Home / ALLOMALAR / IMOM MOTURIDIY ILMIY FAOLIYATINING ISLOM ILM-FANIDA TUTGAN OʻRNI

IMOM MOTURIDIY ILMIY FAOLIYATINING ISLOM ILM-FANIDA TUTGAN OʻRNI

Islom olamida katta nufuzga ega boʻlgan imom, faqih, kalom ilmining moturidiylik aqidaviy mazhabi asoschisi Abu Mansur Muhammad ibn Muhammad ibn Mahmud Hanafiy Moturidiy Samarqandiy boʻlib, u Samarqandning Moturid qishlogʻida tavallud topgan.

  Tugʻilgan yillari haqida tarixiy manbalarda qatʼiy maʼlumot yoʻq, lekin taqribiy yoki taxminiy sanalar berilgan. Masalan, uning abbosiy xalifalardan Mutavakkil (232/847-247/861 y.) davrida yashaganlari aniq. Yana, Muhammad ibn Muqotil Roziy (vaf. 248/862) va Nasir ibn Yahyo Balxiy (vaf. 268/882 y.) kabi ustozlaridan saboq olganliklarini nazarda tutilsa, Shayxning tugʻilgan yilini 238 hijriy yil deb taxmin qilish mumkin. Lekin boshqa manbada, aniqrogʻi “Islom” qomusida tugʻilgan yillari 870 milodiy yil deb koʻrsatilgan. Shunga asosan 2000 yilda tavalludlarining 1130 yilligi nishonlandi. Bu hisobga koʻra, Shayxning tavalludlari 257/871 yilga toʻgʻri keladi [6: 2].

  Baʼzi tarixchilar Imom Moturidiyning nasabini sahobiy Abu Ayyub Ansoriy roziyallohu anhuga borib taqalishini keltiradilar. Shu sababli unga “Ansoriy” nisbatini ham beradilar.

  Abu Mansur Moturidiy oʻzining yuksak ilmiy faoliyati bilan butun Islom dunyosida alohida eʼtiborga sazovordir. U butun umri davomida islomning asl mohiyatini hamda uning oʻzgarmas aqidaviy taʼlimotini buzgʻunchi firqalarning har xil botil gʻoyalari va daʼvolaridan himoya qilib keldi. Shu sababli u qoldirgan katta ilmiy meros islom ilm-fanida yuksak ahamiyatga erishdi va hozirgi kunda ham u asos solib ketgan Moturidiya aqidaviy mazhabi Ahli sunna va jamoa yoʻnalishidagi asosiy mazhab boʻlib kelmoqda.

  “Miftahus saodat va misbahus siyodat” kitobining muallifi Toshkoʻprizoda u haqida shunday deydi: “… Ahli sunna va jamoaning raisi ikki kishidir. Ulardan biri hanafiy, ikkinchisi shofiʼiy. Hanafiysi ‒ Abu Mansur Muhammad ibn Muhammad ibn Mahmud Moturidiy ‒ imomul huda” [7: 68].

  Imom Abu Mansur Moturidiy dastlabki taʼlimni oʻz qishlogʻida olib, keyinchalik Movarounnahrning oʻsha davrdagi diniy va maʼrifiy markazi boʻlgan Samarqandda davom ettiradi.

  Moturidiyning hayoti va ilmiy merosi oʻrta asr mualliflari Xatib Bagʻdodiy, Abdulkarim Saʼd Samʼoniy, Abulfido Zayniddin Qosim ibn Qutlubgʻo, Muhitdin Qurashiy, Kafaviy, Abul Muʼin Nasafiy, Hoji Xaliyfaning asarlarida keltirilgan. Taniqli muarrix Kafaviy va boshqa qator mualliflar yozishlaricha, Imom Moturidiy oʻz zamonasidayoq “Imomul huda” (Hidoyatga boshlovchi imom), “Rofiʼ aʼlom ahlis sunna val jamoa” (Ahli sunna val jamoaning bayrogʻini baland koʻtaruvchisi), “Qoliʼ azoliyu-l-fitna va-l-bidʼat” (Xurofot va bidʼatga botgan uydirmalarni ildizi bilan qoʻporuvchisi), “Imomul mutakkallimiyn” (Barcha mutakallimlarning imomi), “Musahhihu aqoidil muslimiyn” (Barcha musulmonlar aqidalarining tuzatuvchisi), “Shayx” va “Imom” kabi yuksak nomlarga sazovor boʻlgan alloma sifatida tan olingan.

  Uning ustozlari jumlasidan oʻz davrining taniqli olimlaridan Abu Nasr Iyoziy, Abu Bakr Ahmad Juzjoniy, Imomi Aʼzam mazhabidagi buyuk olim Nusayr ibn Yahyo Balxiy, Muhammad ibn Muqotil Roziy va Muhammad ibn Fazl kiradi. Baʼzi manbalarda uning Samarqanddagi “Iyoziy” madrasasida taʼlim olgani qayd etilgan.

  Moturidiyning Abu Bakr Juzjoniy va Abu Nasr Iyoziydan qaysi sohada va nima oʻrgangani haqida toʻla tasavvur hosil qilish mumkin.

  Abu Mansur Moturidiyning ilk ustozi Abu Bakr Juzjoniyning Samarqandda hanafiy maktabining rivojlantirishda juda muhim oʻrni bor. Abulmuʼin Nasafiyning taʼkidlashicha, hatto shu maktabning asoschisi hamdir.

  X-XII asrlarda Samarqanddagi yirik ilmiy markaz “Juzjoniya” deb nomlangan. Aynan, uning “Juzjoniya” deb nomlanishi Samarqandga birinchi boʻlib hanafiylik mazhabini olib kirgan Abu Bakr Sulaymon Juzjoniy (vaf. IX asr) nomi bilan bogʻliq. Koʻplab hanafiy tabaqotlarida Samarqand ulamolarining silsilasi Abu Bakr Sulaymon Juzjoniyga borib taqaladi [2: 100].

  Abu Mansur Moturidiyni Abul Qosim Isʼhoq ibn Ismoil ibn Ibrohim ibn Zayd Hakim Samarqandiy, Abul Hasan Ali ibi Sayyid Rustugʻfoniy (vaf. 961 milodiy), Abu Muhammad Abul Karim ibn Muso Pazdaviy, Abu Lays Samarqandiy, Abul Hasan Pazdaviy, Abul Yuusr Pazdaviy, Abul Muʼin Nasafiy, Saffor Buxoriy, Najmiddin Umar Nasafiy, Sobuniy Buxoriy, Umar Hanafiy kabi olimlar oʻzlariga ustoz deb bilishgan.

  Moturidiy taʼlimotini batafsil oʻrgangan va bu taʼlimotning mohiyatini chuqur bilgan Abul Yuusr Pazdaviy (vaf. 1099 y.), Abul Muin Nasafiy (vaf. 1114 y.), Saffor Buxoriy (vaf. 1134 y.), Abu Hafs Nasafiy (vaf. 1142 y.), Ali ibn Usmon Oʻshiy (vaf. 1173 y.), Nuriddin Sobuniy (vaf. 1184 y.) va Umar Hanafiy (vaf. 1200 y.) kabi olimlar Moturidiy taʼlimotini rivojlantirish orqali bu maktabni davom ettirdilar [1: 466].

  Imom Moturidiyning qalamiga mansub asarlarning soni oʻn beshtaga yetib qoladi. Tarixiy manbalarda Moturidiyning koʻplab asarlari haqida maʼlumotlar yetib kelgan. Ularda taʼkidlanishicha, Moturidiy uch yoʻnalish: kalom, tafsir va fiqh boʻyicha asarlar yozgan.

  Alloma tafsirga oid “Taʼvilotu ahlis-sunna”, kalomga oid “Kitob at-tavhid” (Tavhid kitobi), “Rad usul al-xamsa” (Besh usulga raddiya), “Radd al-Amamiyya li-baʼd ar-ravafid” (Imomiylarning baʼzi rofidiylarga raddiyasi), “Rad alal Qaramita” (Qarmatiylarga raddiya), shuningdek fiqhga oid “Maʼxaz ash-sharaʼi fi-l-fiqh” (Fiqh ilmida sharʼiy manbalar) va “Al-jadal fiy usul al-fiqh” (Fiqh ilmi asoslari xususida munozaralar) kabi asarlari maʼlum va ulardan baʼzilari bizgacha yetib kelgan [4: 25]. Yaʼni, uning boy ilmiy merosidan faqat uch dona asari bizgacha yetib kelgan. Bular “Taʼvilotu ahlis-sunna”, “Kitob at-tavhid” va “Kitobul maqolat” asarlaridir.

   Uning faqih sifatida kitoblar taʼlif etganligini Abul Muin Nasafiy oʻzining “Tabsirat al-adilla” asarida keltirib, quyidagi asarlarni sanab oʻtgan: “Kitob al-jadal fiy usul al-fiqh” (Fiqh ilmi asoslari xususida munozaralar), “Maʼxaz ash-shariʼa fil fiqh” (Fiqh ilmida sharʼiy manbalar).

  Imom Moturidiy yashagan davr islom olamida turli oʻzgarishlar avj olgan, ayniqsa, turli firqalar tomonidan aqidaviy buzilishlar yuzaga kelgan paytga toʻgʻri keldi. Shunday sharoitda u Ahli sunna va jamoa eʼtiqodini himoya qilib chiqdi. Bu yoʻlda u muʼtazila, xavorij, rofiza, karromiy, jahmiy, mushabbiha va boshqa botil aqidalarning daʼvolariga raddiyalar berdi hamda Ahli sunna va jamoa mazhabidagi Moturidiya aqidaviy taʼlimotiga asos soldi.

  Bu bilan u islom ilm-fanida, taʼlimotida eng asosiy hisoblangan kalom ilmini turli xil notoʻgʻri daʼvolar va gʻoyalardan tozaladi.

  Abul Muʼtiy Muhammad Bayumiyning taʼkidlashicha, Abu Mansur Moturidiy ilmiy merosining ilmiy ahamiyati quyidagilardan iborat:

  Birinchidan, u abbosiy xalifalar Mutavakkil va Maʼmun davrida faoliyat olib bordi. Ayniqsa, xalifa Maʼmun davrida ijtimoiy-siyosiy jihatdan katta kuchga ega boʻlgan muʼtaziliylarning botil gʻoyalariga qarshi kurashdi. Ularning “Qurʼon ‒ yaratilgandir” degan daʼvolarining notoʻgʻri ekanliklarini ilmiy asoslab berdi.

  Ikkinchidan, Moturidiy mazhablar orasida oʻrtacha yoʻl tutgan edi. U ham naqliy dalillardan, ham aqliy dalillardan unumli foydalangan. U maʼrifat hosil qilishda his yoki sezgi aʼzolari, naql va rivoyat, aql va idrok asosiy vosita ekanligini taʼkidlaydi.

  Imom Moturidiy islom olamida juda nozik hisoblangan “Kitobu-t-tavhid” asari bizning davrimizga yetib kelgan va u 1970 yilda Fathulloh Xulayf tomonidan Bayrutda nashr etilgan.

  Moturidiy bu asarida sunniy aqidadagi (taʼvilda) zid qarashlarni rad qilishga harakat qiladi va Abu Hanifaning qarashlariga suyangan holda ish koʻradi. Mazkur asarning ilmiy va amaliy ahamiyati juda katta boʻlib, u ahli sunna ulamolari tomonidan Qurʼoni karimni sharhlash (taʼvil) boʻyicha qilingan dastlabki jiddiy urinish hisoblanadi. Bu sharh aql va naql nuqtai nazaridan amalga oshirilganligi bilan ajralib turadi. Boshqacha aytganda, Qurʼoni karim Moturidiya taʼlimoti nuqtai nazaridan turib tafsir qilingan. Bu asar Abu Rayhon Beruniy nomidagi SHQM fondida saqlanadi. Asarning birinchi juzʼi Qohirada 1971 yilda Ibrohim Avadayn va Said Avadaynlar tomonidan nashr etilgan.

  Shunday qilib, Abu Mansur Moturidiy IX asrlarning murakkab sharoitida oʻziga xos kalom maktabiga asos soldi va hanafiy mazhabining gʻoyaviy poydevorini mustahkamlab, ahli sunna va jamoa eʼtiqodini qatʼiylik bilan himoya qildi.

  Abu Mansur Moturidiy umri davomida faqihlar, muhaddislar bilan muloqotda boʻlgan va munozaralar olib borgan. U islom dinining hanafiy mazhabini Movarounnahrda tarqatish va oʻzidan keyingi avlodlarga qusursiz yetkazish ishiga muhim hissa qoʻshdi [3: 22].

  Allomaning islom ilm-faniga qoʻshgan hissasi kattadir. U tafsir, kalom va fiqhga oid qimmatli asarlar yozdi. Ular orqali adashgan firqalarning botil aqidalariga qarshi ham naqliy ham aqliy dalillar bilan raddiyalar berdi.

  Imom Moturidiyning ilmiy merosi islom olamida avvalda ham, hozirgi kunda ham ahamiyatli boʻlib, ilmiy tadqiqotchilar tomonidan keng oʻrganib kelinmoqda. Hozirgi kunda bu tadqiqotlar Abul Muʼtiy Muhammad Bayumiy, Abdulhakim Sharʼiy Juzjoniy, Shovosil Ziyodov, Saidmuxtor Oqilov va boshqa tadqiqotchilarning faoliyatlarida koʻrinadi.

  Imomning vafoti toʻgʻrisida “Usul ad-diyn inda Imom Abu Hanifa” kitobida quyidagicha keltiriladi: “… U Abul Hasan Ashʼariy vafotidan toʻqqiz yil oʻtib, 333/945 yilda vafot etgan” [5: 127]. Yaʼni, islom olamida katta nufuzga ega boʻlgan, ahli sunnaning ikkinchi aqidaviy mazhabi boʻlgan Ashʼariya mazhabining asoschisi Abul Hasan Ashʼariy vafotidan toʻqqiz yil oʻtib Samarqandda vafot etgan va shahar chekkasidagi Chokardiza qabristoniga dafn etilgan.          

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:
  1. Büyük türk bilgini. Imâm Mâtürîdî ve Mâtürîdîlik. Milletlerarasıtartışmalı İlmî Toplantı. Dr. Shovosil Ziyodov. Mâtürîdiyye doktrininin özbekistanʼda araştirilmasi: problemler ve çözümler. İstanbul-2012.
  2. Asrorova L. Abu Hafs Kabir Buxoriy va hanafiy fiqhi. ‒T.: Toshkent islom universiteti, 2014.
  3. Aʼzamxoʻjayev S. 100 Markaziy Osiyo mutafakkirlari. ‒T.: YANGI NASHR, 2011.
  4. Qoriyev O.A. Fargʻona fiqh maktabi va Burhoniddin Margʻinoniy. ‒ T.: Fan, 2009.
  5. Muhammad ibn Abdurrahmon Xomis. Usul ad-diyn inda Imom Abu Hanifa. ‒J.1. Saudiya Arabistoni. Dorus Somiiy.
  6. Shayx Abdulaziz Mansur. Aqoid matnlari. ‒T.: Toshkent islom universiteti, 2006.
  7. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Aqoid ilmi va unga bogʻliq masalalar. ‒ T.: SHARQ, 2011.

 

Ravshan ELMURODOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi katta ilmiy xodimi

Check Also

ABU BAKR JASSOS ILMIY MEROSINING HANAFIY MAZHABI RIVOJIDA TUTGAN OʻRNI

Abu Bakr Jassos (vaf. 370/981) qoldirgan ilmiy meros hanafiy mazhabida oʻziga xos ahamiyatga ega. Alloma …