, xususan, mashhur muhaddis alloma Imom Buxoriy bilan birga koʻplab ilmiy bahslarga borgan va undan koʻp ilmni oʻrgangan.

IX asrda Nishopur musulmon olamidagi eng yirik ilmiy markazlardan biri boʻlib, u yerda ilm-fan, ayniqsa, hadis ilmi yuqori darajada rivojlangan. Bu shaharda koʻplab mashhur olimlar toʻplanib, oʻzaro ilmiy munozaralar va bahslar oʻtkazgan. Bular qatoridan Imom Buxoriy, Imom Muslim ibn Hajjoj, Imom Termiziy va boshqa muhaddislar ham oʻrin olgan.

863-868 (250-255) yillar oraligʻida Nishopurda Imom Buxoriy va Imom Termiziy oʻrtasida koʻpdan-koʻp ilmiy munozaralar va samimiy doʻstona uchrashuvlar boʻlib oʻgan[3]. Imom Buxoriy mashhur boʻlgan paytda, yoshi qirqdan oshgan va turli mamlakatlar olimlaridan taʼlim olgan Imom Termiziy ham yetuk olim darajasida tanilgan boʻlgan. Shu sababli ham Imom Buxoriy bilan turli masalalarda ilmiy bahslar olib borgan edi.

Imom Termiziy kuchli xotirasi bilan oʻz davrining olimlaridan ajralib turgan. Oʻtkir zehni va quvvai-hofizasi bilan ustozi Imom Buxoriydan qolishmagan. Hifzda (yodlashda) u haqida masallar keltirilgan[4]. Imom Termiziy hadis ilmida iqtido qilinadigan buyuk olimlardan biridir[5].

Imom Buxoriy ham shogirdi Abu Iso Termiziyga yuqori baho berib: “Sen mendan foydalanganingdan koʻra men sendan koʻproq foydalandim”[6], deb taʼkidlagan. Imom Termiziyga bunday yuksak baho berishi uning qanchalik darajada ilmga ega ekanini koʻrsatadi.

Imom Termiziy ustozidan faqat hadis ilmidan saboq olmagan, balki fiqhni ham oʻzlashtirgan. Bu haqda Shamsiddin Zahabiy (1274–1348) “Tazkirat huffoz” asarida: “Hadisda Buxoriydan fiqh oʻrgangan”, degan.

Imom Termiziy ustozi va safdoshi Imom Buxoriyni butun umri davomida hurmatlab, unga samimiy sadoqatda boʻlgan.

Hofiz Umar ibn Allak bunday yozadi: “(Imom) Buxoriy vafot etar ekan, oʻzidan keyin Xurosonda ilm, xotira, taqvo va zohidlik borasida Abu Isoga oʻxshagan biror kishini qoldirmadi. U (Buxoriyning vafotidan qaygʻuga botib,) shu darajada qattiq yigʻladiki, hatto koʻzlari koʻr boʻlib qolib, bir necha yil shu holida yashadi”[7].

Hadislar islomning ikkinchi asosiy manbasidir. Bu borada koʻp tadqiqotlar olib borilgan va kitoblar yozilgan. Bu kitoblar orasida ishonchli hadislar manbasi sifatida “Kutubi sitta” hadis toʻplami keltiriladi.

Barcha hadis kitoblaridagi hadislar sahihlik jihatidan bir-biridan ajralib turadi. “Sahihul Buxoriy” va “Sunani Termiziy”dagi hamma hadislar sahihlik jihatidan bir-biriga teng boʻlmaganidek, bir-biridan farq ham qiladi.

Imom Buxoriy, Imom Muslim va Imom Termiziyning asarlari barcha mavzularga oid hadislarni qamrab olgani sababli “Jomeʼ” turkumiga kirsa, Abu Dovud, Imom Nasoiy va Ibn Mojaning asarlari, asosan, fiqhiy mavzularga oid ahkom hadislarni qamrab olgani sababli “Sunan” turkumidagi kitoblar qatoriga kiradi.

“Sunani Termiziy”, “Kitabul ilal”dagi hadislarni hisobga olmaganda 3956 ta hadisni tashkil qiladi. “Sunani Termiziy” tarkibiy jihatdan boblarga boʻlingan boʻlib, boblar sarlavha tarzida boʻlingan. Bobga doir hadislar boʻlim mazmunini toʻla-toʻkis ifodalagan. Bu bobga doir masalada muallif bir qancha hadis va undan keyin roviylar nomlarini keltirgan, soʻng bu masala yuzasidan boshqa ulamo va faqihlarning fiqh masalalariga oid fikr va farqlarini tartib bilan yozgan. Rivoyat qilingan hadisning sahih, hasan yoki zaiflik darajasiga oʻz munosabatini bildirib, hadis roviylari, sanadlar va sanadni qamrab olgan illatlar xususida oʻz fikrini bildirib oʻtgan.

