Ayni kunlarda Turkiyada amaliy safarda boʻlib turgan Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimlaridan iborat delegatsiya Anqaradagi Turkiya Milliy kutubxonasiga tashrif buyurdi.
Tashrif avvalida tomonlar kutubxona va markazlar faoliyati bilan tanishdilar. Milliy kutubxonadagi kitoblar va qoʻlyozmalar haqida maʼlumotlar olindi. Unga koʻra hozirda kutubxonaning qoʻlyozmalar boʻlimida 28 ming manba saqlanmoqda. Ularning aksariyati elektron shaklga keltirilgan. Kutubxonaning elektron platformasiga aʼzo boʻlish orqali foydalanuvchi uchun 5000 dan ortiq qoʻlyozmalarning elektron variantidan foydalanish imkoni mavjud.
Kutubxona maʼmuriyati bilan oʻtkazilgan uchrashuvda oʻzaro hamkorlik masalalari, shu jumladan Markazlarda nashr qilingan kitoblarni kutubxona fondiga jalb qilish, oʻzbekistonlik tadqiqotchilarning Turkiya Milliy kutubxonasidan foydalanish imkoniyatlari muhokama qilindi.