Oʻzining johilona fatvolari bilan mashhur boʻlgan A.Zufar yana bir gʻaroib chiqish qildi. Goʻyo Sof Islom taʼlimotlarini hech qanaqasiga rasmiy olimlar va muassasalardan olib boʻlmaydi. Haqiqiy islom taʼlimotlarini faqat va faqat norasmiy domlalardan topish mumkin, degan fikrni olgʻa surdi. Oʻzining gaplariga Imom Mahdiy haqidagi hadislardan ishoralar topib, dalil qilgan.
Lekin haqiqat va voqeʼlik shuki barcha zamonlarda ham, Islom taʼlimotlari barcha musulmonlar tan olgan, sevib qabul qilingan olimlardan qabul qilinadi. Masalan, Islomni yetkazuvchi birinchi muallim Paygʻambarimiz alayhissalom boʻlganlar, soʻngra esa sahobalar kelishdi. Sahobalar davrida toʻrt xalifa Islomni xalqqa yetkazishda jonbozlik koʻrsatib, olimlarga rahbar boʻlib turishdi. Paygʻambarimiz alayhissalom va toʻrt xalifa ayni rasmiy davlat boshliqlari edilar. Keyin tobeʼinlar ichidagi olimlari, muftiylari din hukmlarini xalqqa yetkazganlar. Keyin mujtahidlar davrida saralanib, saralanib oxirida toʻrt fiqhiy mazhabni Islom ummati qabul qildi, ulardan Islom dinining hukmlarini qabul qilib oldi. Mazhablar bayon qilgan hukmlar tarqalishida esa rasmiy qozilarning hissasi katta boʻlgan. Masalan, Imom Abu Yusuf Abu Hanifaning atoqli shogirdi, buyuk faqih va mujtahid, Abbosiylar davlati (Mahdiy, Hodiy va Rashid davrlari)ning eng katta qozisi edi. Ularning har biri, ayniqsa, Horunur-Rashid uni eʼzozlab, katta hurmat koʻrsatardi. Imom Abu Yusuf hanafiy mazhabi masalalari tarqalishiga katta hissa qoʻshgan.
Eng muhim joyi, bizgacha Islom dinini yetib kelishida minglab olimu fuzalolarning hissasi bor. Toʻgʻri ularning ichida rasmiy lavozimlisi ham, lavozimga ega boʻlmaganlari ham bor, lekin ularning hammasi Ahli sunnaga tegishli olimlar boʻlgan. Hozir ham haqiqiy Islom dinini keyinga avlodga oʻrgatayotganlar turli maqom va martabalarda boʻlsalarda Ahli sunna olimlaridir. Ular ichida rasmiy lavozimlar va rasmiy taʼlim muassasalarida xizmat qiluvchilari koʻpchilikni tashkil etadi. Vahhobiylik, salafiylik va takfirchi jamoalari esa bu roʻyxatdan tashqarida. Toʻgʻri ular ham nimalarnidir oʻrgatishmoqda, lekin asos toʻgʻri boʻlmagandan keyin, oʻrgatgan narsalari dinda gʻuluvga ketishga, musulmonlarni takfir qilib, qonini halol sanab, urush qilishga, Islom ummati oʻrtasiga fitna solishga sabab boʻlmoqda. Eʼtibor qiling, qayerda ixtilof boʻlsa, oʻsha yerda salafiylar bir tomonda turgan boʻladi.
A.Zufar keltirgan Imom Mahdiy hadisi u va unga oʻxshagan berkinib olib, turli botil fatvolarni berib kelayotganlarni oqlamaydi ham, ularga dalil ham boʻlmaydi. Imom Mahdiyning norasmiy kishi boʻlishi hech qachon ularning botil fatvolariyu eʼtiqodlarini toʻgʻri qilib qoʻymaydi. U goʻyo oʻzini Imom Mahdiyga oʻxshatmoqchi boʻlganidek. Aslida ular oʻrtasida yer bilan osmoncha farq bor.
Endi sof Islomni tarqatishni daʼvo qilayotgan norasmiy A.Zufarni oʻziga toʻxtalamiz. Unda oʻtgan ulamolarni sifati bormi?!
Birinchidan, uning ustozlari nomaʼlum. Maʼlum qilganda ham salafiylardan ekani aniq. Yuqorida aytilgani kabi dinni ustoziyu, eʼtiqodi nomaʼlum yoki salafiy ekani aniq boʻlgan kishilardan ololmaymiz. Chunki bu oqim 18 asrdan buyogʻiga bosh koʻtarib chiqqan.
Ikkinchidan, u va uning nomaʼlum norasmiy ustozlari hozirgacha sof islom deb nimani oʻrgatishdi?! Ularning tutgan yoʻli:
1. Kofir va mushriklar haqida nozil boʻlgan oyati karimalarni moʻminlarga tatbiq qiladilar.
Natijada oʻzidan boshqa koʻpchilikni kofir yo munofiqqa chiqaradi. Axir moʻminni kofir degan odam oʻzi kofir boʻladiku!
2. Bir odamni moʻminligiga dalil soʻrash uchun Alloh qayerda, deb savol beradi.
Abdullo Zufar va uni norasmiy domlalari Alloh taologa jism makon isbot qilib, haqiqatda Alloh arshda oʻtiradi, dunyo osmoniga tushadi deb, mujassima toifasining kufriy eʼtiqodini oʻziga oladi.
3. Paygʻambarimiz alayhissalomning qabrilarini ziyorat qilishda foyda yoʻq degan botil fatvoni tarqatishadi.
4. Goʻyo sof islomni oʻrgatayotgan u va norasmiy ustozlari faqat musulmonlar diyoriga urush qilib, odam oʻldirib, oʻzlari Angliya, Amerika, Rossiyaga oʻxshash davlatlarga berkinib, ulardan qurol olib, musulmonlarni oʻldirishga fatvo berishmoqda.
5. Ota onang dunyoga kelishingga sababchi xolos, boshqa hech kim emas deb oʻrgatadilar. A.Zufar hijrat va jihod uchun ota-onani aldash ham joiz degan gaplarni ham gapirdi. Vaholanki, ota-ona rozi boʻlmasa, farzand bu ishlarga chiqa olmaydi.
6. Sof islom shaytonni shoxi oʻsha joydan chiqadi, deya bashorat berilgan Abdulvahhob Najdiyning yoʻlimi yoki shu sanalgan botil ishlar sof Islomni oʻrgatish deb ataladimi?!
Islom ummati hech qachon zalolat ustida jam boʻlmaydi. Ummatning A.Zufarga ham, unga oʻxshagan norasmiy ustozlariga ham ehtiyoji yoʻq. Kerak boʻlsa 18 asrda chiqqan ularning rahnamolaridan avval ham Islom bor edi, bundan keyin ham boʻladi. Oʻzlarining buzuq tushunchalarini sof islom qilib koʻrsatadigan shaxslarning bizga keragi yoʻq.
Tavfiq Allohdan.