“Sahihul Buxoriy” asari takror hadislar bilan birga 97 kitob, 7375 hadisdan iborat. Takrorlanmagan hadislar soni 4000 ga yetadi. “Sunani Termiziy” asari, Ahmad Muhammad Shokir tahqiqiga koʻra, 46 ta boʻlim (bob) 2496 ta bob, 3956 ta hadisdan iborat.

Imom Buxoriy (vaf. 256/870) bob nomlarida birinchi navbatda oyatlarga, soʻngra marfu hadislarga joy ajratsa[8], Termiziy asosan bob nomlarida shu bobda kelgan hadislardagi mavzuni anglatgan kalit soʻzlarni ishlatishni maʼqul koʻrgan.

“Sunani Termiziy”da taqtiʼ[9] jarayoni va takrorlar kamligi uni “Jomeʼ as-Sahih”dan ajratib turadi. “Sahihul Buxoriy”da takrorlangan hadislar soni “Sunani Termiziy”dagiga qaraganda koʻproq.

“Sahihul Buxoriy” asarida faqat sahih hadislar, “Sunani Termiziy”da esa sahih hadislar bilan birga hasan va zaif hadislar ham kelgan.

Imom Buxoriy takrorlangan hadislarni turli sanadlar bilan berish prinsipini qabul qilgan. Imom Termiziy hadis matnini keltirganidan keyin turuqlar orasiga tahvil (ح) belgisini qoʻygan[10]. Bundan tashqari, agar mavzu haqida bir xil yoki shunga oʻxshash rivoyatlar boʻlsa, sahobalarning ismlarini zikr qilgan.

“Sunani Termiziy”ning oxiriga “Kitabul ilal” ilova qilingan. “Sahihul Buxoriy”da bunday holat kuzatilmaydi. Lekin Imom Termiziy “Kitabul ilal”ni yozishda Imom Buxoriyning asarlaridan foydalangani haqida bunday yozadi: “Hadislar, roviylar, ularning tarixdagi illatlarini yozishda Imom Buxoriyning “Kitob at-tarix” asaridan foydalandim, yana koʻprogʻini Muhammad ibn Ismoil Buxoriy bilan qilgan ilmiy munozaralarim paytida olganman. Shuningdek, Abdulloh ibn Abdurrahmon, Abu Zurʼadan ham foydalandim-u lekin baribir koʻprogʻi Muhammad Buxoriydan, kamrogʻi esa Abdulloh bilan Abu Zurʼadandir”[11].

Imom Termiziy vafot etguniga qadar ilm talabida boʻldi. U Imom Buxoriy bilan uchrashgandan soʻng oʻzining eng buyuk asarlari – “Al-jomeʼ”, “Al-ilal al kabir” va “Ash-shamoil”ni yozdi[12].

Umar ibn Allak (vaf. hij.325): “Na Iroqda, na Xurosonda ilal, tarix va isnod sohasida Imom Muhammad ibn Ismoil Buxoriydan koʻra bilimdonroq biror olimni koʻrmadim», deb taʼkidlaydi[13].

“Jomeʼ as-Sahih” asarida asosiy boʻlimlar (boblar) uchun “kitab” (كتاب) atamasi ishlatilsa, “Sunani Termiziy”da asosiy boʻlimlar (boblar) uchun “kitab” (كتاب) atamasi bilan birga “abvab” (ابواب)[14] atamasi ham qoʻllangan.

Imom Termiziy hadislardan keyin roviylar haqida maʼlumot bergan va hadislarning sahihlik holatini bildirgan. Bu masalada faqihlarning qarashlari, ulamo oʻrtasidagi ittifoq yoki ixtiloflarga ishora qilgan. Roviylarning holatini, agar boʻlsa illlatini ham bayon qilgan. Imom Buxoriy esa hadislardan keyin bunday tushuntirishga koʻp oʻrin bermaydi.

