Bismillahir Rohmanir Rohiym. Alloh taologa behisob shukrki, yurtimiz taraqqiyotining yangi davrida buyuk mutafakkirlar merosini asrab-avaylash, tadqiq etish va xalqimizga yetkazish ishlari keng jabhada amalga oshirilmoqda.
Ayniqsa, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Burhoniddin Margʻinoniy, Abu Muin Nasafiy va Mahmud Zamaxshariy singari tabarruk zotlarning asarlari nafaqat mintaqamiz, balki butun musulmon dunyosi uchun hidoyat mayogʻidir. Shu bois, ularning ilmiy merosini, qoldirgan bitiklarini oʻrganish va kelajak avlodga yetkazish oldimizda turgan eng muhim vazifalardan sanaladi.
Yangi Oʻzbekistonda koʻp asrlik noyob va nodir asarlarni saqlash, xalqimizning qadimiy tarixi va boy madaniyatini tiklash, benazir zotlarning maʼnaviy merosini asrab-avaylash, hayotga tatbiq etish va ularning mazmun-mohiyatini yosh avlodga yetkazish boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirilayotir.
Hayot davom etar ekan, bu sohada yangi-yangi talablar kun tartibiga qoʻyilishi tabiiy. Shu bois, davlatimiz rahbarining joriy yil 10 fevraldagi “Qadimiy yozma manbalarni saqlash va tadqiq etish tizimini takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori ana shu hayotiy zarurat nuqtai nazaridan qabul qilingan tarixiy, muhim hujjat sanaladi. Ushbu qarorning eʼlon qilinishi maʼrifatli xalqimizni, xususan, din peshvolarini ham cheksiz mamnun etdi. Unda belgilangan vazifalar buyuk ajdodlarimiz asarlarini yanada teran anglab yetishga, yosh avlodning ana shunday hikmatlar asosida kamol topishiga xizmat qiladi. Bu, oʻz navbatida, Uchinchi Renessans poydevorini barpo etish sari tashlangan navbatdagi muhim qadam boʻladi, inshaalloh.
Islom dinida kelajak avlodga ilm-maʼrifat va maʼnaviyat qoldirishning ajri ulugʻ, inson vafotidan keyin ham amal daftariga yozilib turadigan ish sifatida koʻp bor ifodalangan. Hazrati Rasulimiz alayhissalom aytadilar: “Inson dunyodan oʻtganida uning barcha amallari toʻxtaydi, ammo uch amali borki, ular hargiz toʻxtamaydi. Bu amallar— sadaqai joriya, manfaatli ilm hamda solih farzand” (Imom Buxoriy rivoyati).
Sadaqai joriya — insonlar har doim undan manfaat topadigan ish, savobi doimo oqib turuvchi amaldir. Masalan, xalq koriga yaraydigan yoʻl, koʻprik, maktab, shifoxona, masjid, madrasa va turli ilm dargohlarini barpo etish kabilardir. Shu jumladan, nodir qoʻlyozma va toshbosma kitoblarni asrab-avaylash, tadqiq qilish va xalqimizga yetkazish hamda bu jarayonga raqamli texnologiyalarni joriy etish ayni sadaqai joriya hukmida boʻladi.
Bizning zaminda Paygʻambar alayhissalomning amakilari Qusam ibn Abbos kabi koʻplab ulugʻ insonlar abadiy qoʻnim topgan. Qurʼoni karimning eng qadimgi yuzlab nusxalari saqlanib kelinadi, islom sivilizatsiyasiga beqiyos hissa qoʻshgan olimlarning nodir manbalari asrab-avaylanmoqda.
Mazkur qaror shu jihatdan ham yanada muhim ahamiyat kasb etadi. Hukumat tomonidan ajdodlar merosini oʻrganish, ularni keyingi avlodga yetkazish borasida qilinayotgan mazkur amaliy ishlar tahsinga sazovor. Zero, bu diyordan nafaqat islom ilmlari boʻyicha ulamolar, balki aniq va tabiiy fanlar boʻyicha Xorazmiy, Beruniy, Ibn Sino, Mirzo Ulugʻbek va boshqa koʻplab olimlarni sanab oʻtish mumkin.
Oʻzbekiston musulmonlari idorasi kitob fondi ham eng nodir maʼnaviy xazinalardan biri boʻlib, unda 3 ming jild qoʻlyozma, 17 ming jild toshbosma kitoblar mavjud. Eng noyob qoʻlyozmalardan — “Hazrati Usmon Musʼhafi” va “Katta Langar Qurʼoni” qadimiy va tabarruk manbalar hisoblanadi. Yana fondimizda Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Burhoniddin Margʻinoniy, Mahmud Zamaxshariy, Jaloliddin Rumiy, Zahiriddin Muhammad Bobur va boshqa mutafakkirlarning qoʻlyozma asarlari saqlanmoqda.
