Home / MAQOLALAR / ENG JIRKANCH ILLAT

ENG JIRKANCH ILLAT

Dunyo tarixiga teran nazar tashlasak, har qanday koʻngilsiz voqea-hodisa zamirida, albatta, fitnalar uyushtirilganiga guvoh boʻlamiz. Odam alayhissalom davridan to Rasuli akram sollallohu alayhi va sallam zamonlarigacha, saodat asridan bugungi kungacha kuzatilgan har qanday urush, qirgʻinbarot janglar, qonli toʻqnashuvlarga fitnalar sabab boʻlganini hech kim inkor eta olmaydi.

Hazrati Umar va hazrati Usmon roziyallohu anhumoning shahid etilishi, hazrati Ali va Muoviya roziyallohu anhumo oʻrtasidagi kelishmovchiliklar va undan keyingi asrlarda sodir boʻlgan mashʼum hodisalarda halok boʻlganlarni hech ikkilanmay fitnalar qurboni boʻlishgan, deyish mumkin.

Shu bois Alloh taolo Qurʼoni karimda: “Fitna qotillikdan ham ashaddiyroqdir”, deb marhamat qilgan (Baqara surasi, 191-oyat). Tinch, osuda hayot kechirib turgan odamlar orasidan halovat va tinchlik koʻtarilishiga sabab boʻladigan har qanday fitna harakatlari aslida odamlarning qonini toʻkishdan ham ogʻir, yomon oqibatlarga olib keladigan gunoh ekanini aslo unutmaslik zarur.

Ifk hodisasini olaylik. Paygʻambarimiz alayhissalomning suyukli ayollari Oysha onamiz roziyallohu anhoga munofiqlar fitna uyushtirdilar. Ularning fitnasiga baʼzi sodda musulmonlar ham qoʻshilib qolishdi. Alloh taolo Nur surasining 11–22-oyatlarini nozil qiilib, moʻminlarning onasi Oysha roziyallohu anhoning pokdomon ekanliklarini ilohiy vahiy bilan tasdiqladi. Fitna yushtirgan Ubay ibn Salul boshchiligidagi munofiqlar razil boʻlib qolishdi.

Olamlar sarvarining jufti halollariga tuhmat qilgan munofiqlarga qiyomatgacha laʼnat yogʻiladi. Oxiratda esa ularga alamli azob borligini Alloh taolo Nur surasining 11-oyatida: «Albatta, (bu) boʻhtonni (vujudga) keltirgan kimsalar oʻzlaringizdan boʻlmish bir toʻda kimsalardir. Uni (boʻhtonni) sizlar oʻzlaringiz uchun yomonlik deb oʻylamangiz, balki u sizlar uchun yaxshidir. Ulardan (boʻhtonchilardan) har bir kishi uchun oʻzi orttirgan gunoh (jazosi) bordir. Ularning orasidagi (gunohning) kattasini koʻtargan kimsa (Abdulloh ibn Ubay) uchun esa ulkan jazo (jahannam) bordir».

Hadisi shariflarda ham fitna qattiq va qatʼiy qoralanadi.  Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bunday marhamat qilganlar: “Yaqin orada fitnalar boʻladi. Oʻsha chogʻda oʻtirib olgan odam tik turgandan yaxshiroqdir. Oʻrnida jim tik turgan esa, yurayotgan odamdan yaxshiroqdir. Yayov yurgan esa, tez-tez yurayotgan odamdan yaxshiroqdir. Kim oʻsha fitnalarga eʼtibor bersa, uni fitna oʻziga tortib oladi. Kimki qutulishga joy topsa, oʻsha joyda fitnadan himoyalansin” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).

Ushbu muborak hadisda Nabiy alayhissalom kinoya bilan ham fitnaga aralashib qolishdan qattiq qaytarmoqdalar. “Tik turgan odam bilan oʻtirgan odam” deganda, fitnaga qiziqib turgan odam bilan unga eʼtibor qilmagan odam nazarda tutilmoqda. Demak, fitnachilar haqida qiziqishdan koʻra, ularga aslo eʼtibor qilmaslik zarur.

“Oʻrnida jim tik turgan odam bilan yurayotgan odamdan” murod esa, fitnaga qiziqib turgan va fitnaga qoʻshilish uchun harakatga tushganlardir. Demak, fitnaga qoʻshilish uchun harakatga tushgandan, unga qoʻshilmay, shunchaki qiziqqan durustroq sanalmoqda. Yayov yurgan odam bilan tez-tez yurayotgan odamdan murod esa, fitna sari tez harakat qilayotganlardan koʻra, sust harakat qilayotganlar Allohning nazdida sal tuzukroq odam, demakdir.

Bu illat jamiyatda ildiz otar ekan, unga aralashgan odam darhol chiqib ketishi qiyin. Chunki fitna odatda jozibali boʻladi, unga qiziqqanlarni darrov oʻziga jalb qiladi. Moʻmin kishi har qanday ogʻir boʻlmasin, fitnadan qochishi shart.

Imom Zaynuddin Birgaviy rahimahulloh “Tariqat ul-Muhammadiya” asarida islomiy odob-axloq, xususan, qalb xastaliklari borasida soʻz yuritar ekan, qirq sakkizinchi oʻrinda “Fitna” haqida alohida toʻxtalib, jumladan. Bunday degan: “Maʼnaviy illatlardan yana biri fitnachilikdir. Fitna deb odamlarni iztirob, ixtilof, mashaqqat va baloga giriftor qilishga aytiladi. Masalan, xalqni davlatga qarshi chiqishga targʻib qilish, vaʼz aytishda tinglovchilarning saviyasini hisobga olmasdan tushunmovchilik keltirib chiqaruvchi murakkab tilda gapirish kabi holatlar umummaʼnoda fitnaga misol boʻladi. Shuningdek, kitob mutolaa qilishda ehtiyotsizlik qilib, tushunib-tushunmasdan ommaga notoʻgʻri tushuncha berib qoʻyish ham fitna deyiladi”.

Bugun fitnalar shu qadar chuqur ildiz otyaptiki, bunday holatda moʻmin-musulmon kishi ziyrak va hushyor boʻlishi qatʼiy talab etiladi. Ijtimoiy tarmoqlarda, internet saytlarida tirnoq ostidan kir qidirishni “kasb qilib olgan” kaslarning dinimizga, Vatanimizga tosh otishlari Oysha onamizga fitna uyushtirganlarnikidan kam emas.

Shunday ekan, bugun oʻzi moʻmin hisoblagan, shu aziz diyorning fuqarosi boʻlgan kishi har qanday fitnaga duch kelsa, avvalo, mazkur oyati karima va hadisi sharifga murojaat qilishi, aql bilan ish tutishi zarur.

Buyuk Parvardigorimiz barchamizni fitnalardan asrasin!

Nuriddin domla XOLIQNAZAROV,
Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy
Manba: muslim.uz

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …