Mamlakatimizda barcha yoʻnalishlar qatori diniy-maʼrifiy sohada, xususan, din va eʼtiqod erkinligi jabhasida, jaholatga qarshi maʼrifat bilan kurash borasida juda katta va salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.
Ayniqsa, Oʻzbekistonda turli millat va elatlar, diniy konfessiya vakillari oʻrtasida oʻzaro doʻstlik rishtalarini yanada mustahkamlash, ulugʻ allomalarning boy ilmiy merosini oʻrganish kabi yoʻnalishlarda ilgari surilgan ezgu tashabbuslar, diniy bagʻrikenglik tamoyillarini qaror toptirish, islom dinining tinchlikparvar va maʼrifatga asoslangan taʼlimoti xalqaro hamjamiyat tomonidan ham yuksak eʼtirof etilmoqda.
Shuni alohida taʼkidlash joizki, yurtimizda fuqarolarning vijdon erkinligi sohasidagi konstitutsion huquqlarini taʼminlash, jamiyatda diniy bagʻrikenglik va dinlararo doʻstlik-hamkorlik gʻoyalarini yanada mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Xususan, 2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasining beshinchi yoʻnalishi — xavfsizlik, diniy bagʻrikenglik va millatlararo totuvlikka bagʻishlangani ham mazkur masalaga davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishi sifatida qaralishini bildiradi.
Shundan kelib chiqib, tegishli davlat organlari va jamoat tashkilotlari tomonidan fuqarolarning Konstitutsiya bilan kafolatlangan vijdon erkinligi huquqini taʼminlash hamda diniy bagʻrikenglik va millatlararo totuvlikni mustahkamlashga qaratilgan keng koʻlamli ishlar olib borilmoqda.
Bugungi kunda Oʻzbekistonda 16 diniy konfessiyaga mansub 2313 ta diniy tashkilot faoliyat yuritadi. Shundan 2122 tasi islomiy, 174 ta xristian diniy tashkiloti, 8 ta yahudiy, 6 ta bahoiy jamoalari, 1 ta krishnani anglash jamiyati, 1 ta buddaviylar ibodatxonasi va 1 ta Oʻzbekiston Bibliya jamiyatidir. Shuningdek, qisqa muddat ichida 54 ta masjid yangidan barpo etildi, 17 ta yangi noislomiy diniy tashkilot oʻz faoliyatini boshladi.
Din ishlari boʻyicha qoʻmita huzuridagi Konfessiyalar ishlari kengashining tarkibi Oʻzbekistonda faoliyat yuritayotgan diniy konfessiyalar vakillari hisobiga 9 tadan 17 ta aʼzoga kengaydi. Ushbu kengashning yigʻilishlari muntazamlik kasb etib, yiliga ikki marta oʻtkazilmoqda.
Maʼlumki, joriy yilning 5 iyul kuni Oʻzbekiston Respublikasining “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi qonuni qabul qilindi. Ushbu qonun konfessiyalararo totuvlikni taʼminlash, jamiyatda turli din va eʼtiqod vakillari oʻrtasida oʻzaro bagʻrikenglik, hamjihatlikni yanada mustahkamlashda huquqiy asos boʻlib xizmat qilishini alohida taʼkidlab oʻtish lozim.
Mamlakatimizda diniy taʼlim tizimi ham tubdan takomillashtirildi, yangidan-yangi taʼlim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlari faoliyati yoʻlga qoʻyildi.
Hozirgi kunda respublikamizda dunyoviy va diniy ilmlarni puxta egallagan yetuk mutaxassislarni tayyorlashga ixtisoslashgan Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi, Toshkent islom instituti, “Mir Arab” oliy madrasasi, Hadis ilmi maktabi, 10 ta oʻrta maxsus islom bilim yurti hamda pravoslav va protestant seminariyalari faoliyat olib boryapti.
Islom ilm-fani va madaniyatining boy tarixiy, ilmiy, maʼnaviy merosini har tomonlama oʻrganish, eng muhimi, islom dinining insonparvarlik mohiyatini chuqur ochib berish, jaholatga qarshi maʼrifat bilan kurashish maqsadida Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Samarqandda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Surxondaryoda Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Qashqadaryoda Abul Muin Nasafiy majmuasi tashkil etildi.
