Mamlakatimizda mehmon boʻlib turgan AQSH Tinchlik institutining Markaziy Osiyo va Afgʻoniston dasturlari direktori Skott Vorden boshchiligidagi delegatsiya Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga tashrif buyurdi.
Yuqori darajadagi mehmonlarni Markaz direktori Sh.Ziyodov kutib oldi.
Tashrif doirasida oʻzaro hamkorlik istiqbollari muhokamasiga oid ikki tomonlama muloqot boʻlib oʻtdi. Unda mehmonlarga Markaz faoliyati va vazifalari, yaratilgan sharoitlar, kutubxona fondi va undagi zamonaviy asarlar, muzey faoliyati haqida, xalqaro hamkorlik yoʻnalishida Markaz tomonidan bugunga qadar yetakchi xorijiy ilmiy tadqiqot muassasalari va turdosh tashkilotlar bilan hamkorlikda olib borilayotgan ishlar, shuningdek, Markaz ilmiy xodimlari tomonidan tarjima va nashr etilib, keng jamoatchilikka taqdim qilinayotgan movarounnahrlik allomalar qalamiga mansub asarlar toʻgʻrisida batafsil maʼlumotlar berildi.
Oʻz navbatida delegatsiya rahbari Skott Vorden oʻtgan davr mobaynida hamkorlikda amalga oshirilgan tadbirlar xususida toʻxtalib, 2018-2019 yillarda Markazda xodimlar pedagogik mahoratini oshirishgan bagʻishlab oʻtkazilgan oʻquv seminarlarning ahamiyati va natijalari toʻgʻrisida ijobiy fikrlarini bayon etdi.
Muloqot mobaynida mazkur oʻquv seminarlarida olingan bilim va koʻnikmalardan Markaz tomonidan diniy-maʼrifiy yoʻnalishda oliy oʻquv yurtlari va mahallalarda olib borilgan targʻibot-tashviqot tadbirlari, diniy soha vakillari, xususan imom-xatiblar, otin-oyilar ishtirokida oʻtkazilgan davra suhbatlari va seminarlar davomida samarali foydalanilganligi Markaz rahbariyati tomonidan zoʻr mamnuniyat bilan yodga olindi.
Tomonlar hamkorlikda oʻtkazib kelinayotgan va pandemiya tufayli vaqtincha toʻxtab qolgan seminar-treninglar jarayonini yangilab, “Tinchlik uchun pedagogika: tasvirlash va yetkazib berish” nomli oʻquv seminarining 3-bosqichini davom ettirishga kelishib oldilar.
Istiqbolda bu kabi tadbirlarni mamlakatimizning Toshkent, Buxoro va boshqa shaharlarida ham tashkil etish taklifi bildirildi.
Yangi formatda oʻtkazilishi rejalashtirilgan oʻquv seminaridan olingan yangi bilim va koʻnikmalar ilmiy-tadqiqot faoliyati samaradorligini oshirishi hamda Markaz xodimlarining ish jarayonida qoʻl kelishi har ikki tomon vakillari tomonidan yana bir bor eʼtirof etildi.
Uchrashuv doʻstona va samimiy ruhda oʻtdi.