Home / MAQOLALAR / MUSULMONNING HAYOTIDA SHARMU HAYONING OʻRNI QANDAY BOʻLISHI KЕRAK?

MUSULMONNING HAYOTIDA SHARMU HAYONING OʻRNI QANDAY BOʻLISHI KЕRAK?

Islom dini targʻib qilmagan biron bir yaxshilik va u taqiqlamagan biron bir yomonlik yoʻq. U insonlarni targʻib qilgan va ziddidan qaytargan buyuk xulqlardan biri – bu, sharmu hayodir. U imon daraxtining shoxlaridan biri hamdir. Zotan, Paygʻambar alayhissalom: “Imon yetmish nechtadir shoxdan iborat. Hayo imon shoxlaridan biridir”, deganlar (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati). Binobarin, moʻmin kishi hayo va Allohdan qoʻrqish bilan sifatlanmogʻi, hayo uning axloqi boʻlmogʻi lozim.

 Sharmu hayo inson ichki olamining goʻzalligi va maʼnaviy barkamolligi alomatidir. Hayoli inson odamlar nazarida hurmatli va qadrli shaxs hisoblanadi. Zero, yomon narsalarni koʻrganda, koʻzini yumadi, yaxshi narsalarni koʻrganda esa, qabul qilishga shoshiladi. Birovlarga yomonligi yetishidan, zulm va dushmanlik qilishdan, fisq-fujur va maʼsiyat ishlarga qoʻl urishdan yiroq boʻladi. Odamlar bilan muomala qilayotib ham hayosi bilinib turadi. Hayo libosini kiygan kishi odamlarning olqishiga sazovor boʻladi, ularning qalbi unga moyil boʻlib qoladi, har bir istagiga erishadi. Hayosiz kimsaning chin doʻsti ham boʻlmaydi.

Paygʻambar alayhissalom doʻstini uyatchanligi uchun “Sen juda uyatchan va tortinchoq odamsan-da!” deya koyib turgan bir kishining yonidan oʻtib qoldilar. U bu gapi bilan uyatchanliging senga zarar beradi, demoqchi boʻlgan edi. Shunda Paygʻambar alayissalom unga: “Uni oʻz holiga qoʻy, chunki hayo imondandir”, dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).

U zot alayhissalomning: “Hayo faqat yaxshilik olib keladi” (Muttafaqun alayh), “Hayoning turgan turmushi yaxshilik” (Imom Muslim rivoyati), “Hayo qaysi narsada boʻlsa, uni ziynatlaydi. Hayosizlik qaysi narsada boʻlsa, uni bulgʻaydi” (Imom Buxoriy rivoyati), “Hayo va imon ikkalasi birga yaratilgan. Shunday ekan, ikkisidan biri koʻtarilsa, boshqasi ham koʻtariladi” (Hokim rivoyati), degan hadislari ham naql qilingan.

Bir kuni Paygʻambar alayissalom: “Allohdan haqqoniy hayo qilinglar!” dedilar. Sahobalar: “Ey Allohning Paygʻambari! Shubhasiz, biz Undan hayo qilamiz”, dedi. “Unday emas, Allohdan haqqoniy hayo qilish, boshni va u oʻz ichiga olgan narsalarni (yomonlikdan), qorinni va u oʻz ichiga olgan narsalarni (haromdan) saqlamogʻingizdir. Oʻlim va (qabrda) chirishni yodda tutmogʻingizdir. Kim oxirat diyorini istasa, dunyo ziynatini tark qiladi. Kim ana shunday yoʻl tutsa, batahqiq, Allohdan haqqoniy hayo qilibdi”, dedilar (Hokim rivoyati).

Sharmu hayo borasida aytilgan eng mukammal nasihat Paygʻambar alayhissalomning: “Odamlar paygʻambarlik kalomidan birinchi idrok qilgan narsasi – agar hayo qilmasang, istaganingni qil”dir” (Imom Buxoriy rivoyati), degan hadislari boʻlsa ajab, emas. Mazkur hadis ikki xil maʼnoni ifodalaydi, har ikkisi ham goʻzal va haqiqatdir.

Birinchisi, qilmoqchi boʻlib turgan ishingda hayo qilish lozim va shart boʻlmasa, unga hech qanday monelik yoʻq. Qilayver!

Ikkinchisi, Paygʻambar alayhissalom bu gapni tahdid maʼnosida aytganlar. Yaʼni, agar kimdir nimadir deyishiga eʼtiborsiz boʻlsang, hech kimdan, hatto Allohdan qoʻrqmasang, bilganingni qil. Chunki bu ishing uchun albatta javob berasan! Ehtimol, bu hadis xabar maʼnosida kelgan buyruqdir. U zot alayhissalom goʻyo: “Sharmu hayosi yoʻq kishi istaganini qiladi va Alloh uni albatta jazolaydi”, demoqchilar.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning “Shubhasiz, har bir dinning oʻziga xos xulqi bor. Islomning xulqi hayodir”, degan soʻzlarida ham hayoga qattiq urgʻu berilgan.

Hayo Alloh taoloning ham sifatlaridan biridir. Chin moʻmin banda esa hamisha Parvardigorning sifatlarini oʻzida jo qilishga intiladi. Shuning oʻzi ham hayoning qanchalar ahamiyatli ekanini koʻrsatadi. Bu xususda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Albatta, Rabbingiz taboraka va taolo oʻta hayoli, karamli zotdir. Qoʻllarini Unga koʻtarib duo qilgan bandaning qoʻllarini quruq qaytarishga hayo qiladi”, deganlar (Abu Dovud rivoyati).

Sharmu hayoli bandani Alloh taolo yaxshi koʻradi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Albatta, Alloh azza va jalla bandasiga biror neʼmat bersa, uni bandasida koʻrishni xush koʻradi. U Zot kambagʻallikni va oʻzini kambagʻal qilib koʻrsatganni yomon koʻradi. Qatʼiyat bilan turib oluvchi tilanchidan gʻazab qiladi. U hayoli, iffatli va (odamlardan narsa soʻrashdan) oʻzini tiyuvchi kishini yaxshi koʻradi”, deganlar (Bayhaqiy rivoyati).

Alloh taolo: “Albatta, Siz (Ey Muhammad!) buyuk xulq uzradirsiz” (“Qalam” surasi, 4-oyat), deb maqtagan Paygʻambar alayhissalom barcha axloq-odob masalalarida biz, moʻminlar uchun haqiqiy oʻrnak va namuna boʻlganlar.

Abu Said Xudriy roziyallohu anhu: “Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamning hayolari oʻz chodiri ichidagi bokira qiznikidan koʻra kuchliroq edi. U zot oʻzlari yoqtirmagan biror narsani koʻrib qolsalar, biz buni yuzlaridan darhol fahmlab olar edik”, degan (Muttafaqun alayh).

Odamlar oʻzlari yashab turgan jamiyat orasida ham hayoga juda muhtojdir. Chunki u ularni barcha goʻzal va xayrli ishlarga undaydi, har qanday yomonlikdan qaytaradi. Orasidan sharmu hayo koʻtarilgan jamoat sof insoniy tabiatdan chiqib, hayvontabiat kimsalar guruhiga aylanib qoladi: avrati ochiq-yopiqligiga eʼtibor qilmaydi, erkak erkakligiga, ayol ayolligiga zid boʻlgan ishlarni qilishdan tap tortmaydi, madaniyatsizlikni ommaviy madaniyat, inson erkinligi shiori ostida himoya va targʻib qilishga oʻtadi.

Hayoning eng ulugʻi, sharaflisi va yuksagi Alloh taolodan hayo qilishdir. Chunki moʻmin banda Alloh uni koʻrib turganini his qilib, Undan hayo qiladi. “Alloh uni koʻrib turishini bilmasmi?” (“Alaq” surasi, 14-oyat), “Va bilingki, Alloh ichingizdagini albatta biladi. Bas, Undan ogoh boʻling” (“Baqara” surasi, 235-oyat) va “Albatta, insonni Biz yaratganmiz va uning nafsi nimani vasvasa qilishini ham bilurmiz” (“Qof” surasi, 16-oyat) kabi oyatlarni xotiriga keltirgan kishi oʻy-xayollarini, tasarrufi va tasavvurini nazorat qilishga oʻtadi. Son-sanoqsiz neʼmatlar bilan siylab qoʻygan Parvardigorining ulugʻligini, fazlu marhamatini koʻz oldiga keltiradi. Oʻziga yaxshilik qilgan insonga u yomon koʻradigan ish yoki xulq bilan roʻbaroʻ boʻlishni istamaydigan inson qanday qilib Alloh taolodan hayo qilmasligi mumkin, axir?!

Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu odamlarga xutba qilayotib: “Ey musulmonlar! Allohdan hayo qilinglar. Jonim qoʻlida boʻlgan Zotga qasamki, hojatga borayotgan vaqtim Rabbim azza va jalladan hayo qilib, kiyimlarimga oʻranib olaman”, degan (Ibn Abu Dunyo rivoyati).

Oisha roziyallohu anho: “Goʻzal axloqlarning toji hayodir”, deb aytadi (Ibn Abu Dunyo rivoyati).

Umar ibn Xattob roziyallohu anhu: “Hayosi komil boʻlmagan kishi taqvoda ham komil boʻlmaydi. Taqvoda komil boʻlmagan kishining qalbi oʻladi”, degan (Ibn abu Dunyo rivoyati).

Zayd ibn Sobit roziyallohu anhu: “Odamlardan hayo qilmagan kishi Allohdan ham hayo qilmaydi”, deb aytadi (Muhammad ibn Hibbon rivoyati).

Hasan Basriy rahimahulloh: “Hayoli va saxovatli boʻlmoq yaxshi xislatlardan ikkitasidir. Ular qaysi bir bandada topilsa, Alloh azza va jalla uning darajasini koʻtaradi”, degan (Ibn Abu Dunyo rivoyati).

Umar ibn Abdulaziz rahimahulloh: “Hayo dinning hammasidir”, deb aytadi (Ibn Abu Dunyo rivoyati).

Xulosa oʻrnida aytadigan boʻlsak, hayo azal-azaldan xalqimiz maʼnaviyatining oʻziga xos koʻzgusi boʻlib kelgan. Sharq ayoli oʻzining iffati, sharmu hayosi bilan dunyo ayollariga oʻrnak boʻlgan. Erlar esa or-nomusi, mardligi va kuchli hamiyati bilan ajralib turgan. Shuning uchun ham Gʻarb yozuvchilari oʻz asarlarida Sharq madaniyatini doim havas bilan tilga olgan. “Ommaviy madaniyat” nomi ostida keng targʻib qilinayotgan madaniyatsizlik avj olib turgan hozirgi kunda hayo atalmish goʻzal bir xulqni yoshlarimiz ongiga chuqur singdirish bizning masʼuliyatli va doimiy vazifamiz boʻlmogʻi kerak.

Alouddin NЕMATOV,
Imom Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
ilmiy xodimi

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …