Home / MAQOLALAR / XALIFALIKMI YOKI PODSHOHLIK? (Mahmud Abdulmoʻmin (Hizbuttahrir)ning xalifalik daʼvolariga raddiya)

XALIFALIKMI YOKI PODSHOHLIK? (Mahmud Abdulmoʻmin (Hizbuttahrir)ning xalifalik daʼvolariga raddiya)

Maʼlumki, Islom dini avvalida musulmonlar jamiyatining boshqaruvi bevosita paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallam boshqaruvlarida boʻlgan. U zot vafotlaridan soʻng musulmonlar jamiyati xalifalar boshqaruviga oʻtdi. Keyinchalik Islom sarhadlari kengayib xalifalik ham turli hududlarga boʻlinib ketdi va alaloqibat musulmon oʻlkalarida nomi xalifalik, boshqaruv tuzumi mulkchilikka, maʼlum bir hududlarga asoslangan podshohliklar vujudga keldi.  Ular rasman xalifalik deb nomlansada, aslida davlat boshqaruvi podshohlik tuzumi edi. Vaqtlar oʻtishi bilan u davlatlarni ham xalifalik deb atalmay, oʻz nomi bilan podshohlik, sultonlik deb yuritila boshlandi. Aslida ham shunday boʻlishi kerak edi. Chunki, aytib oʻtganimizdek, u davlatlardan faqat xalifalik degan nomi qolgan edi xolos.

Har bir tuzum va har bir jamiyatda boʻlgani kabi keyinchalik bunday davlat boshqaruvlaridan norozi boʻladiganlar paydo boʻla boshladi. Ular oʻz noroziliklarini jamiyatda xalifalik boshqaruvini joriy qilish gʻoyasi asosida izhor qilishdilar, hato bu gʻoya ortiga oʻzlarini gʻarazli maqsadlarini yashirdilar. Ular Islom tarixini eng gullab yashnagan davri xalifalik boshqaruvini yana amalda qayta joriy qilish va shu orqali goʻyoki musulmonlarni yagona bir davlatga birlashtirib, qudratli xalifalik davlati tuzish daʼvolari ostida turli xil fitnali harakatlar, urush va xunrezliklarni amalga oshirdilar. Bu daʼvo ostida qanchadan-qancha begunoh insonlar qoni, xossatan tinch aholi, bolalar, ayollar, qariyalar qoni toʻkildi, musulmon xalqlari yashaydigan obod oʻlkalar vayron boʻldi.  Bunga yaqin oʻtmish ham guvoh. Shaxsiyati nomaʼlum bir guruh kimsalar tomonidan xalifalik boshqaruviga qaytish daʼvolari, shuni sabab qilib jihodga chorlash internet sahifalarida hozir ham tez-tez koʻzga tashlanib turadi. Holbuki, xalifalik va u davrga qaytish daʼvolari ayrim toifalarning hokimiyatni egallash yoʻlidagi asosiy gʻoyaviy quroliga aylanib ulgurgan. Ularning bu daʼvolariga qarshi chiqqan har qanday kishi, hatto islom dinining zabardast ulamolari ham hech ikkilanmasdan kofirga chiqarilib, imkon topilganlari oʻldirildi. Holat bu ummatning olimlari hatto ayollari va bolalari oʻldirilish  darajasigacha yetib kelgan boʻlsada, hali hanuz ularning tuzogʻiga tushayotganlar topilmoqda. Holat shu darajaga kelgan boʻlsada hali hanuz xalifalik masalasi islom diniga eʼtiqod qiluvchi musulmon xalqlari orasidagi ayrim johil kimsalar uchun bahsli masalalardan biri boʻlib qolmoqda.

Aslida ularning bu daʼvolari islom dini aqidalariga, manbalariga nechogʻlik mos keladi? Xalifalik nima, podshohlik nima? Qurʼoni karim oyatlarida va Paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallam hadislarida u daʼvolarga munosabat qanday? Bu kabi savollarga javob topish, asl haqiqatni anglab yetish uchun  oyat va hadislarga murojaat qilib, ularni kengroq sharhlab xulosani sizga havola qilamiz. Bundan maqsad bunday daʼvolarni koʻtarib chiqqanlarga  raddiya emas, asl haqiqatni anglab yetkazishdir. Shu sababli xolisona turib manbalarga murojaat qilamiz.

“Xalofa, xalifa” – (الخلافة)soʻzi lugʻatda “oʻrinbosar” maʼnosini anglatadi. Qurʼoni karimning Baqara[1] va Sod surasida[2] “xalifa” soʻzi zikr qilingan. Ushbu  suralardagi oyatlar mazmunidan kelib chiqib, xalifa oʻz nafsini jilovlay olgan, yer yuzida buzgʻunchilikni har qanday koʻrinishiga va nohaq qon toʻkishga mutlaqo qarshi boʻlgan kishi deb ham taʼvil qilish mumkin boʻladi. Demak, xalifa avvalo oʻzini taqvodorligi bilan xalq orasida tanilgan, Alloh taoloning roziligi yoʻlida yer yuzini isloh etadigan, adolat va haqiqat bilan hukm yurgizadigan, xalqlar orasida ezgulikni tarqatadigan kishidir.

Amalda esa bu soʻz Muhammad sollallohu alayhi va sallam vafotlaridan soʻng u zotning oʻrniga din va dunyo ishlarini boshqarish uchun saylangan kishiga nisbatan aytiladi.[3] Xalifalikka  saylanish uchun quyidagi shartlar topilishi shart qilingan[4]; ilm, adolat, xalqni himoya qilish va dushmanga qarshi turishga qodirlik, ham jismonan, ham maʼnan sogʻlomlik, Quraysh qabilasidan boʻlish[5]. Xalifalikka kelish yuqorida koʻrsatilgan shartlar bilan bir qatorda omma tomonidan saylanish va bayʼat qilish orqali amalga oshirilgan.

Endi xalifalik boshqaruvi haqida manbalarda kelgan dalillar –  Nabiy sollallohu alayhi va sallam hadislariga murojaat qilamiz:

6943 – أخبرنا أبو يعلى حدثنا علي بن الجعد الجوهري أخبرنا حماد بن سلمة عن سعيد بن جهمان، عن سفينة قال: سمعت رسول الله صلى الله عليه و سلم يقول : الخلافة بعدي ثلاثون سنة ثم تكون ملكا . قال : أمسك خلافة أبي بكر رضي الله عنه سنتين و عمر رضي الله عنه عشرا و عثمان رضي الله عنه اثنتي عشرة و علي رضي الله عنه ستا.  قال علي بن الجعد : قلت لحماد بن سلمة : سفينة القائل : أمسك ؟ قال : نعم . إسناده حسن[6]

Safina roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallamni: “Mendan soʻng xalifalik oʻttiz yildir. Undan keyin podshohliklar boʻladi”, deb aytayotganlarini eshitdim. Abu Bakr xalifaligi ikki yil, Umarning  xalifaligi oʻn yil, Usmon roziyallohu anhuning xalifaligi oʻn ikki yil va Ali roziyallohu anhuning xalifaligi olti yil davom etdi, dedi. Roviylar sanadidagi Ali ibn Jaʼd: Hammod ibn Salamadan: Oxirgi soʻzni Safina aytganmi? deb soʻradim, dedi. Hammod: Ha, deb javob berdi. Sanadi hasan hadis.

Avvalo xalifalik nima, podshohlik nima? Ular orasidagi farqni tushunib olaylik.