Hofiz Hiraviy Ansoriy (vaf. 481 h) bunday degan: “Abu Iso Termiziyning kitobi mening nazdimda Imom Buxoriy va Imom Muslimning kitoblaridan foydaliroqdir. Chunki, Imom Buxoriy va Imom Muslimning kitoblaridan yetuk maʼrifat ahlidan boʻlgan kishilargina foydalana oladi. Hadislariga sharhlar va tushunchalar berib oʻtilgan ushbu kitobdagi foydalardan esa har qanday faqih va har qanday muhaddis foydalana oladi”[15].

Imom Buxoriy va Imom Termiziyning asarlari hech qachon oʻz qimmatini yoʻqotmaydi. Ularda keltirilgan hadisi shariflar katta tarbiyaviy ahamiyatga ega boʻlib, odamlarni halol, adolatli, iymon-eʼtiqodli, diyonatli, pokiza, mehnatsevar, rahm-shafqatli, ota-ona, ayollarga nisbatan hurmat-eʼtiborli boʻlishga chorlaydi.

Olim JOʻRAYEV
Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

[1] Shamsuddin Zahabiy. Siyaru aʼlamin nubala. – Bayrut, Muassasatur risala, 1993. J. 13. – B. 271.
[2] Akram Ziyo Umariy. Turos at-Termiziy al-ilmiy. Maktaba ad-dar bil Madinat al-munavvara. – B. 12.
[3] Ibn Xallikon, Vafayot al-aʼyon, 3-jild. Bayrut: Dorus sodr, 1971. – B. 407.
[4] Ibn Hajar al-Asqaloniy. Tahziyb at-tahziyb. Dorul fikr, 1984. J. 9. – B. 389; 5.  Shamsuddin Zahabiy. Siyaru aʼlaamin nubala. – Bayrut, Muassasatur risala, 1993. J. 13. – B.273.
[5] Ibn Xallikon, Vafayot al-aʼyon, 4-jild. Bayrut: Dorus sodr, 1971. – B. 278.
[6] Ibn Hajar al-Asqaloniy. Tahziyb at-tahziyb. Dorul fikr, 1984. J. 9. – B. 45; Yusuf ibn Abdurahmon Mizziy. Tahzibul kamol fi asmair rijal. Bayrut: Muassatur risala, 1980. J. 26. – B. 252.
[7] Shamsuddin Zahabiy. Tazkirat al-huffoz. – Bayrut/Liviya. Dor al-kitab al-ilmiyya. 1998. J. 2. – B. 154; Siyaru aʼlaamin nubala. – Bayrut, Muassasatur risala, 1993. J. 13. – B. 273; Nuriddin Itr. ¬ Al-Imom at-Termiziy val muvozanatu bayna jamiʼihi va baynas sahihayn. 1980. – B. 11.
[8] Muhammad ibn Ismoil. Al-Jomiʼ alayhissalom-sahih al-muxtasar. – Qohira: Dorush shaʼb, 1987. J. 1. – B. 8, 22, 46…
[9] Bir nechta mavzuda kelgan hadisning faqat bir qismini bir joyda, boshqa qismini boshqa joyda xuddi shu sanad bilan naql qilish.
[10] Muhammad ibn Iso ibn Savra ibn Muso ibn Dahhak Termiziy. J.1. – B.5, 6, 8, 60, 100, 193, 287, 407..
[11] Ibn Hajar al-Asqaloniy. Tahzib at-tahziyb. Dorul fikr, 1984. J. 9. – B.388; Akram Ziyo Umariy. Turos at-Termiziy al-ʼailmiy. Maktaba ad-daar bil Madiynati al-munavvara. – B.8.
[12] Akram Ziyo Umariy. Turos at-Termiziy al-ʼailmiy. Maktaba ad-daar bil Madiynati al-munavvara. – B.8.
[13] Shamsuddin Zahabiy. Tazkirat al-huffoz. – Bayrut/Liviya. Dor al-kitab al-ilmiyya. 1998. J. 2. – B.154.
[14] Muhammad ibn Iso ibn Savra ibn Muso ibn Dahhak Termiziy. Tahqiq va taʼliq: Ahmad Muhammad Shokir (1-2 juz), Muhammad Fuad Abdul Boqi (3 jild), Ibrohim Atvo Avda (4-5 juz). – Misr: Mustafo al-babi al-halbi, 1975. J.1. – B.5; 278; J.2. – B.314…
[15] Shamsuddin Zahabiy. Siyaru aʼlaamin nubala. – Bayrut, Muassasatur risala, 1993. J. 18. – B. 513; Akram Ziyo Umariy. Turos at-Termiziy al-ʼailmiy. Maktaba ad-daar bil Madiynati al-munavvara. – B. 16.

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …