Home / YANGILIKLAR / IMON-EʼTIQOD ERKINLIGINI TAʼMINLASH – OLIY QADRIYAT

IMON-EʼTIQOD ERKINLIGINI TAʼMINLASH – OLIY QADRIYAT

Bismillahir Rohmanir Rohiym.

Alloh taologa behisob shukrki, yangi Oʻzbekistonda qabul qilinayotgan qonun va qonunosti hujjatlarda insonning eʼtiqod erkinligi, qadr-qimmatini hurmat qilish hamda uning huquq va erkinliklarini taʼminlash yaqqol oʻz ifodasini topmoqda.

Davlatimiz rahbari Oʻzbekiston Konstitutsiyasi qabul qilinganining 29 yilligi munosabati bilan xalqimizga yoʻllagan bayram tabrigida ushbu oʻta muhim jihatga alohida eʼtibor qaratib, bunday dedi: “Yangi Oʻzbekiston gʻoyasi el-yurtimizning ulkan intilish va irodasi bilan umumxalq harakatiga aylanmoqda. Barchamiz ana shu ulugʻ maqsad yoʻlida yanada jipslashib, gʻayrat-shijoat va masʼuliyat bilan fidokorona mehnat qilsak, koʻzlagan yuksak marralarimizga albatta yetamiz”.

Ayni kunlarda yurtimizda Konstitutsiyamiz qabul qilingan sana keng nishonlanmoqda. Bugun roʻyobga chiqayotgan oʻzgarishlar va yangilanishlar zamirida Asosiy qonunimizning mazmun-mohiyati mujassam desak, ayni haqiqatni aytgan boʻlamiz. Chunki unda “Inson va uning qadr-qimmati” degan ulugʻ tushuncha markaziy oʻringa qoʻyilgan. Shu nuqtai nazardan, davlatimiz rahbari barcha islohotlarning asosiy maqsadini “Odamlarni hayotdan rozi qilish — asosiy mezon” degan yuksak tamoyilga qaratmoqda.

Mir Alisher Navoiyning “Odami ersang, demagil odami, Onikim, yoʻq xalq gʻamidin gʻami” degan baytida juda ham chuqur hayotiy hikmat bor. Hazrat aytganidek, inson qachonki millati, xalqi, dinining gʻami bilan yashasa, shundagina komil inson, haqiqiy maʼnoda odamiylikka erishadi.

Hazrati Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim bir moʻmindan bu dunyo mashaqqatlaridan bir mashaqqatni ketkazsa, Alloh taolo undan Qiyomat kuni mashaqqatlaridan birini ketkazadi. Kim bir kambagʻalning ishini yengillatsa, Alloh uning bu dunyoyu oxiratidan ishlarini yengillatadi. Kim bir musulmonning aybini berkitsa, Alloh taolo uning aybini bu dunyoyu oxiratda berkitadi. Modomiki, banda oʻz birodarining yordamida ekan, Alloh ham uning yordamida boʻladi”, dedilar.

Darhaqiqat, odam borki, avvalo, kundalik hayotida u yoki bu narsadan manfaat koʻrishni koʻzlab oldinga intiladi, mehnat qiladi. Agar faoliyati halol-pok yoʻl bilan rizq topishga, savobli ishlarga qaratilgan boʻlsa, nafaqat oʻziga, balki el-yurtiga ham manfaat yetkazaveradi.

Inson manfaatlari ichida eng asosiysi yurt tinchligi va oila xotirjamligidir. Yurtimizdagi bunday osoyishta kunlarni qadrlash, eng avvalo, ahil-inoq boʻlib yashash, bir yoqadan bosh chiqarib mehnat qilish, har bir masalaga maslahatlashgan holda yondashib, oʻzaro izzat-hurmat tuygʻusiga tayanib ish koʻrish keng quloch yozmoqda.

Qurʼoni karimda inson qadr-qimmati doimo ulugʻlangan. Kalomi sharifda: “Darhaqiqat, Biz Odam farzandlarini aziz va mukarram qildik va ularni quruqlik va dengizga ot-ulov va kemalarga mindirib qoʻydik hamda ularga pok narsalardan rizq berdik va ularni Oʻzimiz yaratgan koʻp jonzotlardan afzal qilib qoʻydik” (Isro, 70), deb bayon qilinadi.

Yuqoridagi oyati karimadan ayon boʻladiki, inson Alloh taolo yaratgan barcha mavjudotlar ichida eng aziz va mukarram xilqat. Haq taolo odamni oʻz qudrati bilan yaratib, uni mukarram qildi. Oʻz ruhidan jon puflab, ulugʻladi. Shu bois, inson azizu mukarramdir.

Shunday ekan, bugungi kunda “Insonlarning dardu tashvishlarini oʻylab yashash — odamiylikning eng oliy mezonidir” shiori ostida kechayotgan xayrli islohotlar oʻzining yaxshi natijalarini berayotganini har qadamda koʻrish mumkin.

Bu borada davlatimiz rahbari bayram tabrigida: “Ayni vaqtda biz Konstitutsiyamiz normalarini hayotga toʻla tatbiq etish, jamiyatda qonun va adolat ustuvorligini, inson huquq va manfaatlari, uning qadr-qimmatini yanada samarali taʼminlash borasida hali koʻp ish qilishimiz kerakligini yaxshi tasavvur qilamiz. Oldimizda turgan vazifalarni amalga oshirish uchun Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasi doirasida keng koʻlamli islohotlarimizni izchil davom ettiramiz”, deya qayd etdi.

Bosh qonunimizning muhim bandlaridan biri — Alloh taolo bergan ulugʻ neʼmat — insonning hayoti va huquqlari. Unda fuqarolarning manfaatlari qonuniy ravishda mustahkamlangan va qatʼiy kafolatlangan.

Islom shariatining ham asosiy maqsadlari odamlarning bu dunyo va oxiratdagi saodatini taʼminlash, mashaqqatlarini yengillatishdan iborat. Shariatning birlamchi maqsadlari din, hayot, nasl, aql va mulk kabilarni muhofaza qilish hisoblanadi. Bularni saqlash insoniyatning saodati va yashab qolishi uchun eng muhim omillardir.

Inson hayotini himoya qilish Qurʼon va Sunnatda koʻp taʼkidlanadi, shariat kishi hayotini daxlsiz deb eʼlon qilgan, xususan, suiqasd qilishni taqiqlaydi, begunoh insonni oʻldirganlik uchun jazo joriy etadi. Hatto uning gunohi butun inso- niyatni oʻldirganlikka tenglashtiriladi.

Hayotning davom etishini taʼminlash, naslni saqlash uchun islom dini nikoh asosida oila qurishni targʻib etadi, silai rahm va farzandlar tarbiyasini ham muhim hisoblaydi.

Aqlni saqlash maqsadi esa ilm olish orqali yaxshi va yomonni ajratish, jamiyat rivoji yoʻlida xizmat qilishni bildiradi. Zero, usiz saodat va adolatli jamiyat qurishning imkoni yoʻq. Buning uchun shariat aqlni ketkazuvchi harakat va narsalar isteʼmol qilishni taqiqlaydi.

Mulk va boyliklarni saqlash shariatning asosiy maqsadlaridan biri boʻlishi yaxshi yashash va adolatli jamiyat qurishda naqadar ahamiyatli ekanini koʻrsatadi. Halol yoʻl bilan mol-mulk topish, boy va kambagʻallar orasida katta tafovut paydo boʻlishining oldini olishga katta eʼtibor qaratiladi.

Ushbu besh jihatning barchasi Bosh qonunimizda oʻz ifodasini topgan. Jumladan, 13-moddada inson hayoti, erkinligi, shaʼni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanishi, 24-moddada yashash huquqi har bir insonning uzviy huquqi ekani va 63-moddada esa nikoh tomonlarning ixtiyoriy roziligi va teng huquqliligiga asosida barpo etilishi kabilar alohida qayd etilgan.

Davlatimiz rahbarining bayram tabrigida siniq koʻngillarga mamnunlik ulashgan yana bir jihat shu boʻldiki, xalqimizga xos kechirimlilik, bagʻrikenglik va olijanoblik tamoyillariga amal qilgan holda, bilib-bilmay jinoyat sodir etgan, qilmishiga chin dildan pushaymon boʻlib, tuzalish yoʻliga qatʼiy oʻtgan 182 nafar shaxs bayram munosabati bilan muddatidan oldin ozod qilinib, erkin hayotga qaytarildi.

Taʼkidlash joizki, taraqqiyotimizning yangi davrida insonlarning vijdon va eʼtiqod erkinligi huquqini taʼminlash xalqimizni maʼnan yuksaltirish va barkamol avlodni tarbiyalashga xizmat qilmoqda. Ayniqsa, soʻnggi yillardagi musulmonlarga yaratilayotgan imkoniyatlar barcha moʻminlar uchun katta imkoniyatlar eshigini ochib berdi, Bularning bari vijdon va eʼtiqod erkinligi toʻla taʼminlanganiga yaqqol dalildir.

Shu yil 5 iyul kuni diniy-maʼrifiy sohadagi ulkan islohotlarning mustahkam poydevori boʻlmish “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisidaTi qonunning yangi tahriri qabul qilinishi ushbu yoʻnalishdagi ishlarni yanada sayqal toptirdi. Qonun bilan eʼtiqod erkinligini taʼminlashning asosiy ustuvorliklari, diniy tashkilotlarning huquqlari, imtiyozlari va majburiyatlari aniq belgilab berildi.

Eʼtirof etish kerakki, yurtimizda mana shunday din va eʼtiqod erkinligi borasida juda katta ishlar amalga oshirilmoqdaki, buning uchun Yaratgan Parvardigorga cheksiz shukronalar aytishimiz kerak boʻladi.

Haq taolo ona Vatanimiz taraqqiyoti, qonun ustuvorligi va xalqimiz manfaati yoʻlida olib borilayotgan ulugʻvor ishlarda madadkor boʻlib, ulkan muvaffaqiyatlar ato etsin, Omin yo Robbal alamiyn.

Nuriddin XOLIQNAZAROV,
Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy
Manba: “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi 2021 yil 10 dekabr, 248(504) son

Check Also

Magʻrur hilpirayver, yurtim bayrogʻi!

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida 18-noyabr kuni xodimlar ishtirokida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi qabul qilinganiga …