Imom Moturidiy Allohga makon isbot qiladiganlarga raddiya berib bunday deydi: “Ahli islom Allohga makon isbot qilish qilmaslik borasida ixtilof qildi. Baʼzilar: “Alloh Arshning ustida qaror topgan”, deb daʼvo qildi. Ularning nazdida Arsh farishtalar koʻtarib turadigan taxt hisoblanadi. Ular oʻz soʻzlariga “Rahmon Arsh ustiga istivo qildi” (Toha surasi, 5-oyat), oyatini va odamlar qoʻllarini osmonga koʻtarib duo qilib, yaxshiliklar osmondan kelishini umid qilishlarini hujjat qilishdi. Bundan tashqari, ular Alloh taoloning: “Soʻng Arshga istivo qildi” (Aʼrof surasi, 54-oyat) oyatini Alloh avval Arshda boʻlmay soʻng unda qaror topganiga dalil qilishdi.
Baʼzilar: “Alloh barcha makonda”, dedilar va oʻzlarining ushbu soʻzlariga “Va U osmonda iloh va yerda iloh” (Zuxruf surasi, 84-oyat), “Biz unga (insonga) jon tomiridan yaqinroq” (Qof surasi, 16 oyat) oyatlarini hujjat qilishdi. Bundan tashqari, ular: “Allohni bir makonga nisbat berish Uni chegaralashni keltirib chiqaradi. Chunki odatda hech kim oʻzidan kichik makonni ixtiyor qilmaydi. Demak, Allohga bir makon nisbat berilsa, u makon Allohdan katta boʻlishi va u makonning chegarasi Allohning chegarasi boʻlishi lozim boʻlib qoladi. Har bir chegarali narsa esa oʻzidan kattaroq narsadan kichik boʻladi. Bu esa ayb va nuqson hisoblanadi. Qolaversa, bu eʼtiqodda Alloh makonga muhtoj, degan tushuncha bor. Robbimiz bundan pok va oliy zotdir”, dedi.
Baʼzilar: “Allohni bir yoki barcha makon bilan vasflaganda faqatgina Alloh barcha makonni saqlab, qoim qilib (tutib turuvchi), degan maʼnoni nazarda tutish durust boʻladi”, dedi.
Abu Mansur Moturidiy bunday deydi: “Osmonlar va yerning mulki U uchundir” (Baqara surasi, 107-oyat), deb borliqning hammasini Allohga nisbat berish yoki “Osmonlar va yerning robbi” (Maryam surasi, 65-oyat), “Hamd olamlarning robbisi uchundir” (Fotiha surasi, 1-oyat), deb Alloh taoloni borliqning hammasiga nisbat berish, Alloh taoloni buyuklik va oliylik bilan vasflash maʼnosida keladi. Yana Alloh taolo: “Albatta, Alloh taqvo qilgan zotlar bilan birga”, (Nahl surasi, 128-oyat), “Va albatta masjidlar Alloh uchundir” (Jin surasi, 18-oyat), degan. Bu oyatlardagi kabi xos narsalarni Allohga nisbat berish, ushbu xos narsalarni oʻz jinsdoshlariga nisbatan afzallik va ulugʻlik bilan vasflash maʼnosida keladi. Yaʼni, bu oyatlarda Alloh taolo taqvodor bandalarga maʼnaviy yaqin ekanini bayon qilib, taqvodorlar boshqa insonlardan afzal va ulugʻ ekani, masjidlarni Oʻziga nisbat berib, masjidlar boshqa binolardan afzal va ulugʻ ekaniga ishora qilgan. Bu oyatlardan, mahluqotni bir-biriga nisbat berilganda tushiniladigan zohiriy maʼno anglanmaydi. Balki, biz yuqorida bayon qilgan maʼnolar baʼzan maxluqotlarda ham qoʻllaniladi. Masalan, “Bu ot sultonga tegishli” degan soʻz kabi xos narsani sultonga nisbat berilsa, oʻsha otni oʻz jinsdoshlaridan afzallashtirish maʼnosida keladi. “Yer yuzining podshohi”, degan soʻz kabi umumiy narsalarni sultonga nisbat berilsa, sultonning fazli va valoyatini bayon qilib, maqtash maʼnosida keladi.
Alloh taolo makon mavjud boʻlishidan oldin bor edi. Barcha makon yoʻq boʻlib ketib, U Zot esa makondan oldin boʻlganidek boqiy qolishi joizdir. Shunday ekan, U makon mavjud boʻlishidan oldin boʻlganidek boʻladi. Robbimiz oʻzgarish, koʻchish va yoʻq boʻlishdan oliy boʻlgan Zotdir. Chunki, bular hodislik belgilari va foniylik dalolatlari boʻlib, olamning hodis ekani va foniy boʻlishi ushbu belgilar va dalolatlar orqali bilingan.
Biz bu masalada quyidagi aslga tobeʼ boʻlamiz: Alloh taolo: “Hech narsa uning mislidek emas” (Shuro surasi, 11-oyat), deb mahluqotlardan birortasi biror jihatdan Unga oʻxshash boʻlishini inkor qildi. Shu bilan birga, Alloh taolo: “Rahmon Arshga istivo qildi” (Toha surasi, 5-oyat), deb Arshni Oʻziga nisbat berdi. Ushbu ikki oyatga amal qilib, biz Alloh taoloni mahluqotlar sifatlari bilan sifatlanishdan poklagan holda, yaʼni Allohning istivosi maxluqotlarning istivosiga oʻxshamagan, balki Uning Zotiga xos sifat ekaniga eʼtiqod qilgan holda, Alloh taolo Arshga istivo qilganini tasdiq etishimiz farz boʻladi.
Bu bilan Imom Moturidiy oyatlar orasida ziddiyat yoʻqligini isbotlab, ularni qanday muvofiqlashtirish lozim ekanini koʻrsatib bergan.
Bundan tashqari, alloma oʻz kitobida aqidaga oid koʻplab nozik masʼalalarni ham batafsil bayon qilib bergan. Bunga misol tariqasida “Qazo va qadar”, “Gunohi kabira qilgan kishi” va “Iymon va islom” masalalarini keltirish mumkin.
Imom Abu Mansur Moturidiyning “Kitobut tavhid” kitobida bayon qilingan fikr va gʻoyalar Hakim Samarqandiy, Abul hasan Rustugʻfoniy, Abu Lays Samarqandiy, Abu Muhammad Abdul Karim ibn Muso Bazdaviy kabi yetuk shogirdlar tomonidan butun yer yuziga yoyildi va bu asar dunyo olimlari tomonidan aqida ilmida Qurʼon va hadisga muvofiq keladigan asosiy manba sifatida qabul qilindi. Koʻpgina olimlar oʻzlarining aqidaga oid kitoblarida vatandoshimiz Imom Abu Mansur Moturidiyning shu asaridan asl manba sifatida foydalangan va foydalanib kelmoqda.
Xulosa oʻrnida shuni aytish lozimki, buyuk ajdodlarimiz nafaqat dunyoviy, balki islomiy ilmlarda ham dunyoga ustoz boʻlgan, desak, xato boʻlmaydi. Ayniqsa aqida, hadis, fiqh, tafsir, nahv va lugʻat kabi ilmlarda Allohning madadi ila yuksak choʻqqilarga koʻtarilgan vatandoshlarimiz oʻz bilimlarini kelajak avlodga meros qilib, butun dunyo musulmonlariga behisob boylik va bitmas-tuganmas xazina qoldirdi. Ular bizga oʻz asarlari orqali goʻyo huzurimizda hozir boʻlib, dinimiz ahkomlarini oʻrgatmoqda. Islomiy ilmlar eng rivojlangan paytlarda butun dunyoga ustoz boʻla olgan ajdodlarimiz asarlari mukammal va kifoya qiladigan asarlar boʻlib, bizni boshqalardan, ayniqsa, hozirgi chalasavod va betayin toifalardan behojat qiladi. Biz diniy ilmlarni yangi paydo boʻlgan niyati buzuq kimsalardan emas, balki islom uchun haqiqiy jonkuyar va fidokor boʻlgan alloma ajdodlarimizdan oʻrganishimiz toʻgʻri boʻladi.