Ahli islom Rasululloh sallallohu alayhi vasallamni juda yaxshi biladi va u zotning barcha fazilatlari bilan atroflicha tanishdir. Olijanoblik, bagʻrikenglik, kechirimlilik, qanoatlilik, saxiylik, rahmdillik, oʻzgalarning gʻami bilan yashash, oqillik, donolik, odillik…
Muxtasar aytganda, insonda nimaniki fazilat atash mumkin boʻlsa, ularning barchasi Rasululloh sallallohu alayhi vasallamga xosdir.
Alloh elchilarining muhri boʻlgan Nabiy sallallohu alayhi vasallam insonlarning eng yaxshisi boʻlganlarini islomni qabul qilmagan, lekin muqaddas dinimiz haqida oʻz fikrini aytishga jurʼat qila olgan yirik siyosat va jamoat arboblari ham taʼkidlab oʻtgan.
Xususan, Hindiston milliy ozodlik harakatining eng mashhur rahbari Mahatma Gandi (1869-1948) bunday degan edi: “Bugun shak-shubhasiz millionlab insonlar qalbidan joy olgan bu yaxshilarning yaxshisini bilgim keladi. Shunga qatʼiy ishonch hosil qilganmanki, oʻsha davrda Islomga hayotdan oʻrinni shamshir olib bermagan… Aksincha, bu Paygʻambarning (sallallohu alayhi vasallam) har tomonlama pokligi, oliy darajadagi fidoyiligi, barcha vazifalarini qatʼiy bajarishi, doʻstlari va izdoshlariga buyuk vafo va sadoqati, bemisl jasorati, Xudoga va oʻz missiyasiga mutlaq ishonchi (natijasi)dir”.
Taniqli ingliz dramaturgi Bernard Shou (1856–1950) ham oʻziga xos fikr bildirgan: “Muhammaddek (sallallohu alayhi vasallam) odamga bugungi dunyomizni yolgʻiz boshqarishga toʻgʻri kelib qolganida, uning muammolarini yechishda hech shubhasiz muvaffaqiyat qozonar va bu bilan butun jahonga hozir juda yetishmayotgan tinchlik-osoyishtalik va baxt-saodat keltirgan boʻlar edi. Men bu ajoyib insonni oʻrganganman – u dajjollikdan yiroq, aksincha, uni insoniyatning xaloskori deb atamoq lozim”.
Garchi, bugun butun musulmon dunyosi Rasululloh sallallohu alayhi vasallamni xuddi oʻz koʻzi bilan koʻrgandek yaxshi bilsa-da, u zot toʻgʻrisida sahobalardan birining gaplarini keltirish ham oʻrinlidir:
Ato ibn Yasordan rivoyat qilinadi:
“Abdulloh ibn Amr ibn Os roziyallohu anhumo bilan koʻrishib qoldim. «Menga Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning Tavrotdagi sifatlaridan xabar bering”, dedim. U: “Ha, Allohga qasamki, u zot Qurʼondagi baʼzi sifatlari bilan Tavrotda ham sifatlanganlar: «Ey Nabiy, albatta, Biz seni guvoh, xushxabar beruvchi, ogohlantiruvchi va ummiylar uchun himoya qoʻrgʻoni qilib yubordik. Sen bandamsan va Rasulimsan. Seni Mutavakkil deb nomladim. U badxulq ham, qoʻpol ham, bozorlarda shovqin soluvchi ham emas. U yomonlikni yomonlik bilan qaytarmas, balki afv qilur va kechirur. Alloh uning vositasida egri (yoʻldagi) millatni «La ilaha illalloh” deydigan qilib toʻgʻrilamaguncha uni aslo qabz qilmas. U bilan koʻr koʻzlarni, kar quloqlarni va berk qalblarni ochadi», dedi». (“Sahihul Buxoriy”, 2125)
Mana shu hadis musulmonlarning kuch-quvvati ancha oshib, hech narsaga zoriqmaydigan darajaga yetgan paytlari ham Nabiy sallallohu alayhi vasallam nihoyat darajada kamtar va kamsuqum boʻlib qolaverganlariga porloq va jarangdor dalolat boʻladi.
Xususan, u zot oʻzlarida hech narsa qolmaguncha sadaqa qilardilar. Qoʻllariga yana biror mulk tushgudek boʻlsa, u ham sadaqa boʻlardi. Oʻzlariga hadya qilingan yeguliklarni doimo ahli suffa bilan baham koʻrardilar. Qanoatning bunday oliy koʻrinishini faqat Nabiy sallallohu alayhi vasallamdan topish mumkin. Quyidagi hadis bu fikrga asoslardan biridir.
Abu Hurayra roziyallohu anhu aytadi:
“Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: «Uhuddek tillam boʻlsa, shundan qarzga ajratganimdan boshqa biror narsani huzurimda uch kun qoldirishni istamasdim”, dedilar». (“Sahihul Buxoriy”, 2389)
Taʼkidlanganidek, musulmonlar oʻzini ancha tiklab olgan paytlari ham Rasululloh sallallohu alayhi vasallam kamsuqumlikdan qaytmaganlar. Vaholanki, oʻsha davrning hukmdorlari singari “yeganim – oldimda, yemaganim – ortimda” tamoyili asosida hayot kechirishlari mumkin edi. Lekin u zot dunyoning aldamchi neʼmatlariga sira uchmadilar.
Endi keltiriladigan hadis nafaqat u zotning, balki butun ahllarining kundalik hayoti haqida yorqin tasavvur beradi.
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
“Nabiy sallallohu alayhi vasallam qanchadir arpa evaziga sovutlarini garovga qoʻyganlar. Men Nabiy sallallohu alayhi vasallamga arpa non va sal hidlangan eritilgan yogʻ olib borganman. U zotning “Muhammadning – sallallohu alayhi vasallam – oilasida ertalab ham, kechki payt ham bir soʼdan ortiq narsa boʻlmaydi”, deyayotganlarini eshitganman. Holbuki, ular toʻqqizta xonadon edilar”. (“Sahihul Buxoriy”, 2508)
Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning ayrim fazilatlari baʼzan yonma-yon holatda namoyon boʻlar edi. Quyidagi hadisda u zot kamsuqum boʻlganlari holda kamtarlik ham qilganlariga guvoh boʻlamiz.
Abu Masʼuddan rivoyat qilinadi:
“Ansorlardan bir kishi Abu Shuʼayb deyilar edi. Uning goʻsht sotuvchi quli bor edi. Abu Shuʼayb unga: «Menga besh kishilik taom pishirgin, beshtadan biri qilib Nabiy sallallohu alayhi vasallamni chaqirsam, deyapman”, dedi. U Nabiy sallallohu alayhi vasallamning yuzlarida ochlikni koʻrib, u zotni chaqirgan edi, chaqirilmagan bir kishi ham ergashdi. Keyin Nabiy sallallohu alayhi vasallam: “Manavi bizga ergashib keldi, unga izn berasanmi?” dedilar. U: “Ha”, dedi». (“Sahihul Buxoriy”, 2456)
Bu oʻrinda Rasululloh sallallohu alayhi vasallamdek insonlarning eng ulugʻi, olamlar sarvari indamay kirib ketavermasdan, xonadon sohibidan ergashib kelgan odam uchun izn soʻramoqdalar. Ayni paytda ergashgan odamni ham yolgʻizlatib qoʻymayaptilar.
Bu goʻzal voqea oʻsha paytlari qanchalik ibratli boʻlgan boʻlsa, hozirgi kun uchun ham shunchalik chiroyli ibratdir. Muhtojga muruvvat – oʻz yoʻliga. Lekin xonadon sohibini xijolatga qoʻymaslik hammaning ham xayoliga kelavermaydi. Bu yerda ham necha kishilik joy hozirlangani, ham tayyorlangan yegulik miqdori, ham xonadon sohibining ergashib kelgan inson bilan qanday munosabatda ekanini mulohaza qilib koʻrish kerak.
Kamtarlikning yana bir namunasini navbatdagi hadisda koʻrish mumkin.
Ubaydulloh ibn Abdulloh bunday xabar qiladi:
“Oisha rohiyallohu anho: «Nabiy sallallohu alayhi vasallam ogʻirlashib, dardlari zoʻrayib ketgach, ayollaridan mening uyimda davolanishga izn soʻradilar. Ular u zotga izn berishdi. U zot ikki kishining yetovida chiqdilar. Oyoqlari yer chizardi. Abbos bilan yana bir kishining oʻrtasida edilar”, dedi». (“Sahihul Buxoriy”, 2588)
Rasululloh sallallohu alayhi vasallamdek insonlarning eng ulugʻi, olamlar sarvari xasta hollarida ayollarini oʻylamoqdalar. Vaholanki, u zot hech bir iznga hojatmand emasdilar. Koʻngillari falon uyda davolanishni istayotganini aytib, toʻgʻridan-toʻgʻri oʻsha yerga olib borishni buyurishlari mumkin edi. Bunday kamtarlik faqat Nabiy sallallohu alayhi vasallamda namoyon boʻladi.
Avvalgisi singari bu goʻzal voqea ham oʻsha zamon va bugungi kun uchun chiroyli ibratdir.
Albatta, Nabiy sallallohu alayhi vasallamni qancha vasf qilsa ham oz. Hadis va boshqa manbalarda u zotning fazilatlari benihoya koʻp bayon qilingan. Shu bois soʻzni muxtasar qilamiz. Ushbu satrlar muallifi muhtaram oʻquvchida bu yerda tilga olingan mavzuni mustaqil ravishda oʻqib-oʻrganishga ragʻbat uygʻota olgan boʻlsa, shuning oʻzi kifoya. Zero, insonlar shu orqali nafaqat Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning fazilatlari, balki butun sunnat, islom tarixi va boshqa ilmlarni oʻzlashtirish yoʻliga tushib olsa, ajab emas.