Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Gʻafur Gʻulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi va Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti hamkorligida Markaz tomonidan nashr etilgan kitoblar taqdimotiga bagʻishlangan “Ajdodlar merosining barkamol avlod tarbiyasidagi oʻrni” mavzusida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir boʻlib oʻtdi.
Unda Markaz ilmiy xodimlari, Gʻ.Gʻulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi masʼul vakillari, Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti professor oʻqituvchi va talabalari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Tadbir avvalida Markaz boʻlim boshligʻi Tohir Evadullayev talaba yoshlar bilan ulugʻ allomalarimiz, xususan Imom Buxoriy hayoti va asarlari xaqida jonli muloqot qildi. Oʻzaro qizgʻin savol-javoblar tarzida oʻtgan muloqot davomida yoshlar Buxoriy haqidagi va hadislarga oid bilimlarini namoyish etdilar.
Buyuk ajdodlarimizning boy ilmiy-maʼnaviy merosini yoshlar orasida keng targʻib qilish maqsadida tashkil etilgan tadbir doirasida Imom Buxoriy xalqaro-ilmiy tadqiqot markazi tomonidan nashr etilgan 15 nomdagi, jumladan Imom Moturidiyning “Taʼvilot al-Qurʼon” asari 30-juzi, Abdulloh ibn Muborakning “Musnad”, Imom Buxoriyning “Sulosiyotul Buxoriy”, Jaloliddin Suyutiyning “Lubob ul-hadis”, Abu Bakr Roziyning “Tuhfatul muluk” asarlarining oʻzbek tilidagi ilmiy-izohli tarjimalari, shuningdek Markaz ilmiy xodimlarining bir necha mualliflik kitoblari taqdim etildi. Taqdimotda Markaz muassisligida chop etiladigan “Imom Buxoriy saboqlari” maʼnaviy-maʼrifiy, ilmiy-adabiy jurnalining nashrdan chiqqan yangi soni ham namoyish etildi.
Tadbir ochilishida soʻzga chiqqan Markaz direktori Shovosil Ziyodov, Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sherzodxon Qudratxoʻjayev va Gʻ.Gʻulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi bosh muharriri Vohid Ahmedov Markaz tomonidan chop etilgan nashrlarning allomalarimiz ilmiy va diniy merosini keng jamoatchilikka yetkazishdagi ahamiyati va hozirgi davrdagi globallashuv jarayonida islomning insonparvarlik mohiyatini ochib berishda tutgan oʻrni haqida fikr-mulohazalarini bayon qildi.
Tadbir maʼruzachilari xalqimizning diniy savodxonligini oshirish, yurtimizda vijdon erkinligini taʼminlash va oʻsib kelayotgan avlodni azaliy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash borasida olib borilayotgan diniy-maʼrifiy sohadagi islohotlar islom maʼrifatini kengroq yoyish, oʻtmish ajdodlarning boy maʼnaviy merosini yanada chuqur oʻrganishga xizmat qilayotganini alohida qayd etishdi. Taʼkidlanganidek, ilmiy xodimlarning keng koʻlamdagi tarjima va kitobnavislik ishlari yirik ilmiy natijalar sifatida Markazda tadqiqotlar olib borish uchun yetarli sharoit yaratilganining yuksak samarasi ekanini eʼtirof etish oʻrinli. Yangi Oʻzbekiston shakllanishi davrida tashkil topgan Markazning bugungi salohiyati erishilgan yutuqlar vositasida ilm va maʼrifatning yangi choʻqqilari sari dadil odimlashga zamin hozirlamoqda.
Taqdimotda ishtirokchilar tomonidan bu kabi nashrlar din sohasida ilmiy-maʼrifiy faoliyatni yanada jadal tashkil etish va islom dini sofligini saqlash, uni turli yot gʻoyalaridan xoli ekanini yosh avlod ongiga singdirishda muhim oʻrin tutishi nuqtai-nazaridan mazkur yoʻnalishdagi tadqiqot ishlariga bulgan boqiy ehtiyoj mavjudligi taʼkidlandi.
Tadbir yakunida Markaz nomidan universitet jamoasiga adabiyotlar toʻplami hadya qilindi. Universitet rektori ham oʻz navbatida tadbir tashkilotchilariga esdalik sovgʻalarini taqdim etdi.