Home / ALLOMALAR / FAN TARAQQIYOTIDA MOVAROUNNAHRLIK ULAMOLARNING OʻRNI (2-qism)

FAN TARAQQIYOTIDA MOVAROUNNAHRLIK ULAMOLARNING OʻRNI (2-qism)

(1-qism)Bu olimlar jahon faniga qanday hissa qoʻshishgan?

Al-Xorazmiy nol (sifr) raqamini kashf qilib, oʻnlik sanoq sistemasini isteʼmolga kiritdi, insoniyatga algebra fanini, algoritmik tartibot sistemasini inʼom qildi. Bugungi informatsion texnologiya ildizi Al-Xorazmiyning shu kashfiyotiga borib taqaladi. Uning astrolyabiyani ixtiro qilganligi, “Aljabr val-muqobala”, “Astronomik jadvallar”, “Hind sanoq sistemasi haqidagi risola”, “Quyosh soatlari haqidagi risola”, “Musiqa haqidagi risola”[1] kabi asarlari dunyoning koʻplab kutubxonalarida saqlanmoqda.

Fargʻoniy. Toʻliq ismi Abul Abbos Ahmad ibn Muhammad ibn Kasir al-Fargʻoniy (798861). Fargʻona vodiysidagi hozirgi Soʻxning Kasir qishlogʻida tugʻilgan boʻlib, Yevropada Alfraganus nomi bilan tanilgan, astronomiya fani asoslarini, yulduzlar harakatini oʻlchash qoidalarini, xronologik jadvallarni ishlab chiqqan. Uning astronomik yulduzlar jadvali (Ziji) bugungi kungacha oʻz qiymatini yoʻqotmagan. 861 yili Nil daryosining Qohiraga yaqin joyidagi Rauda orolchasida daryo suvi toshishini oldindan koʻrsatuvchi Miqyosi Nilni bunyod etgan. Bu misrliklarga dehqonchilik madaniyatini rivojlantirishda juda qoʻl kelgan, ekin ekishni toʻgʻri tashkil qilishga yordam bergan, suv soligʻini tartibga solgan, odamlarni ocharchilikdan saqlab qolgan. Uning “Astronomiya asoslari” kitobi Yevropa universitetlarida yangi davrlarda ham darslik sifatida oʻqitilgan.

Al-Xorazmiy va Fargʻoniy marvlik matematik va astronom olim Umar ibn Muhammad ibn Xolid ibn Abd ul-Malik al-Marv ar-Roʻziy yoki al-Marvaziy (IX asr) ismli mutafakkir Yahyo ibn Abu Mansur, Sanad ibn Ali, al-Javhariy singari olimlar bilan Damashq va Bagʻdodda astronomik kuzatish ishlari olib borgan.

Yana bir turkiy matematik va astronom olim Abul-Fazl Abd al-Hamid ibn Vosi ibn Turk al-Xuttaliy (IX asr) ham Al-Xorazmiyning safdoshlaridan boʻlib, u bilan birgalikda algebra fanini yaratishda ishtirok etgan. Al-Xuttaliy Yer meridianining 1 gradusli yoyi uzunligini oʻlchashda ham qatnashgan. Uning “Arifmetika va sonlarning xususiyatlari haqidagi nodir kitob”, “Savdolashish kitobi” kabi noyob asarlari haqida maʼlumotlar bor.

Endi insoniyatning ilohiy va falsafiy fikrlar xazinasini boyitgan mutafakkirlarimiz haqida toʻxtalaylik.

Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil ibn Ibrohim ibn al-Mugʻiyra ibn Bardazbeh al-Jufiy al-Buxoriy (810–870). Buxoroda tavallud topgan, dunyoga hadisshunos sifatida tanilgan ulugʻ mutafakkir olim. U paygʻambarimiz Muhammad(s.a.v)ning tabarruk hadislarini ishonarli manbalardan toʻplabgina qolmay, insoniyatga maʼnaviy poklanish, axloqiy va maʼrifiy jihatdan oʻzligini anglash yoʻlini koʻrsatib, bashariyatni axloqiy va maʼnaviy tanazzuldan saqlab qoldi. Bugungi kunda Gʻarb dunyosida axloqiy degradatsiya nihoyatda kuchaya boshlagan bir sharoitda insoniyat uchun uning axloqiy merosi juda muhim ahamiyat kasb etishi mumkin. Gʻarbda chegaralanmagan demokratik oʻyinlar taʼsirida oila instituti yemirilib, oilaviy tarbiya izdan chiqmoqda. Bunday sharoitda Gʻarb oilasini faqatgina Imom Buxoriyning “Adab ul-Mufrad” asarida toʻplangan hadislardagi gumanistik gʻoyalardan toʻgʻri foydalanish evaziga qutqarib qolishi mumkin. Bu gʻoyalarda oilani, uning boshida turgan ota-onaning hamjihatliligi va oila qarshisidagi masʼuliyatigina najot keltirishi mumkin, deb taʼlim beriladi. Haqiqatan ham, gʻarbcha “chegaralanmagan erkinlik” oila masʼuliyatining ham zavolidir.

Abu Mansur Muhammad ibn Muhammad al-Moturidiy (870-944) yirik faylasuf, faqih va kalomshunos olim. U islom dinida eʼtiqodni “toʻgʻri yoʻlga soluvchi” imom sifatida nom qozongan kalom taʼlimotining yirik namoyandasidir. Olimning “Taʼvilot al-Qurʼon”, “Kitob at-Tavhid”, “Sharh al-Fiqh al-Akbar” kabi asarlari islomshunoslikda alohida qiymatga ega. Bu asarlarning falsafiy jihati, ularda mantiqiy izchillikning yuksakligi, aql-idrokli insonning oʻz xatti-harakatlariga oʻzi masʼul ekanligi, bilib turib aqlni ishlatmaslik jinoyat va u jazoga loyiq ekanligi haqidagi gʻoyalari eʼtiqodni mustahkamlashda odilona yoʻl edi.

Abu Nosir Muhammad ibn Muhammad ibn Tarxon ibn Uzlugʻ al-Forobiy at-Turkiy (872-950) yirik turkiy mutafakkir, ensiklopedist-olim, yunon falsafasi asoslarini arab tilida izohlab bergan yirik faylasuf, mantiqshunos, musiqashunos, tilshunos, tarixchi, astronom, tabiatshunos boʻlgan. U 80ga yaqin tilni bilgan va ularning barchasida ijod qila olgan.

Arab ilm-fanida Aristotelni muallimi avval, yaʼni birinchi muallim deb atashgan boʻlsa, Forobiyni muallimi soniy, yaʼni ikkinchi muallim deb sharaflashgan.

Forobiyning falsafa tarixi, ijtimoiy falsafa, sotsiologiya, gnoseologiya, ontologiya va mantiqqa oid asarlari bugungi kunda ham oʻz qiymatini yoʻqotmagan. U matematika, astronomiya, musiqa, tibbiyot, tilshunoslik, tarix va ilohiyotga oid asarlar ham yozgan. U Misrda yozgan “Fozil insonlar shahri” asarida ijtimoiy falsafaning qonuniyatlari haqida, jamiyat taraqqiyotining qonuniyatlari va harakatlantiruvchi kuchlarini asosli ravishda mantiqiy izchillikda tushuntirib beruvchi fikrlarni ilgari surgan. U umrining oxirlarida yozgan “Musiqa haqidagi katta kitob” asari esa musiqa nazariyasi asoslarini talqin etishga, musiqa ohanglarini simvolik usulda qogʻozga yozish mumkinligiga bagʻishlab bitilgan noyob asardir. Bu uni musiqa notalari kashfiyotchisi, deb aytishga asos boʻladi.

[1] Qar.: Klassicheskaya nauka Sredney Azii i sovremennaya mirovaya sivilizatsiya. – T.:Fan, 200. S.4.

Davomi bor…

Professor Baxtiyor TOʻRAYEV – falsafa fanlari doktori,
Anvar BOBOYEV

Check Also

ABU BAKR JASSOS ILMIY MEROSINING HANAFIY MAZHABI RIVOJIDA TUTGAN OʻRNI

Abu Bakr Jassos (vaf. 370/981) qoldirgan ilmiy meros hanafiy mazhabida oʻziga xos ahamiyatga ega. Alloma …