Buyuk Ipak yoʻlining markaziy tarmoqlari Samarqand Sugʻdi orqali oʻtgani bois markaziy Sugʻdda joylashgan Dabusiya shahri qadimda xalqaro savdo-sotiq munosabatlarida muhim oʻrin tutgan. Dabusiyada nafaqat savdo-sotiq, balki meʼmorlik, hunarmandlik, toʻqimachilik, kulollik va dehqonchilik kabi sohalar ham ancha rivoj topgan. Jumladan, ipdan toʻqilgan “vedariy” navli matosi jahon bozorlarida juda xaridorgir boʻlgan. Bu gazlama “Xuroson parchasi” deb ham atalgan[1].
Yozma manbalar, arxeologik maʼlumotlar va ilmiy tadqiqotlar natijasiga koʻra, Dabusiya shahrida moʻgʻullar istilosiga qadar – XIII asr boshlarigacha hayot qaynagan. Undan soʻng shahar hududi ancha torayib, u bir qalʼaga aylangan va Dabusqalʼa nomini olgan. XX asrning 30-yillariga kelib, uning katta qismi qabristonga aylanib ketgan. Hozirgi kunda Dabusqalʼa xarobalari Samarqand viloyati Paxtachi tumani hududidan oqib oʻtuvchi Zarafshon daryosining chap qirgʻogʻidagi Dobusqaʼla qishlogʻining shimoliy tomonida saqlanib qolgan.
“Dabusiya” soʻzining etimologiyasiga toʻxtaladigan boʻlsak, “Dabus” soʻzi “temir qoʻrgʻon” degan maʼnoni bildiradi. Shahar devorlari mustahkam qurilgani uchun shunday atalgan[2].
Yodgorlik uch qismdan: Ark, shahriston va rabotdan iborat boʻlgan. Ark yodgorlikning shimoli-gʻarbiy burchagida joylashgan. Arkning shimolidan Zarafshon daryosi oqib oʻtadi, gʻarbiy qismi esa baland mudofaa devori bilan oʻralgan. Arkning janubiy qismi shahristondan chuqur xandaq bilan ajratilgan. Ark bilan shahriston faqatgina sharqiy tomondan bir-biriga tutashgan[3]. Arkning shimoliy qismini hozir Zarafshon daryosi yuvib bormoqda. Daryo yuvgan tomonda 5-6 metrlik madaniy qatlam va unda mavjud boʻlgan badrablar yaqqol koʻrinib turibdi[4].
Shahristonning janubi-gʻarbiy qismida XVI-XVII asrlarga oid pishiq gʻishtdan barpo qilingan maqbara mavjud. Uning ichkari va tashqarisida bir nechta qabr bor. Ularning ustiga marmar tosh qoʻyilgan.
Xalq orasida mazkur qabrlarga dafn qilingan shaxslar haqida turlicha qarashlar mavjud. Ayrimlar maqbara ichkarisidagi qabrda Abu Hurayra dafn etilgan, desa, boshqalar Imom Bahra ota nomli shaxs dafn etilgan, deydi. Bu holatga aniqlik kiritish va qabrtoshlardagi bitiklarni oʻrganish maqsadida OʻzFA Arxeologiya instituti ilmiy xodimi tarix f.n. Komil Rahimovning taklifiga koʻra, 2013 yil oktyabr oyida ilmiy safar tashkil etdik.
Oʻrganish jarayonida quyidagilar maʼlum boʻldi: Ziyoratgoh atrofida obodonlashtirish ishlari olib borilayotgan vaqtda arab xatida yozilgan toshbosma kitoblarning baʼzi varaqlari topilgan. Ular 1850-1880 yillarda bosilgan turkiy va forsiy tillardagi adabiyot, islom huquqshunosligi va sheʼriyatga oid kitoblarga tegishli. Varaqlarda hikmat, rivoyat va gʻazallar yozilgan. Ular yirtilib, ayrim joylari chirib ketgan. Hatto baʼzilari tuproqqa qorishib, bir-biriga yopishib qolgan. Shu bois u sahifalardagi yozuvlarni toʻliq oʻqib boʻlmaydi. Ustiga-ustak, ular raqamlanmagan ham. Baʼzi varaqlarda poygir qoʻyilgan, baʼzilarida esa yoʻq.
Maqbara ichidagi qabrga yer sathidan pishiq gʻisht terilib, taglik qilingan. Ustidan balandligi 183 sm., eni 63 sm., qalinligi 13 sm. oʻlchamli marmartosh janubga sal qiya holatda yotqizilgan. Uning ustiga silliqlab pardozlangan toʻrt burchakli katta koʻk marmartosh qoʻyilgan
Koʻk toshning uzunligi 163 sm., eni 36 sm., balandligi shimoldan 50 sm., janubdan 48 sm.ni tashkil etadi. Toshning ustki qismi chetlari boʻylab aylanasiga toʻrt burchakli shakl chizilgan. Oʻtkir did bilan hoshiyalangan sagʻana toshi oʻrtadan ikki joydan nafis naqshlar bilan birlashtirilgan va suls xatida arabiy yozuvi bilan chiroyli qilib bezatilgan.
Qabrtoshda arab tilida suls xatida: “Bu – gunohlari magʻfirat qilingan abror bandaning qabri. Bu – jannat bogʻlaridan biri. U shahid boʻlgan buyuk va yetuk Imom Bohirning joyi. “Oliy jannatda, jannat mevalari yaqin” boʻlgan bogʻcha. Alloh u zotga hijriy bir ming sakkizinchi (1008/1599) yilda oʻz jannatidan joy berdi”, mazmunidagi bitik yozilgan.
Maqbaradan tashqarida janubiy, yaʼni oyoq uchi tarafda yana bir qabr boʻlib, uning ustiga ham koʻkimtir marmardan tayyorlangan qabrtosh oʻrnatilgan. Toshga yaxshi ishlov berilgan boʻlib, uning balandligi 179 sm., eni 53 sm., qalinligi 11 sm.ni tashkil etadi.
Qabrtoshda arab tilida suls xatida: “Bu – vafot etib, Alloh rahmatiga yetgan, magʻfirat qilingan bandaning qabri. Bu bogʻ yashillikka burkangan jannat bogʻlaridan bir bogʻ va Rizvon bogʻlaridan bir bogʻdir. Alloh uni jannat mevalari yaqin boʻlgan, oliy jannatga joylashtirdi. (Bu) muqaddas qabr (mashhad) ulugʻ va buyuk amir Doʻstim Chashm Abroʻ ibn Amir Sulton Ahmad biyniki, // Alloh ularning gunohlarini kechirsin va ayblarini pinhon qilsin. Nabiy (S.A.V.) hijratlaridan bir ming sakkiz (1008/1599) yil oʻtib (vafot etdi)”, mazmunida bitilgan yozuv bor.
Qabrtoshdagi yozuvlardan maqbara ichidagi qabr Imom Bohirniki ekanligi maʼlum boʻlsa, maqbara tashqarisidagi ikkinchi qabr Abroʻ ibn Amir Sulton Ahmadbiyniki ekanligini bilib olish mumkin. Yuqorida takidlaganimizdek, bu ziyoratgoh xalq orasida “Imom Bahra ota” nomi bilan mashhur.
Maqbara atrofida ham bu kabi XVII-XVIII asrlarga oid, turli oʻlchamdagi marmar qabrtoshlarni koʻplab uchratish mumkin. Ulardan birining eni 17-20 sm., uzunligi 85-90 sm. boʻlib, unda quyidagi bitik yozilgan:
“Vafoti Yoqutjon Gul bint Fuloniy”
Uning yonidagi qabrtoshda esa arab tilida “Bu qabrning sohibi Xonimjon bint Xushmon Boykaniy”, degan bitik bor.
Xulosa oʻrnida shuni aytib oʻtish joizki, Dabusqalʼa yodgorligi hududida barpo etilgan “Imom Bahra ota” maqbarasi va uning atrofidagi qabrtoshlardagi bitiklarni tahlil qilish natijasiga koʻra, mazkur maqbara XVI-XVII asrlarga oid ekanligini bilib olish mumkin.
Keyingi yillarda “Imom Bahra ota” maqbarasi va uning atrofida viloyat va tuman hokimliklari, mutasaddi tashkilotlar tomonidan obodonlashtirish ishlari olib borilgan.
Oʻylaymizki, kelgusida Dabusqalʼa yodgorligida olib boriladigan tadqiqotlar yana ham keng koʻlamli boʻlib, buning natijasida shahar tarixining yangi qirralari ochib beriladi.