Oʻzbekistonning ziyorat turizmi borasidagi salohiyatini keng namoyon etish maqsadida bir qator xorijiy davlatlar bilan keng hamkorlik aloqalari yoʻlga qoʻyildi. Jumladan, Buyuk Britaniya, Marokash, Vengriya, Saudiya Arabistoni, Qozogʻiston, Tojikiston, Qirgʻiziston, Indoneziya, Yaponiya, Turkiya, Misr, Rossiya, Germaniya, Ispaniya, AQSH, Malayziya, Hindiston, Pokiston singari davlatlarning diniy sohaga masʼul turdosh vazirlik va idoralari, ilmiy-tadqiqot markazlari hamda taʼlim muassasalari bilan 70 dan ortiq hamkorlik memorandumi imzolandi.
Respublikamizda turli dinlarga eʼtiqod qiluvchi insonlarning barcha ibodat va marosimlarini emin-erkin bajarib, diniy bayramlarini keng miqyosda nishonlashi uchun ham har tomonlama shart-sharoitlar yaratib berilmoqda. Jumladan, musulmonlarning ikki Hayit bayrami, nasroniylarning Pasxa va Rojdestvo, yahudiylarning Peysax, Purim va Xanuka bayramlari keng nishonlanmoqda. Ushbu sanalarda konfessiya yetakchilarining bir-birlarini oʻzaro bayram bilan tabriklashi yaxshi anʼanaga aylangan.
Maʼlumki, yurtimizda har yili 16 noyabr — Xalqaro bagʻrikenglik kuni munosabati bilan turli diniy konfessiya vakillari, xorijiy davlat va xalqaro tashkilotlar masʼullari ishtirokida xalqaro konferensiya oʻtkaziladi.
Mazkur sana munosabati bilan turli konferensiya va anjumanlar, davra suhbati va uchrashuvlarni oʻz ichiga qamrab olgan “Bagʻrikenglik haftaligi”ning joriy etilgani, shubhasiz, jamiyatda bagʻrikenglik gʻoyalarining mustahkamlanishi, turli millat va elat hamda diniy konfessiya vakillari oʻrtasida oʻzaro doʻstlik va hamjihatlik munosabatlarining yanada mustahkamlanishiga xizmat qilmoqda.
Oʻzbekistondagi diniy erkinlik, dinlararo barqarorlik va diniy bagʻrikenglikni mustahkamlash borasida jiddiy qadamlar tashlangani, bu boradagi ijobiy oʻzgarishlar xalqaro hamjamiyat eʼtiboriga tushdi.
Xalqaro diniy erkinliklar sohasidagi bir qator ekspertlar, soha mutaxassislari mamlakatimizga tashrifi chogʻida diniy erkinlikni taʼminlash, amaldagi normalarni soddalashtirish, radikalizmga qarshi kurashish, qolaversa, maʼrifiy islom gʻoyalarini ilgari surish borasidagi amaliy ishlarga oʻzlari bevosita guvoh boʻlmoqda.
Shuni alohida taʼkidlash kerakki, yurtimizda minglab mahkumlarning afv etilishi, fuqarolarning turli roʻyxatlardan chiqarilishi, diniy tashkilotlarni roʻyxatdan oʻtkazish tartibi soddalashtirilishi ekspertlar tomonidan yuqori darajadagi islohotlar sifatida eʼtirof etilmoqda. Qolaversa, Oʻzbekiston diniy sohadagi “Alohida tashvish tugʻdiradigan davlatlar” roʻyxatidan chiqarilgani ham bu boradagi ishlarning yorqin amaliy ifodasidir.
Oʻzbekistonda faoliyat yuritayotgan turli konfessiya vakillarining oʻzaro ahil, inoq va hamjihatlikda yashashlari hamda faoliyat yuritishlari, shubhasiz, mamlakatdagi tinchlik va osoyishtalikning eng muhim omillaridan biri hisoblanadi.