Home / ALLOMALAR / FAN TARAQQIYOTIDA MOVAROUNNAHRLIK ULAMOLARNING OʻRNI (5-qism)

FAN TARAQQIYOTIDA MOVAROUNNAHRLIK ULAMOLARNING OʻRNI (5-qism)

(4-qism)Qozizoda Rumiy. Mirzo Ulugʻbek davrida Samarqandda yashab ijod etgan bu olimning toʻliq ismi Muso ibn Mavlono Muhammad ibn Qozi Mahmud boʻlib, oʻz davrida va undan keyin ham Qozizoda Rumiy nomi bilan shuhrat qozongan.

Olim taxminan 1360 yilda Brussa (Kichik Osiyo) shahrida tugʻilgan. Qozizoda Rumiyning ilmiy faoliyati asosan Samarqandda oʻtgan. U bu yerga oʻz ilmini takomillashtirish uchun kelgan. Amir Temurning saroy olimi Mavlono Ahmad uning muallimi edi. Qozizoda Rumiy ilmga boʻlgan muhabbati va sadoqati bilan Ulugʻbekning hurmatiga sazovor boʻlgan matematik va astronom olimlardan biridir. Astronom olim Qozizoda Rumiy Gʻiyosiddin Jamshid vafotidan soʻng (taxminan 1430 yil) Samarqandda olib borilgan astronomik kuzatishlarga boshchilik qilgan. 1420 yili Ulugʻbekning Samarqanddagi madrasasi qurilib bitgach, Qozizoda Rumiy astronomiya boʻyicha birinchi mudarris qilib tayinlangan. Barcha talabalar singari Abdurahmon Jomiy, hatto Ulugʻbek ham madrasaga kelib, Qozizoda Rumiyning darslarini tinglagan.

1424 yili Mirzo Ulugʻbek Samarqandda rasadxona qurish ishiga kirishishdan oldin bu masalada samarqandlik yirik olimlar – Gʻiyosuddin Jamshid, Mavlono Muʼinuddin Koshifiy va Qozizoda Rumiy bilan maslahatlashadi. Bu hol “Aflotuni zamon” (“Oʻz davrining Aflotuni”) deb atalgan Qozizoda Rumiyning oʻz zamonasi bilimlaridan toʻla foydalanganini va oʻsha davr olimlari tomonidan toʻla taqdirlanganini koʻrsatadi.

Gʻiyosuddin Jamshid asli koshonlik (Eron) boʻlib, Samarqandga kelib turgʻun boʻlib qolgan. Gʻiyosuddin Jamshid ibn Masʼud Koshiy Ulugʻbek maktabida muhim oʻrin tutgan. Olim 1416 yiliyoq astronomiyaga oid asboblar haqida risola yozgan. Unda bayon qilingan asboblarning koʻpidan Ulugʻbek rasadxonasidagi ilmiy kuzatishlarda foydalanilgan. Matematika, geometriya, trigonometriya, mexanika va astronomiya kabi fanlarning chuqur bilimdoni boʻlgan Gʻiyosuddin Jamshid Ulugʻbekning eʼtibori va hurmatiga sazovor boʻlgan. Mirzo Ulugʻbek rasadxona qurishdan oldin bu masalada Mavlono Muʼinuddin Koshifiy, Qozizoda Rumiy qatorida Gʻiyosuddin Jamshid bilan ham maslahatlashgan.

Samarqandda yashab ijod etgan va Ulugʻbek rasadxonasining peshqadam astronom olimi boʻlgan Gʻiyosuddin Jamshid “Ziji Hoqoniy dar takmili ziji Ilhoniy” (“Ilhon zijini takomillashtirishda Hoqon ziji” – bu asar Marogʻa rasadxonasida Nosiruddin Tusiy rahbarligida tuzilgan astronomiya jadvallariga asos qilib olingan), “Risola al-muhitiya” (“Doira haqida risola”), “Sullom as-samovot” (“Osmonlar narvoni”), “Nuzhat al-hadoyiq” (“Bogʻlar sayri” – astronomiyaga oid asboblar sharhi), “Miftoh al-hisob” (“Hisob kaliti” – arifmetika va algebra), “Risola al-vatar al-jayb” (“Sinuslar haqida risola”) kabi asarlarni yozgan.

Mirzo Ulugʻbek (1394-1449). Mirzo Muhammad ibn Shohruh ibn Temur Ulugʻbek Koʻragon (Muhammad Taragʻay) – buyuk munajjim va matematik, oʻz davrining atoqli olimi, davlat arbobi, Amir Temurning nabirasi.

Ulugʻbek 1394 yil 22 martda hozirgi Ozarbayjon hududidagi Sultoniya shahrida tugʻilgan. 1409 yilda Samarqand hokimi deb eʼlon qilingan va otasi Shohruh vafotidan soʻng 1447 yilda Temuriylar sulolasining rahnamosi boʻlgan.

Mirzo Ulugʻbek yoshligidan ilm-fan va sanʼat, ayniqsa, matematika va astronomiyaga katta mehr qoʻygan. Uning intellektual ufqlari kengayishiga bobosi va otasi toʻplangan boy kutubxona yordam bergan. Xotirasi kuchli, arab va fors tillarini yaxshi bilgan, turkiy (qadimgi oʻzbek) sheʼriyatni chuqur oʻzlashtirgan, adabiy uslublar nazariyasini yaxshi xabardor boʻlib, adabiy munozaralarda qatnashgan. Ulugʻbekning eng taniqli ustozlaridan biri matematik va astronom Qozizoda Rumiy edi.

Ulugʻbek davrida Samarqand ilmning jahon miqyosidagi markazlaridan biriga aylandi. Bu erda Gʻiyosiddin Jamshid Koshiy, Ali Qushchi kabi yirik olimlardan toʻplangan ilmiy maktab vujudga keldi.

1417-1420 yillarda Ulugʻbek Samarqandda madrasa qurdi va u Registon meʼmoriy ansamblidagi birinchi bino boʻldi. Ulugʻbek Islom olamining koʻplab astronom va matematiklarini shu madrasaga taklif qildi.

Ammo Ulugʻbekning ishtiyoqi astronomiya edi. U ilmiy safdoshlari bilan rasadxona bunyod qilishga kirishdi. Taxminan 1428-1429 yillarda qurilishi yakunlangan rasadxona oʻz davri uchun oʻta noyob bino boʻldi. Bu yerda 1018 yulduzning koordinatalari aniqlanib, astronomik katalog yaratildi va u jahon ilm-faniga xazinasiga ulkan hissa boʻlib qoʻshil. Rasadxonada ekliptikaning ekvatorga moyilligi va yulduz yilining uzunligini aniqlash boʻyicha ishlar olib borildi. Ulugʻbek 1437 yilda astronomik yil uzunligini aniqladi – 365 kun 6 soat 10 daqiqa 8 soniya. Agar astronomik yil uzunligi 31 million 558 ming 150 soniyani tashkil etishi hisobga olinsa, Ulugʻbek qanday aniqlik bilan oʻlchov oʻtkazganligi ayon boʻladi.

Davomi bor…
Professor Baxtiyor TOʻRAYEV – falsafa fanlari doktori,
Anvar BOBOYEV

Check Also

ABU BAKR JASSOS ILMIY MEROSINING HANAFIY MAZHABI RIVOJIDA TUTGAN OʻRNI

Abu Bakr Jassos (vaf. 370/981) qoldirgan ilmiy meros hanafiy mazhabida oʻziga xos ahamiyatga ega. Alloma …