Home / MAQOLALAR / NONNI ISROF QILMANG UNING HAM UVOLI BOR

NONNI ISROF QILMANG UNING HAM UVOLI BOR

Koronavirus ofati jahon iqtisodiyotiga katta zarba berib, milliardlab zarar keltirdi. Ayniqsa, dunyoning oziq-ovqat xavfsizligiga jiddiy taʼsir oʻtkazdi. Natijada jahon bozorlarida shafqatsiz raqobat, “savdo urushlari”, qarama-qarshiliklar kuchayib bormoqda.

Xalqaro ekspertlar fikriga koʻra, pan­demiya oqibatida ocharchilikdan qiynalayotgan aholi soni ikki barobar oshib, 1 mil­liard 600 millionga yetdi. Bir qator mamlakatlarda, xususan, Suriya, Afgʻoniston, Iroq, Liviya, Yaman, Sudan, Efiopiya, Ni­geriya kabi davlatlarda oziq-ovqat, non yetishmovchiligi kuzatilmoqda. Oqibatda aholi yegulik izlab har qanday ishga qoʻl urmoqda, yosh goʻdaklar esa axlat qutilarini titkilashga majbur boʻlmoqda.

Shukrki, yurtimizda davlatimizning gʻamxoʻrligi, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan keng koʻlamli chora-tadbirlar tufayli qornimiz toʻq, ustimiz but. Tinch-xotirjam, oʻzimiz ham, farzandlarimiz ham istagan yegulikni tanovul qilyapmiz. Ammo bunday sharoitlarning qadriga yetib, shukrona aytish oʻrniga isrofgarchilikka ham oʻtib ketganimiz achinarlidir.

Yaqinda poytaxtimiz boʻyicha mingta chiqindi shoxobchasining har biridan kuniga oʻrtacha 2-3 kilogrammdan, umumiy hisobda 2 tonnaga yaqin non chiqindiga chiqarib tashlanayotgani haqidagi maʼlumotga koʻzim tushdi. Agar birgina shahrimizda shuncha miqdorda boʻlsa, mamlakatimiz boʻyicha bu raqamning salmogʻi yanada oshishi tayin.

Aslida, qornimiz bir burda nonga toʻyadi. Lekin dasturxonda non boʻlaklari boʻlsa-da, biror kishi kelib oʻtirsa, yana yangisini sindirish odat tusiga kirgan. Xullas, yesak-yemasak, sindiraveramiz. Ovqatlangach esa baʼzan ortgan nonlar tashlab yuboriladi. Restoran, oshxona, toʻyxonalardan ortgan qop-qop non boʻlaklarini koʻring, yuragingiz uvishadi. Chiqindi shoxobchalarida ham axlat va poʻchoqqa aralash tashlanayotgan non qoldiqlarini koʻrib taajjublanasiz, “Buning uvoli tegmasmikin?” deya oʻyga tolasiz.

Atrofimizga nazar tashlasak, nafaqat yoshlar, balki kattalar orasida ham non qadrini unutayotganlar, uni isrof qilayotganlarni uchratamiz. Afsuski, bunday kishilar bugun kimlardir bir burda nonga, hatto ushoqqa zor ekanligini anglamaydi. Ularning nonni qadrlamayotganining sababi dasturxonining toʻkinligi, “Doim shunday hayot kechiraman”, degan ishonchning haddan ziyodaligidir. Bu esa toʻqlikka shoʻxlikdan boshqa narsa emas. Bunday kishilar bir boshoq bugʻdoy non boʻlguncha qanchalar mehnatu zahmat ketganini his qilmaydi. Mayli, non uchun xizmat qilayotganlar meh­natiga haq olar, taqdirlanar, lekin uning qadr-qimmati sizu biz bilan, yaʼni nonni isrof qilmaslikda namoyon boʻladi.

Bugungi kunda yurtimizda har qadamda non doʻkonlari ishlab turibdi. Istalgan vaqtda, hatto tun yarmida ham, novvoyxonalarda obinon, patir non, jizzali non deysizmi, xohlaganimizni saralab yeymiz. Lekin toʻkinlik isrofgarchilik degani emas. Bir-biridan oʻzar toʻylar va turli marosimlarda isrofgarchilikka yoʻl qoʻyilayotganligi, non qadrini his qilmay qoʻyganimiz, eng achinarlisi, farzandlarimiz ham aynan shu yoʻldan ketayotganligi bugungi kunda jamiyatimizning ogʻriqli nuqtalaridan biriga aylanib ulgurdi. Jamiyatimiz qanchalik farovon, dasturxonimiz toʻkin boʻlgan sari, maʼnaviy qashshoqlashib ketmoqdamiz. Farzandlarimizga nima yaxshi-yu, nima yomonligi, uvolu savobning farqini tushuntirishga vaqtimiz yoʻq. Ular esa nonning qadriga yetish, uvol qilmaslik haqida oʻylamay ham qoʻygan.

