Shu yil 5 yanvar kuni Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla Xoliqnazarov hazratlari Saudiya Arabistonidagi “Abu Sarhad” hamkor shirkati rahbari Abusarhad Nosir Abdulloh janoblari bilan “Umra – 2022” mavsumini amalga oshirish boʻyicha shartnoma imzoladilar.
Yurtimizda umra safarini tashkil etish choralarini koʻrish, hududlarda COVID pandemiyasidan avval navbatda turgan fuqarolarning imkoniyatlarini oʻrganish, roʻyxatlarni qayta shakllantirish, aviaqatnovlar jadvalini ishlab chiqish va ziyoratchilarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish ishlari boshlandi.
Shuningdek, umra ziyoratini yuqori darajada tashkil etish uchun koʻp yillik tajriba ega boʻlgan “Abu Sarhad” hamkor shirkati orqali Madina va Makka shaharlarida ziyoratchilar uchun qulay sharoitlarni hozirlash, Ikki Haram masjidiga yaqin boʻlgan mehmonxonalarni tanlash, zamonaviy transport va boshqa xizmatlar koʻrsatish sifatini oshirish kabi ishlar amalga oshiriladi.
Taʼkidlash zarurki, shu kunlarda Toshkent xalqaro aeroportida norasmiy shaxslar aldoviga uchib, noqonuniy yoʻllar orqali safarga otlangan kishilarning soxta hujjatlari sababli muborak safar oxiriga yetmay qolgan holatlari aniqlanmoqda. Shu bois, moʻmin-musulmonlarni umra kabi ibodat masalalarida juda ehtiyot boʻlishlari va bu borada vakolatli tashkilot boʻlgan Oʻzbekiston musulmonlari idorasi orqali muborak safarlarni ado etishlariga chaqiramiz.
Qisqa fursatlarda umra safarlari boshlanib, hududlardagi navbatlar asosida belgilangan toʻlovlarni amalga oshirgan, tegishli vaksinani olgan va Saudiya Arabistonining karantin talablarini bajargan fuqarolar tartib bilan muborak safarga joʻnatiladi, insha Alloh.
Umra safarlarining boshlanish sanasi va birinchi reysning uchish vaqti haqida qoʻshimcha xabar qilinadi.
Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Muslim.uz