Home / FOTO LAVHALAR / Islom taraqqiyot Banki Prezidenti boshchiligidagi delegatsiya Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida boʻldi

Islom taraqqiyot Banki Prezidenti boshchiligidagi delegatsiya Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida boʻldi

Bugun, 2021 yilning 6 sentyabr kuni Islom taraqqiyot banki (ITB) Boshqaruvchilar kengashining 46-yillik yigʻilishi doirasida mamlakatimizda boʻlib turgan Islom taraqqiyot Banki Prezidenti Muhammad Sulaymon al-Jassir janoblari va mazkur bank Boshqaruvchilar kengashi aʼzolaridan iborat delegatsiya Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga tashrif buyurdi.

Yuqori martabali mehmonlarni markaz direktori Sh. Ziyodov kutib olib, Markaz faoliyati va vazifalari, yaratilgan sharoitlar, kutubxona fondi va muzey faoliyati haqida batafsil maʼlumot berdi.

Tashrif doirasida boʻlib oʻtgan qisqa muloqot chogʻida islom sivilizatsiyasi rivojiga ulkan hissa qoʻshgan Movarounnahr allomalari ilmiy merosini chuqur oʻrganish va keng targʻib etish borasidagi hamkorlik aloqalarini kuchaytirish istiqbollari toʻgʻrisida oʻzaro fikr almashildi.

– Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi jamoasining ilm yoʻlida erishayotgan muvaffaqiyatlarini Oʻzbekistonda diniy-maʼrifiy sohada olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlarning yaqqol samarasi sifatida baholayman va Markazning islom dini rivoji yoʻlida amalga oshirayotgan xizmatlarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlayman, – deb taʼkidladi Muhammad al-Jassir janoblari.

Tashrif yakunida Islom taraqqiyot Banki Prezidenti Muhammad Sulaymon al-Jassir janoblari Markazning faxriy mehmonlar kitobiga dastxat yozib qoldirdi.

Yuqori martabali mehmonga Markaz olimlari tomonidan chop etilgan kitoblar hamda esdalik sovgʻalari topshirildi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Markazda badiiy film suratga olinmoqda

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida indoneziyalik bir guruh kinoijodkorlar tomonidan “Hijrat orzusi” nomli badiiy filmning …