Home / FOTO LAVHALAR / TURKIY XALQLAR ILM-FANI VA ADABIYOTINING BUYUK NAMOYANDALARI

TURKIY XALQLAR ILM-FANI VA ADABIYOTINING BUYUK NAMOYANDALARI

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida turkiy xalqlar ilm-fani va adabiyotining buyuk namoyandalari – Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludiga bagʻishlangan maʼnaviy-maʼrifiy tadbir boʻlib oʻtdi. Unda Markaz ilmiy xodimlari, Hadis ilmi maktabi oʻqituvchi va talabalari, Samarqand davlat universitetining navoiyshunos va boburshunos olimlari ishtirok etdi.

Tadbirni Markaz direktorining  oʻrinbosari O.Muhammadiyev ochib, soʻnggi yillarda yurtimizda ulugʻ alloma va mutafakkir ajdodlarimiz xotirasini abadiylashtirish, ilmiy-maʼnaviy merosini oʻrganish, xususan, Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur asarlarini chuqur tadqiq etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, davlat tomonidan olimlar va yosh tadqiqotchilarga qaratilayotgan eʼtibor xususida soʻzladi.

– Alisher Navoiyning bebaho ijodiy-maʼnaviy va ilmiy merosi butun jahonda yuksak qadrlanadi. Hazratning asarlari milliy maʼnaviyatimiz va madaniyatimizni yuksaltirishda, oʻzimizga xos sharqona tafakkurni rivojlantirishda alohida oʻrin tutadi. Alisher Navoiy ijodini ulkan bir daryo deb faraz qilsak, bugungi bilganlarimiz, navoiyshunos olimlarning tadqiqotlari shu daryoning bir oʻzanlaridir, – dedi tadbirda soʻz olgan Hadis ilmi maktabi rektori O.Yusupov.

Turli obyektiv tarixiy sabab va omillar tufayli Navoiy va Bobur asarlarining aksar qismi yaqin yillargacha chuqur oʻrganilmay kelgani, bugungi kunda mamlakatimiz rahbari tomonidan ushbu ulkan maʼnaviy merosni xalqaro miqyosda tadqiq va targʻib etish, keng jamoatchilikka yetkazish boʻyicha tizimli ishlar olib borilayotgani, bu yoʻnalishda hukumatning alohida qarorlari qabul qilinayotgani taʼkidlandi.

Tadbirda Samarqand davlat universiteti olimlari Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur asarlarida komil inson gʻoyasi, davlat, jamiyat va shaxs munosabatlari, ilm-maʼrifat, Vatanga muhabbat, ota-onaga hurmat, xayr-saxovat va ezgulik kabi oʻlmas qadriyatlarning yoritilishi haqida maʼruzalar qildi. Navoiy va Bobur ijodidan gʻazallar oʻqildi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Markazda badiiy film suratga olinmoqda

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida indoneziyalik bir guruh kinoijodkorlar tomonidan “Hijrat orzusi” nomli badiiy filmning …