Xalifalik – din manfaatlari asosida fuqarolar manfaatini himoya qilishdir. Yaʼni, xalifalik davlati oʻzida islom dini ahkomlarini jamiyatga tatbiq etgan holda fuqarolarining huquqiy ijtimoiy manfaatlarini himoya qiladi. Boshqa davlatlar bilan diplomatik alaoqalar oʻrnatish zamirida eng birinchi maqsad ularga islom dinini yetkazish, taklif qilish yotadi. Dunyoviy ishlarda, boshqa davlatlar bilan turli siyyosiy va tijoriy, ijtimoiy bitimlar tuzishda ham, garchi oʻz zarariga boʻlsa ham Islom dini  ahkomlariga qatʼiy ravishda amal qiladi. Bunga misollar juda koʻp. Biz buni Umar ibn AbdulAziz xalifaligi davrida Samarqand shahrini  fath etilishi misolida ham koʻrishimiz mumkin.[7] 

Podshohlik – har bir davlat oʻz manfaatlari asosida fuqarolari manfaatini himoya qilishiga aytilib, uning koʻrinishlari podshohlik, sultonlik, qirollik, prezidentlik boshqaruvi shakllarida boʻladi. Yaʼni, har bir davlatning hukumat rahbari maʼlum bir shaxslarni (qirollik va uning oilasini), yoki  oʻsha davlat fuqarolarini huquqiy va ijtimoiy manfaatlarini himoya qilish asosida ish yuritadi. Atrofdagi davlatlar bilan har qanday holatda ham oʻz manfaatini koʻzlab diplomatik aloqalarni oʻrnatadi, undagi hukumat hech qachon oʻz davlati va fuqarolari manfaatiga zid ravishda tashqi aloqalarni oʻrnatmaydi. Hukumat rahbarligiga kelish meros sababli, omma tomonidan saylanish orqali yoki zoʻrlik bilan hukumat tepasiga kelish orqali yuz berishi mumkin.

Hadisning maʼnosiga qaytamiz. Hadisda Rasuli akram sollallohu alayhi va sallam oʻzlaridan soʻng musulmonlarda davlat boshqaruvi xalifalik koʻrinishida  oʻttiz yil davom etishi, undan soʻng xalifalik boshqaruvi tugab boshqaruv podshohlik shaklida boʻlishi taʼkidlamoqda hamda davlat tuzumi oʻsha tuzumda boʻlishi maʼqul ekanligiga ishora qilmoqda. Biz eʼtibor qilishimiz lozim boʻlgan yana bir jihat mavjud boʻlib, u bugungi kunda xalifalik davlatini qurishni daʼvo qilayotgan kimsalardir. Ularning bu soʻzlari ushbu hadisga nomuvofiq, aksincha Rasululloh soʻzlariga qarshi zid soʻzdir.

Bu yerda rostgoʻylarni eng rostgoʻyrogʻi boʻlgan Paygʻambarimiz sollallohu alayhi va sallam “mendan keyin xalifalik oʻttiz yil”, yaʼni undan soʻng hech qanaqa xalifalik boʻlmaydi, deb “yolgʻon” gapirdilarmi yoki xalifalik quramiz deb musulmonlarni qoʻynini puch yongʻoqqa toʻldirayotganlarni daʼvosi botilmi? Oʻz-oʻzidan maʼlumki, paygʻambarimiz hech qachon yolgʻon yolgʻon soʻzlamagan. Ammo shunday boʻlsada bu daʼvoni koʻtarib chiqayotgan, taʼbir joiz boʻlsa Paygʻambarimizni yuqorida aytgan soʻzlarini inkor qilib, u zotni yolgʻonchiga chiqarayotgan kimsalarga ergashayotganlar ham topilib turibdi. Unday kimsalarga aytadigan soʻzimiz; Dindosh birodarim, koʻzingizni oching! Kimlarga ergashayotganingizga bir qarab mulohaza qilib koʻring! Nima uchun ularga ulamolar ergashmayapdi? Nima sababdan ummatning xizmatini qilib kelgan ulamolarni ular kofirga chiqarishmoqda? Ular xalifalik va jihod kabi islomni muqaddas shiorlarini oʻzlariga niqob qilib faqat musulmon boʻlgan xalqlar istiqomat qilayotgan yurtlarda urush olovini yoqishayapti? Ularning bu daʼvolari ortida nima turibdi? Bu kabi savollar javobi yuzlab, minglab sahifani tashkil qiladi. Islom tarixida boʻlgan xavorijlar va undan boshqa adashgan oqimlarda boʻlgani kabi hozirgi davrda ham xalifalik daʼvosini koʻtarib chiqayotgan adashgan oqimlarning asl maqsadlari ham musulmonlar manfaatidan boshqa narsa ekanligini dunyoning nufuzli ulamolari taʼkidlashmoqda.  Har bir moʻmin musulmon kishi ularning botil daʼvolaridan ogoh boʻlib oʻzi va masʼul boʻlganlarini bunday kimsalar aldoviga ilinib notoʻgʻri yoʻlga kirib qolishdan saqlanish choralarini koʻrishi kerak.  

