Home / MAQOLALAR / ISLOMDA DOʻSTLIK-BIRODARLIK MЕZONLARI TALQINI

ISLOMDA DOʻSTLIK-BIRODARLIK MЕZONLARI TALQINI

“Moʻminlar bir-biriga aka-ukadirlar”, deb aytgan Parvardigori olamga beadad shukrlar boʻlsin, haqiqiy doʻstlik qanday boʻlishini oʻrgatgan suyukli Paygʻambarimiz Muhammad sollalohu alayhi vasallamga cheksiz durudu salovotlar boʻlsin. Alloh taolo butun insoniyatni bir ota-onadan, yaʼni Odam Ato va Momo Havodan yaratdi.

Alloh taolo Quroni karimda:

 يَا أَيُّهَا النَّاسُ إِنَّا خَلَقْنَاكُمْ مِنْ ذَكَرٍ وَأُنْثَى وَجَعَلْنَاكُمْ شُعُوبًا وَقَبَائِلَ لِتَعَارَفُوا إِنَّ أَكْرَمَكُمْ عِنْدَ اللَّهِ أَتْقَاكُمْ إِنَّ اللَّهَ عَلِيمٌ خَبِيرٌ

“Ey, insonlar! Darhaqiqat, Biz sizlarni bir erkak (Odam) va bir ayol (Havvo)dan yaratdik hamda bir-birlaringiz bilan tanishishingiz uchun sizlarni (turli-tuman) xalqlar va qabila (elat)lar qilib qoʻydik. Albatta, Alloh nazdida (eng azizu) mukarramrogʻingiz taqvodorrogʻingizdir. Albatta, Alloh biluvchi va xabardor zotdir.”[1]

Shuning uchun islom dinida inson qanday irqqa mansub boʻlmasin, qaysi rangda boʻlmasin, tili va maskanining farqi yoʻq, hamma bir ota-onadan, hamma bir dinga eʼtiqod qiladi, demak bularning barchasi ogʻa-ini, doʻstdirlar. Yaʼni, Allohni bir deb biladigan, barcha paygʻambarlarni tan oladigan, Haq taologa shirk keltirmaydigan barcha moʻmin bandalar doʻstdir, bir tanu bir jondir.

Alloh taoloning mana shunday koʻrsatma va amrlari asosida moʻmin bandalari bir-birlariga ogʻa-ini boʻldi. Parvardigori olam odamzotni shu zaylda yaratib, insonlar bir-birini tushunsin, bir-biriga yordam bersin, ahil yashasin deb, insonni doʻstlari va yoru-birodarlari bilan yaratdi. Doʻstlarning koʻpligi, mahbubu muhiblarning bisyorligi, dil soʻzlarning koʻpligidir. Bu oʻsha insonning goʻzal odob, mukammal axloq sohibi ekanidan dalolatdir. Nabiy sollallohu alayhi vasallam Abu Hurayra roziyallohu anhuga: “Ey Abu Hurayra! Goʻzal axloqli, chiroyli odobli boʻlgin”, dedilar. Shunda Abu Hurayra roziyallohu anhu: “Yo Rasullulloh! Goʻzal odob, yuksak axloqning meʼyori, uning qoidasi, qanday?” deb soʻraganda, Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Goʻzal odob, yuksak axloq uch narsada mujassam boʻladi. Ular: sen bilan bordi keldini uzgan odamni sen ziyoratiga bormogʻing; senga zulm qilganni kechirmogʻing, uning gunohini bahridan oʻtmogʻing; senga ehson bermaganga sen ehson berishingdir. Mana shunda yuksak odobli, goʻzal axloqli boʻlasan”, deb marhamat qildilar.

Darhaqiqat, haqiqiy musulmon hayoti farishtalarning hayotidek sof va pokizadir. Haqiqiy musulmon hammaga foydasi tegadigan musulmondir. Oʻzi yaxshi koʻrgan narsani boshqa uchun ham lozim koʻrish bu din mezoni hisoblanadi. Bu muqaddas din, pokiza shariat doʻstlikni, birodarlikni, bir-birimizga boʻlgan mehru-muhabbatni eng oliy daraja, ulugʻ ibodat darajasiga koʻtardi.

