Ayni kunlarda mamlakatimizda mehmon boʻlib turgan Turkiya Respublikasi Jandarmeriyasi Bosh qoʻmondoni, armiya generali Arif Chetin boshchiligidagi delegatsiya Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga tashrif buyurdi.
Yuqori martabali mehmonni Markaz direktorining oʻrinbosari O.Muhammadiyev kutib oldi.
Tashrif rejasiga muvofiq delegatsiya aʼzolari Markaz muzeyi faoliyati bilan tanishtirildi. Muzeydan oʻrin olgan nodir buyum va qimmatbaho qoʻlyozma nusxalari mehmonlarda katta qiziqish uygʻotdi.
Samimiy muloqot chogʻida General Arif Chetin hadis ilmining sultoni Imom Buxoriy hayoti va qoldirgan boy ilmiy- maʼnaviy merosi butun islom ummati uchun maʼrifat chashmasi boʻlib abadiy xizmat qilishini taʼkidlab, bu borada Markazning tashkil etilishi misolida respublikamizda diniy-maʼrifiy soha rivojiga qaratilayotgan yuksak eʼtibordan mamnun ekanini bildirdi.