[1] Oyatning toʻliq koʻrinishi:
وَإِذْ قَالَ رَبُّكَ لِلْمَلَائِكَةِ إِنِّي جَاعِلٌ فِي الْأَرْضِ خَلِيفَةً قَالُوا أَتَجْعَلُ فِيهَا مَنْ يُفْسِدُ فِيهَا وَيَسْفِكُ الدِّمَاءَ وَنَحْنُ نُسَبِّحُ بِحَمْدِكَ وَنُقَدِّسُ لَكَ قَالَ إِنِّي أَعْلَمُ مَا لَا تَعْلَمُونَ  
“(Ey, Muhammad!) Rabbingiz farishtalarga: “Men Yerda xalifa (Odam) yaratmoqchiman”, – degan soʻzini eslang, shunda (farishtalar): “Unda (Yerda) buzgʻunchilik qiladigan, (nohaq ravishda) qonlar toʻkadigan kimsani yaratmoqchimisan? Holbuki, biz Senga hamding bilan tasbehlar aytamiz va Seni muqaddas deb bilamiz”, aytdilar. …..” Baqara, 2/30.
[2] Oyat mazmuni ќuyidagicha:
 يَا دَاوُودُ إِنَّا جَعَلْنَاكَ خَلِيفَةً فِي الْأَرْضِ فَاحْكُمْ بَيْنَ النَّاسِ بِالْحَقِّ وَلَا تَتَّبِعِ الْهَوَى فَيُضِلَّكَ عَنْ سَبِيلِ اللَّهِ إِنَّ الَّذِينَ يَضِلُّونَ عَنْ سَبِيلِ اللَّهِ لَهُمْ عَذَابٌ شَدِيدٌ بِمَا نَسُوا يَوْمَ الْحِسَابِ 
“Ey, Dovud! Darhaqiqat, Biz seni yerda xalifa qildik. Bas, sen (nafsu) havoga ergashib ketmagin! Aks holda, u seni Allohning yoʻlidan ozdirur. Albatta, Alloh yoʻlidan ozadigan kimsalar uchun hisob kunini unutib qoʻyganlari sababli qattiq azob bordir.” Sod, 38/26.
[3] Vahba az-Zuhayliy. Fiqhu-l-islomiyi va adillatuhu. Dorul-fikr. Damashq. 8-juz. –B 468.
[4] Imom Saʼduddin at-Taftazoniy soʻzi. Muhammad Rashid ibn ali Rizo. Majallatu-l-minor. 27-juz. –B 208. / Arshifu multaqo ahlil-hadis. 3-juz. –B 337.
[5] Xalifalikka nomzod quraysh qabilasidan boʻlishi kerakligi hadis bilan dalillangan. Ammo ulamolar bu hadisni sahih emas, deyishadi.
[6] Abu Hotim Muhammad ibn Hibbon. Sahih ibn Hibbon bi tartibi Ibn Bulbon. 15-juz. –B 392. 6943-hadis.
Nodir Qobilov,
 Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot  markazi ilmiy xodimi

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …