Home / YANGILIKLAR / VATANIMIZNING ASL TAʼRIFI

VATANIMIZNING ASL TAʼRIFI

10 dekabr–Oʻzbekiston Respublikasi davlat madhiyasi qabul qilingan kun

Qatrada quyosh aks etganidek, jonajon Oʻzbekistonimizning asl sifati, rostmana taʼrifu tavsifi davlatimiz madhiyasida namoyon. Madhiyamizga oid qonun 1992 yil 10 dekabrda qabul qilingan, ushbu mukammal badiiy asar Oʻzbekiston Qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripov hamda atoqli sanʼat arbobi, benazir kompozitor Mutal Burhonov tomonidan ancha mehnatu mashaqqat bilan yaratilgan. Madhiyamiz haqida hamyurtlarimizning fikrlarini keltirishni joiz bildik.

Oʻzbekiston Respublikasi sanʼat arbobi Mustafo Bafoyevning fikricha, ustoz bastakor M.Burhonovning “Koʻngil xazinasi” kitobida Oʻzbekiston davlat madhiyasining yaratilishi haqida shunday deyiladi: “Vatan tuygʻusi, Vatan madhiyasi… Bu tushunchalar mushtarak, bir-biroviga uygʻunlashib ketgan. Vatanni madh etish, uni ulugʻlash har bir inson qalbidan oʻrin olishi kerak… Oʻzbekiston mustaqillikka erishgach, davlat madhiyasi yangicha, istiqlol ruhida kun tartibiga qoʻyildi. Muhokama va tortishuvlardan keyin men yozgan madhiyani ham tanlovga kiritishdi. Mehnatlar zoye ketmadi. Musiqaning yarmiga kelganda olqishlar boshlandi”.

– Men Oʻzbekistonda tugʻilganimdan, shu yurtda taʼlim-tarbiya olganimdan gʻoyat faxrlanaman, – dedi taekvon-do boʻyicha Osiyo va jahon chempioni, hamyurtimiz Dmitriy Shokin. – Xorijiy mamlakatlardagi xalqaro musobaqalarda ham bayrogʻimiz osmon uzra hilpiraydi. Oʻzbekistonimiz madhiyasi yangraydi. Aksariyat sportchilarimiz kabi men ham madhiyamizga joʻr boʻlaman. Shunda qalbimiz cheksiz faxru iftixorga limmo-lim toʻladi.

– Madhiyamizning eng samimiy, begʻubor ijrochilaridan yana biri bolajonlar ekani, shubhasiz, – dedi Toshkent shahridagi 313-umumtaʼlim maktabi oʻqituvchisi Nargiza Islomova. – Ular madhiyamiz matnini yoddan bexato, benuqson aytadilar. Musiqa hamohangligida esa astoydil, chin yurakdan, eʼtiqod bilan kuylaydilar. Madhiyamiz oʻquvchi-yoshlar ongida vatanparvarlik, yurtga muhabbat va sodiqlik tuygʻularini mustahkamlashda oʻziga xos oʻrin tutadi. Madhiyamiz ona Oʻzbekistonning asl, xalqchil, eng haqqoniy taʼrifidir.

Darhaqiqat, garchi kim uchundir balandparvoz tuyulsa-da, oʻzi tugʻilib oʻsgan moʻtabar diyorga mehr, oʻz eliga boʻlgan ehtiromni shakllantirishda madhiyamizning oʻrni beqiyos.

Manba: OʻzA

Check Also

Magʻrur hilpirayver, yurtim bayrogʻi!

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida 18-noyabr kuni xodimlar ishtirokida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi qabul qilinganiga …