Hadisi qudsiyda keltiriladi: Alloh taolo dedi: “Mening rizoligim uchun bir-birini yaxshi koʻrganlar, aka-uka tutinganlar, oʻtirib suhbat qurganlar, bir-birlariga yordam berganlar va bir-birlarini ziyorat qilganlar Mening muhabbatimni qozongaylar”.

Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam muborak hadislarida:“Kimki biror bir bandani Alloh yoʻlida yaxshi koʻrsa, toat, ilohiy muhabbat uchun yaxshi koʻrsa. Alloh taolo uning darajasini jannatga koʻtaradi. Holbuki, u amali bilan bunday darajaga yetisha olmas edi”, deganlar.

Lekin kimni doʻst tutamiz, doʻst tutishning mezoni qanday? Kimni doʻst tutaylik, kimni doʻst tutmaylik, kimga yaqin boʻlaylik, kimdan uzoq boʻlaylik? Kimni doʻst tutsak Alloh taolo jannatdagi darajamizni koʻtaradi?

Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qiladilar, Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Kishi Mahshargohga doʻstining dinida keladi, shunday ekan har biringiz kimni doʻst tutayotganiga qarasin”, dedilar.

Alloh yoʻlida sadoqatli doʻstlik hamisha, har yerda va har sharoitda ishonchli boʻladi. Islomda doʻstlik qanday boʻlishi haqida Paygʻambarimiz sollallohu alayhi va sallam hadisi shariflarida: “Musulmon musulmon uchun aka-ukadir. Unga zulm qilmaydi, molini nohaq tortib olmaydi, haqqini ham kamaytirmay beradi”, deb taʼkidlaganlar.

Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam hamjihat boʻlib yashamoqlikka, bir-birimiz bilan doʻstlashmoqlikka, yoru birodar orttirmoqlikka buyurmoqda. Zero, inson hayoti doʻstlar bilan, birodarlar bilan hamjihat boʻlib yashamoqlik ila goʻzal va mazmunli boʻladi. Xiyonat bor joyda esa Alloh taoloning rahmati ham, barakasi ham boʻlmaydi. Shu sababli doʻst tutinayotgan kishining sifatlarida xiyonat va yolgʻonchilik boʻlsa, undan uzoqroq boʻlgan maʼqul. Hadisi qudsiyda Alloh taolo shunday deydi: “Ikki oʻrtoqdan biri ikkinchisiga xiyonat etmas ekan, ularning uchinchi sherigi Menman. Biri boshqasiga xiyonat etarkan, Men ularning orasidan chiqqayman”.

Bir kuni tasavvuf ilmining ulugʻlaridan boʻlmish Shibliyning huzuriga bir jamoat odamlar keldi. Shibliy: “Kimsizlar?” deb soʻraganlarida, ular: “Biz sizning doʻstlaringizmiz!” deb javob berishdi. Bu javobni eshitgan Shibliy oʻgirildi va ularga qaratib tosh otdi. Ular qocha boshlaganlarida hazrat ularga: “Nega qochayapsizlar? Agar sizlar haqiqiy doʻstlar boʻlsaydingizlar, mendan kelgan balodan qochmas edingizlar!” dedi.

Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam marhamat qiladilar: “Musulmon musulmonning doʻstidir. Unga zulm ham qilmaydi, boshiga mashaqqat tushganda tashlab ham ketmaydi. Kimki doʻstining hojatini ravo qilish uchun harakat qilsa, Alloh taolo uning hojatini ravo qiladi. Bir musulmon musulmon doʻstining boshiga tushgan qiyinchiligini yengillashtirsa, Alloh taolo uni qiyomatdagi qiyinchiliklardan qutqaradi. Kimki bir musulmonning aybini berkitsa, Alloh taolo qiyomatda uning ham aybini yopadi”.                  davomi bor

Nodir Qobilov,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

[1] Qurʼoni karim maʼnolarining tarjima va tafsiri. Tarjima va tafsir muallifi Shayx Abdulaziz Mansur. -T.: Toshkent islom universiteti, 2009. Hujurot surasi. 13-oyat.

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …