Movarounnahrda Islom sivilizatsiyasi taraqqiyotining ilk bosqichlari yettinchi asrdan boshlangan boʻlsa, 8-9 asrlarga kelib, bu oʻlkada qudratli sivilizatsion taraqqiyot jonlandi. Bu hodisa bir tomondan madaniy taraqqiyotning qadimiy oʻchogʻi hisoblangan bu yurtda qayta tiklanish roʻy berayotganligi sababli, ikkinchi tomondan islom sivilizatsiyasining maʼrifatparvarlik va gumanistik mohiyati oʻzining eng qulay zaminiga oʻrnashganligi oqibatida sodir boʻldi.
Antuan de Ekzyuperi oʻzining “Kichik shahzoda” nomli asarida bir voqeani hikoya qiladi. Bu hikoyada bayon etilishicha, kunlardan birida astronomiya boʻyicha xalqaro simpoziumda bir turk olimi turkcha libosda minbarga chiqib, bir yangi yulduzni kashf etganligini maʼlum qiladi. Zaldagilar bu yangilikka eʼtibor bermasdan turkcha libosli astronomning ustidan kulishadi. Kelgusi simpoziumda esa oʻsha olim yevropacha zamonaviy kiyimda yana oʻsha yangilikni aytganida, hamma oʻrnidan turib uni olqishlashadi. Bu hikoya fransuz adibining kitobiga bejiz kiritilmagan edi. Dunyoda osiyoliklarga, xususan turkiy sivilizatsiya vakillariga kamsitib qarash odatiy holga aylanib qolgan, ularni jahon sivilizatsiyasi yutuqlaridan ancha orqada qolgan, yovvoyi va toʻpori xalqlar deb hisoblash yevropaliklar orasida keng tarqalgan edi. Buning ustiga arab aristrokratlari orasida ham baʼzan arab boʻlmagan osiyoliklarga kamsitib qarash, oʻzlarini haqiqiy musulmonlar hisoblab, boshqalarni esa islomni keyin qabul qilgan ajamliklar deb, ularning taʼlimotlariga nopisandlik bilan qarash odati uchraydi.
Aslida vaziyat boshqacharoqdir: Arab hukmdorlaridan xalifa Horun ar-Rashid (766-809) va uning forslik kanizagidan tugʻilgan farzandi xalifa Maʼmun (786-833) davrida arab xalifaligida ilm-fan taraqqiyotiga alohida eʼtibor berilgan.
Adolatli hukmdor nomi bilan dunyoga mashhur boʻlgan Horun ar-Rashidning tashabbusi bilan Bagʻdodda kutubxona tashkil etiladi. Xalifa Maʼmun davrida esa oliy madrasa, yaʼni universitet bunyod etiladi. Universitet va kutubxona zamirida donishmandlar uyi “Bayt ul-Hikma” shakllangan. Bu tashkilotni hozirgi fanlar akademiyasiga qiyoslash mumkin. Bu tashkilot Movarounnahrdan keltirilgan olimlar kuchi bilan rivojlantirilgan.
Maʼmun dastlab Xurosonda voliy, yaʼni hokimlik qilgan paytlari oʻsha davrda jahonga mashhur boʻlgan turkiy olimlarni Xorazm, Samarqand va Fargʻona vodiysidan olib kelib, Marvda, hozirgi Turkmanistonning Mari shahrida, olimlarning munozaralarini tashkil etgan. Marvdagi bu olimlar kengashining yuragi va harakatlantiruvchi kuchlari Xorazm va Turonning boshqa yerlaridan kelgan olimlar edi. Maʼmun hokimiyatini mustahkamlab turganlar ham, islom sivilizatsiyasining tamal toshlarini bunyod qilganlar ham oʻshalar edi. Bagʻdoddagi “Bayt ul-Hikma”ning dastlabki kutubxonachilaridan (Keshiy) tortib, mazkur ilm-fan akademiyasining prezidentigacha (al-Xorazmiy), yetakchi mudarrislaridan (Marvaziy, Ahmad Fargʻoniy) tortib, xazinabonlarigacha turkistonlik, xorazmlik, samarqandlik, fargʻonalik, oʻzganlik turkiy olimlar boʻlishgan.
Bu olimlar shu davrda oʻnlik sanoq sistemasini isteʼmolga kiritgan, algebra fanini kashf qilib bergan Al-Xorazmiy, Nil daryosining toshish davrlarini oldindan aytib beruvchi Miqyosi Nilni ixtiro qilib, fizika, astronomiya fanlarining ildizini ishlab chiqqan Ahmad Fargʻoniy, geometriya, trigonometriya, ximiya, fizika, geodeziya singari oʻnlab hozirgi zamon tabiiy, tibbiy va mantiqiy fanlarining asoslarini (oʻsha davrlarda) ishlab chiqqan olimlar ham oʻshalar ichidan chiqqan edi.
Maʼmun otasi vafotidan soʻng, taxtga oʻtirgan akasi al-Aminning qoʻlidan 813 yili, arablarga qarshi fuqarolar urushi vositasida taxtni qoʻlga oladi va Movarounnahrlik maʼrifatparvar olimlar bilan birgalikda Bagʻdodda ilm-fan taraqqiyoti yoʻlida jonkuyarlik qiladi. Turkiy olimlar ishtirokida Xurosonda (Marvda) tashkil etilgan ilm-fan toʻgaragini ham Bagʻdodga koʻchiradi. Bu ilmiy anjumanga mashhur bobokalonimiz Abu Abdulloh Muhammad ibn Muso Al Xorazmiy (783-850) rahbarlik qilgan.
Bu davrda samoviy jismlarning harakatlanishini aniqroq oʻlchash maqsadida 829 yili Bagʻdodda astronomik observatoriya quriladi, qadimgi yunon faylasuf-olimlarining tabiiy-ilmiy, tibbiy va astronomik asarlari arab tiliga tarjima qilinadi, jumladan, Ptolomeyning “Almagest” asari ham oʻsha anjuman olimlari tomonidan tarjima qilingan. Donishmandlar uyida ijod qiluvchi olimlar Yer meridiani uzunligini aniqlash, arab xalifaligi joylashgan yerlarning geografik xaritalarini chizish, xalq orasida afsonaviy xususiyatlari bilan nomi chiqqan sirli gʻorlarga ekspeditsiyalar uyushtirish ishlarini ham olib borishgan. Bu olimlar fargʻonalik Ahmad Fargʻoniy, turkistonlik Ibn Turk, Habash al-Hasib, marvlik Marvaziy, keshlik Keshiy singari donishmandlar edi. Davomi bor…