Home / FOTO LAVHALAR / HAMKORLIKKA HUQUQIY ASOS SOLINDI

HAMKORLIKKA HUQUQIY ASOS SOLINDI

Bugun, 11 fevral kuni ZOOM dasturi orqali Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bilan Malayziya Islom ilmiy universiteti (USIM) oʻrtasida oʻzaro hamkorlikka oid anglashuv memorandumini imzolash marosimi boʻlib oʻtdi.

Unda Oʻzbekiston Respublikasining Malayziyadagi elchixonasi vakillari, Malayziya Islom ilmiy universiteti rahbar xodimlari, mazkur universitet qoshidagi Islom fanlari instituti mutasaddilari hamda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi rahbariyati va masʼul xodimlari ishtirok etdi.

  

Tadbir avvalida Oʻzbekiston Respublikasining Malayziyadagi favqulodda va muxtor elchisi Ravshan Usmonov marosim qatnashchilarini tanishtirdi va oʻzaro hamkorlik munosabatlarida muvaffaqiyat tiladi.

Shundan soʻng, har ikki tomon faoliyatiga oid tayyorlangan taqdimot va roliklar namoyish qilindi.

Mazkur ilmiy muassasalar oʻrtasida 2021 yilning noyabr oyida oʻzaro hamkorlik aloqalariga oid videokonferensiya shaklida muloqot oʻtkazilib, unda hamkorlik yoʻnalishlari muhokama qilingan, muloqot yakunlariga koʻra memorandum loyihasini tayyorlash va imzolash boʻyicha muzokaralarni davom ettirish yuzasidan kelishuvga erishilgan edi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Shovosil Ziyodov oʻz nutqida mazkur muzokaralar oʻtgan davr davomida ekcpertlar darajasida davom ettirilgani va hamkorlikka oid muhim yoʻnalishlar belgilab olinganini mamnuniyat bilan taʼkidladi.

  

Malayziya islom ilmiy universiteti prorektori, faxriy professor, doktor Mohamed Ridza Vahiddin esa ajdodlarning buyuk ilmiy merosini oʻrganish, tadqiq etish va keng targʻib qilishda hamjihat faoliyatga ehtiyoj mavjudligini alohida qayd etdi va mustahkamlanayotgan hamkorlik rishtalari allomalarning dunyo ahamiyatiga molik asarlari tub mohiyatini ochib, ularning hali oʻrganilmagan qirralarini namoyon etishga munosib zamin hozirlashiga ishonch bildirdi.

Tomonlar islom sivilizatsiyasining boy merosini oʻrganish, bagʻrikenglik madaniyatini va islom dinining insonparvarlik mohiyatini keng targʻib etish borasidagi hamkorlikni rivojlantirishga kelishib oldilar.

Marosim doirasida boʻlib oʻtgan konstruktiv muloqotdan soʻng, oʻzaro hamkorlikka oid ikki tomonlama Anglashuv memorandumi imzolandi.

  

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Magʻrur hilpirayver, yurtim bayrogʻi!

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida 18-noyabr kuni xodimlar ishtirokida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi qabul qilinganiga …