Ayni kunlarda mamlakatimizda mehmon boʻlib turgan Qirgʻiziston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Zamir xoji Rakiyev boshchiligidagi delegatsiya aʼzolari bugun, 20 noyabr kuni Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi oʻrinbosari Homidjon Ishmatbekov hamrohligida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga tashrif buyurdi.
Qirgʻiziston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Din ishlari boʻyicha davlat komissiyasi raisi Toyganbay Abdikarov, Qirgʻiziston musulmonlari Ulamolar kengashi raisi Kochkonbay xoji Sadillayev, Hazrati Umar nomidagi Islom universiteti rektori Abdushukur Normatov, Oʻsh shahar bosh imom xatibi Ubaydullo xoji Saribayev va Jalolobod viloyatidagi Umar jomeʼ masjidi imom-xatibi Abdulaziz qori Yuldashev hamda qardosh qirgʻiz xalqining boshqa bir guruh ulamolaridan tarkib topgan delegatsiyani Markaz direktori oʻrinbosari Otabek Muhammadiyev kutib olib, Markaz va uning faoliyati toʻgʻrisida qisqacha maʼlumot berdi.
Yuqori martabali mehmonlar dastavval Markaz muzeyida boʻlishib, undan oʻrin olgan eksponatlar va nodir qoʻlyozma nusxalari bilan yaqindan tanishdilar.
Shundan soʻng mehmonlar Markaz kutubxonasi faoliyati va undagi kitob fondi hamda Markazda yaratilgan sharoitlar bilan tanishtirildi.
Tashrif yakunida delegatsiya rahbari Qirgʻiziston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Zamir xoji Rakiyev Markazning faxriy mehmonlari kitobiga dastxat yozib qoldirdi.
Delegatsiyaning mamlakatimizga tashrifi davom etmoqda.