Uzoqqa bormaylik, mustaqillikning ilk yillarida non qadri qanchalar baland boʻlgani, odamlar soatlab, kunlab nonga, unga navbatda turgani, qishloqlarda aholining boshoq tergani chiqqanlari hali koʻz oʻngimizda turibdi. Ikkinchi jahon urushi davrlarida ham ota-bobolarimiz bir bur­da nonga qanchalar zor boʻlishgan. Otalarimiz, onalarimiz bizni hozirgi farahli kunlarga yetkazish uchun och-nahor ter toʻkib, mehnat qilganlar. Bugungi omon-omon toʻkinlik zamoni ajdodlarimizning orzusi emasmidi?! Ularning duolari, niyatlari amalga oshib, farovon hayot kechiryapmiz. Bunga shukr qilish oʻrniga isrofgarchilikka yoʻl qoʻyishimiz qanchalar toʻgʻri ish?!

Zero, muqaddas dinimizda isrof qattiq qoralangan. Alloh taolo Oʻz kalomida: “Yenglar, ichinglar, ammo isrof qilmanglar. Zero, U isrof qilguvchilarni sevmas”, deb aytgan (Aʼrof su-rasi 31-oyat). Bundan kelib chiqadiki, Alloh bergan neʼmatlarni isrof qilish, ularning qadriga yetmaslik katta gunohdir. Shu bois jonimiz sogʻ, yeyishga bir burda nonimiz bormi, shukrona aytaylik. Chunki bugungi tahlikali zamonda dunyoda millionlab kishilar tinchlikning, nonning naqadar qadrli neʼmat ekanini oʻz koʻzlari bilan, jonlari bilan his etishmoqda.

Hadisi Qudsiyda bu haqda shunday deyiladi: “Ey Odam farzandi! Hamisha ovqatlanishga oʻtirganingda qorni och bechoralar ham esingda boʻlsin. Shunda Allohning bergan neʼmatlariga shukr qilishing osonroq boʻladi”.

Darhaqiqat, hozir dunyoda million-mil­lion odamlar bir burda nonga zor boʻlib yashayapti. Biz shuni oʻylaymizmi? Yoki uyi non va boshqa neʼmatlar bilan toʻkin oiladagi xasta odam bir tishlam nonni chaynab yuta olmaydi. Bunichi, buni koʻz oldimizga keltira olamizmi? Xudo dasturxonimizni toʻkin qildi, neʼmatlarni isteʼmol qilishimiz uchun salomatlik berdi. Bunga shukr qilish oʻrniga bu neʼmatlarni nima uchun isrof qilishimiz kerak?!

Yoshligimizda “Non ushogʻini bosib oʻtsang, koʻr boʻlasan”, deya taʼkidlashardi. Bu gaplarni ota-onamizdan tashqari mahalladagilar ham aytishardi. Koʻchada ushoqni koʻrsak, olib, changini puflab, koʻzga surtib, chetga qoʻyardik. Hozir koʻplab xonadonlarda dasturxondan bir boʻlak non pastga tushib ketsa, olib yeyilmaydi, aksincha, poʻchoqqa yoki axlat chelakka tashlanmoqda. Nonga shu zaylda munosabatda boʻlsak, Xudo koʻrsatmasin, ertaga afsuslanib qolmaylik. Axir “Nimani xor qilsang, shunga zor boʻlasan”, degan hikmat bejiz aytilmagan-ku!

Mamlakatimizda aholining don va gʻallaga, oziq-ovqatga boʻlgan talabini, ehtiyojini qondirish davlatimizning doimiy eʼtiboridagi masala. Shu bois pandemiya va karantin vaqtlarida ham aholining oziq-ovqatga boʻlgan ehtiyoji toʻliq qondirildi. Bir dam uzilish boʻlgani yoʻq. Prezidentimiz ishtirokidagi videoselek­tor yigʻilishlarida ham juda koʻp bor gʻallachilik, meva-sabzavotchilik va chorvachilik tarmoqlarida mahsulot yetishtirish hajmini yanada oshirish vazifalari qoʻyiladi va katta-katta rejalar qilinadi. Bu ishlarni amalga oshirish uchun esa minglab hamyurtlarimiz mehnat qilib, ter toʻkadi. Shunday ekan, qattiq mehnat evaziga yetishtirilayotgan nonning va boshqa nozu neʼmatlarning qadriga yetish, isrofgarchilikka yoʻl qoʻymaslik sizu bizning asosiy vazifamiz boʻlishi zarur.

Ibrohimjon INOMOV,
Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi oʻrinbosari
Manba: Manba: “Xalq soʻzi” gazetasi 2022 yil 18 fevral, № 37 (8099)

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …