Home / FOTO LAVHALAR / MARKAZ ILMIY XODIMLARI TURKIYADA AMALIYOT OʻTAMOQDA

MARKAZ ILMIY XODIMLARI TURKIYADA AMALIYOT OʻTAMOQDA

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi Qoʻlyozmalar bilan ishlash va muzey boʻlimining 3 nafar ilmiy xodimi Turkiya Respublikasiga ilmiy safarga joʻnab ketdi.

Safar Turkiya universitetlari va tadqiqot markazlari bilan hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish yuzasidan erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish boʻyicha imzolangan “Yoʻl xaritasi” ijrosi doirasida uyushtirilgan boʻlib, bir oy muddatga moʻljallangan. Safarning asosiy qismida ilmiy xodimlar: Y.Isayev, I.Qushshaqov va B.Ibotovlar Turkiya qoʻlyozma asarlar Bosh boshqarmasi kitob shifoxonasi va Arxiv ishlari boshqarmasi (Türkiye Yazma Eserler Kurumu Başkanlığı Kitap Şifahanesi ve Arşiv Dairesi Başkanlığı)da kasbiy malakalarini oshiradilar.

Kuni kecha ilmiy xodimlar Istanbuldagi Qoʻlyozma asarlar Bosh boshqarmasi kitob shifoxonasi va Arxiv ishlari boshqarmasi rahbari Nil Baydar xonim bilan uchrashdi. Qisqa muloqotdan soʻng, xodimlar muassasa faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Shifoxonaga taʼmir uchun olib kelingan kitoblarni qabul qilib olish, ulardagi qurt va hasharotlar (zararkunandalar)dan tozalash uchun moʻljallangan karantin muzlatgichini ishlatish tartibi bilan yaqindan tanishdilar.

Kitoblarni taʼmirlashdan oldin ularning holatini (muqova, varaq, matn oʻlchamlari, muqovasi va varaqlarning qalinligini va kitobga yetgan zararlarni darajasini) aniqlash va shu asosida qoʻlyozma asarlarni taʼmirlash qaydnomasini toʻldirish jarayonlarini oʻzlashtirishdi.

Safar davomida markaz ilmiy xodimlari Islom hamkorlik tashkiloti huzuridagi Islom tarixi, sanʼati va madaniyatini tadqiq qilish markazi (IRCICA) boʻlim boshligʻi, tarix fanlari doktori, professor Ashirbek Muminov bilan uchrashib, ikki muassasa hamkorligida olib borilishi rejalashtirilayotgan istiqboldagi loyihalar borasida suhbatlashdi.

Ilmiy safar davom etmoqda.

Markaz Matbuot xizmati

Check Also

Magʻrur hilpirayver, yurtim bayrogʻi!

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida 18-noyabr kuni xodimlar ishtirokida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi qabul qilinganiga …