Taʼkidlash joizki, aholi qoʻlida eʼzozlab saqlanayotgan hamda avloddan-avlodga oʻtib kelayotgan, lekin davlat tomonidan roʻyxatga olinmagan qoʻlyozmalar va qadimiy bosma kitoblar soni biz oʻylagandan-da ziyodadir.
Shu kabi boy merosni oʻrganish va keng yoyish oldimizda turgan dolzarb vazifa. Buni hal etish uchun zamonaviy texnologiyalardan keng foydalanish bugungi kun talabidir. Shu bois, mazkur qarorda bu jarayonga raqamli texnologiyalarni keng joriy qilish, qadimiy yozma manbalarning davlat reyestrini tashkil etish vazifasi belgilangan.
Xususan, qarorda buyuk allomalarning ilmiy merosini aholi, ayniqsa, yoshlar orasida ommalashtirish, ular toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni zamonaviy usullar orqali yetkazish maqsadida Internet tarmogʻida ilmiy-maʼrifiy portal va uning mobil ilovasi ishga tushirilishi belgilandi.
Shu bilan birga, mutafakkirlar hayoti, ilmiy merosi haqidagi maʼlumotlar, ular faoliyatiga oid kitoblarning elektron nusxalari, filmlar hamda yoshlarning intellektual salohiyatini oshirishga xizmat qiladigan boshqa turdagi maʼlumotlar ham mazkur portalga joylashtirilishi uning ahamiyatini yanada oshira oshiradi. Bu esa nafaqat yurtdoshlarimizga, balki butun jahon ommasiga mamlakatimizning boy ilmiy merosi bilan tanishish va ulardan foydalanish imkoniyatini beradi.
Qarordagi yana bir muhim jihat, muzeylar, kutubxonalar, arxiv fondlari va boshqa muassasalarda saqlanayotgan qadimiy yozma manbalarni muhimligiga koʻra, xalqchil tilda bosqichma-bosqich nashr etishning yoʻlga qoʻyilishidir. Noshirlik ishlari jadallashib, muzeylar, kutubxonalar, arxiv fondlarida saqlanayotgan asarlar oddiy tilda chop etilib, aholiga taqdim qilinadi. Bu esa shubhasiz, xalqimizning bilimi yuksalishiga, yoshlarni taʼlim-tarbiyali qilib tarbiyalashga katta hissa qoʻshadi.
Albatta, bu kabi ishlarni malakali mutaxassislarsiz qilib boʻlmaydi. Mazkur qaror bilan kadrlar masalasi ham oʻz yechimini topmoqda. Unga koʻra, 2022-2023 oʻquv yilidan jami 4 ta oliy taʼlim muassasasida “Matnshunoslik va adabiy manbashunoslik” taʼlim yoʻnalishida kadrlar tayyorlash ishlari jadallashtiriladi.
Ushbu hujjatda belgilangan yana bir dolzarb vazifa xorijiy mamlakatlarga ilmiy ekspeditsiyalar uyushtirish orqali aholi va turli fondlarda saqlanayotgan ajdodlarimiz qalamiga mansub qadimiy yozma manbalarning roʻyxatini va elektron nusxalarini aniqlash, yurtimizga olib kelish choralarining koʻrilishidir.
Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, “Oʻzbekistonga oid xorijdagi qoʻlyozma asarlar reyestri”ning birinchi jildida 30 mamlakatning 97 tashkilotida saqlanayotgan Imom Buxoriy, Abu Rayhon Beruniy, Imom Moturidiy, Alisher Navoiy singari 150 dan ortiq alloma va mutafakkirlarga oid qoʻlyozma asarlarning 1001 ta ilmiy tavsifini oʻz ichiga olgan.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ajdodlar merosiga ehtirom koʻrsatishdek ezgu va xayrli ishlar boshlangan ekan, uni qoʻllab-quvvatlash hamda kamarbasta boʻlishimiz zarur. Zero, bunday savobli ishlarning ham ajri cheksiz boʻladi. Qurʼoni karimda “Alloh goʻzal amal qilganlarning ajru mukofotla-rini zoye qilmas”, deb bayon qilingan. “Raʼd” surasining 29-oyatida esa: “Imon keltirib, solih amallarni qilganlar uchun “tubo” (xushnudlik) va goʻzal oqibat (jannat) bordir”, deb marhamat qilingan.
Xalqimiz uchun katta neʼmat boʻlgan ulugʻ alloma va mutafakkirlarning bebaho asarlarini, noyob yozma manbalarni saqlash, oʻrganish hamda kelajak avlodga bezavol yetkazish borasidagi ishlarda Haq taolo ulkan muvaffaqiyatlar ato etsin.