Respublikamizning barcha viloyatlarida boʻlayotgani kabi ulugʻ alloma Imom Moturidiy qalamiga mansub “Taʼvilot al-Qurʼon” asarining Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan oʻzbek tiliga tarjima qilingan 30-juzi taqdimoti tadbiri Jizzax viloyatida ham oʻtkazildi.
Unda Jizzax viloyati hokimligi masʼul xodimlari, Oʻzbekiston Musulmonlari idorasining viloyatdagi vakilligi mutasaddilari, viloyatning faol imom-xatiblari, Jizzax politexnika instituti pedagog xodimlari va talabalari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Taqdimotning ochilishida soʻzga chiqqan viloyat hokimining jamoat va diniy tashkilotlar bilan aloqalar boʻyicha oʻrinbosari L.Ahmadjonov, viloyat bosh imom-xatibi oʻrinbosari A.Ataboyev keyingi yillarda mamlakatimizda islom dini bilan bogʻliq boy va noyob merosni har tomonlama chuqur oʻrganish, yurtimizda yetishib chiqqan buyuk alloma va mutafakkirlarning hayoti va ilmiy ijodini keng tadqiq qilish va bu orqali islom dinining insonparvarlik mohiyatini ochib berish maqsadida amalga oshirilayotgan islohotlar koʻlami haqida toʻxtalib oʻtdi.
Tadbirda asosiy maʼruzachilar tarjimonlar guruhining ish faoliyati, tarjima ishida inobatga olingan jihatlar va mazkur ilmiy tadqiqotga amaliy koʻmak koʻrsatgan xorijlik mutaxassislar toʻgʻrisida soʻzlab berdilar.
Taqdimot ishtirokchilari ushbu yirik ilmiy natijani yuqori baholashdi va bu kabi xayrli ishlar jaholatga qarshi maʼrifat bilan kurashish hamda dinimizni sof holatda saqlab, kelgusi avlodga buyuk ajdodlarimizning durdona asarlari orqali bus-butun yetkazishga munosib xizmat qilishini taʼkidlashdi.