Home / ALLOMALAR / FIRABRIYNING MASHHUR SHOGIRDLARINI BILIB QOʻYING

FIRABRIYNING MASHHUR SHOGIRDLARINI BILIB QOʻYING

“Sahihul Buxoriy”ni Imom Buxoriyning oʻzidan juda koʻp odam eshitgan. Bu haqda Imom Buxoriyning eng mashhur shogirdi Abu Abdulloh Muhammad ibn Yusuf Firabriy (231/845-320/932): “Muhammad ibn Ismoil Buxoriyning “Sahihul Buxoriy” kitobini muallifning oʻzidan men bilan birga toʻqson mingga yaqin kishi tinglagan”, deb aytadi. Haqiqatan, “Sahihul Buxoriy” versiyalari orasida Imom Firabriyning rivoyati juda mashhur boʻlib ketgan. Buning sababi uning uzoq umr koʻrgani va kitobining nusxasi toʻliq boʻlganidir.

Imom Buxoriyning vafotidan keyin “Sahihul Buxoriy”ning asl nusxasi shogirdi Abu Abdulloh Firabriyning qoʻlida qolgan. Shu tariqa “Sahihul Buxoriy”ning Imom Firabriy rivoyati mashhur boʻlgan. Undan “Sahihul Buxoriy”ni juda koʻp shogirdlar taʼlim olgan va asar matnini ustozining qoʻlidagi asl nusxadan koʻchirgan. Birorta tahqiqchi va ahli ilm ular yozgan nusxalarga shak-shubha qilmagan va eʼtiroz bildirmagan.

Ibn Rushayd Sabtiy bunday deb aytadi: “Bugun mashriq va magʻribda “Sahihul Buxoriy” kitobini eshitishda sanadi Imom Buxoriyga bogʻlangan yoʻl Abu Abdulloh Firabriyning yoʻlidir. Rivoyati komilligi, muallifga yaqinligi va roviylarining mashhurligi uchun odamlar unga suyanadi. Uning qoʻlida “Sahihul Buxoriy”ning asl nusxasi boʻlgan va undan Abu Abdulloh Firabriyning shogirdlari koʻchirib olgan. Bu esa Abu Abdulloh Firabriyni qoʻllab-quvvatlaydigan hujjat va uning toʻgʻriligiga shahodatdir. Soʻngra “Sahihul Buxoriy” kitobi Abu Abdulloh Firabriydan mutavotir yoʻl bilan naql qilingan. Musulmonlar buni mahkam ushlagan va unga ijmoʼ bogʻlangan. Natijada aniq hujjat boʻlgan”.

Tarix keyingi avlodlar uchun Imom Firabriyning shogirdlari orasidan bugungi kunimizgacha ismlari va koʻchirgan nusxalari mashhur boʻlganlarini saqlab qoʻygan. Ular: Ibn Sakan Said ibn Usmon Bazzoz Misriy (294/906-353/964), Abu Zayd Muhammad ibn Ahmad Marvaziy (301/913-371/981), Abu Ahmad Muhammad ibn Muhammad Jurjoniy (vaf. 373/983), Abu Isʼhoq Ibrohim ibn Ahmad Mustamliy (vaf. 376/986), Abu Ali Muhammad ibn Umar Shabbaviy, Saraxsning xatibi Abdulloh ibn Ahmad ibn Hammuvayh Saraxsiy (vaf. 381/991), Abu Haysam Muhammad ibn Makkiy Kushmihaniy (vaf. 389/999), Shayx Abu Ali Ismoil ibn Muhammad ibn Ahmad ibn Hojib Kushshoniy (vaf. 391/1000) va Abu Nasr Ahmad ibn Muhammad ibn Ahmad Axsikatiy. Bular ikkinchi tabaqadagi roviylar hisoblanadi.

Ibn Sakan Misriy Bagʻdodiy

Abu Ali Said ibn Usmon ibn Said ibn Sakan Bazzoz Misriy Bagʻdodiy. Ibn Sakan nomi bilan tanilgan boʻlib, 294/906 yilda tavallud topgan. Ibn Sakan “Sahihul Buxoriy”ni rivoyat qilish bilan mashgʻul boʻlgan. U Bagʻdodda Abul Qosim Bagʻaviy va Ibn Abu Dovuddan, Harronda Hofiz Abu Arubadan, Damashqda Ahmad ibn Umayr ibn Javhodan hadis tinglagan. Misr va Nishopurda juda koʻp muhaddis bilan uchrashgan. Undan Abu Sulaymon ibn Zabr, Abu Abdulloh ibn Manda, Abdugʻani ibn Said Azdiy, Ali ibn Muhammad Daqoq va boshqalar hadis oʻrgangan.

Ibn Sakan “Sahihul Buxoriy”ni Xurosonda Imom Firabriydan tinglagan va Misrga uni oʻzi bilan birga olib ketgan. Imom Zahabiy: “Ibn Sakan “Sahihul Buxoriy”ni Misrga olib borgan va rivoyat qilib berganlarning avvalgisidir”, degan. Demak, u bu kitobni Misrga birinchi boʻlib olib borgan.

Ibn Sakandan “Sahihul Buxoriy”ni rivoyat qilgan roviylar orasida Abu Muhammad Abdulloh ibn Asad Juhaniy mashhur boʻlgan. U 343/954 yili Misrda oʻzining uyida “Sahihul Buxoriy”ni Ibn Sakandan tinglagan. Ibn Sakan 353/964 yilda vafot etgan.

Abu Zayd Marvaziy

Abu Zayd Muhammad ibn Ahmad ibn Abdulloh ibn Muhammad Marvaziy Fashaniy Shofeʼiy 301/913 yilda tugʻilgan. U Ahmad ibn Muhammad Munkadiriy, Muhammad ibn Abdurahmon Dagʻuliy va Muhammad ibn Abdulloh Saʼdiydan hadis eshitgan. Abu Zayd Marvaziy Marvdan Nishopurga, u yerdan Makka va Bagʻdodga koʻchib oʻtgan. Makka va Bagʻdod shaharlarida “Sahihul Buxoriy”ni Imom Firabriydan tinglagan. Oʻsha davr olimlari: “Bu rivoyat – Abu Zayd Marvaziy ulugʻ boʻlgani uchun rivoyatlarning ulugʻrogʻidir”, degan.

Abu Zayd Marvaziy “imom, mohir, tahrirchi, tadqiqotchi, parhezkor, ibodatgoʻy, koʻrish qobiliyati oʻtkir, diqqat bilan tekshiruvchi, taqvodorligi va parhezkorligi hamda zohiriy ilmlari bilan mashhur”, deb vasf etilgan. Undan Hokim, Abu Abdurahmon Sulamiy, Abu Hasan Doraqutniy, Abu Bakr Barqoniy va boshqalar hadis oʻrgangan. Lekin Abu Zayd Marvaziydan “Sahihul Buxoriy”ni rivoyat qilishga katta eʼtibor berganlarning eng ulugʻlari Abu Muhammad Abdulloh ibn Ibrohim Asiliy, Abu Hasan Ali ibn Muhammad ibn Xolf Maʼofiriy va Abu Nuʼaym Ahmad ibn Abdulloh Mihroniy Isfahoniydir.

Abu Zayd Marvaziy 371/981 yilda vafot etgan.

Abu Ahmad Jurjoniy Makkiy

Abu Ahmad Muhammad ibn Muhammad ibn Yusuf Jurjoniy Makkiy Bagʻdodda Imom Bagʻaviy va uning tabaqasidagi roviylardan hadis tinglagan. Abu Ahmad Jurjoniy Iroq, Shom, Misr, Xuroson va Movarounnahrga safar qilgan.

Imom Samʼoniy: “Abu Ahmad Jurjoniy Basra va Sherozda Imom Buxoriyning “Sahihul Buxoriy” kitobini Abu Abdulloh Muhammad ibn Yusuf Firabriydan oʻrgangan”, deb aytadi.

Hofiz Abu Nuʼaym va Imom Qobisiy “Sahihul Buxoriy”ni Abu Ahmad Jurjoniydan rivoyat qilgan.

Abu Ahmad Jurjoniy 373/983 yilda vafot etgan.

Abu Isʼhoq Mustamliy

Abu Isʼhoq Ibrohim ibn Ahmad ibn Ibrohim Balxiy Mustamliy koʻplab ulamolardan hadis oʻrgangan. “Sahihul Buxoriy”ni 314/926 yilda Imom Firabriydan tinglagan.

Abu Isʼhoq Mustamliy “Sahihul Buxoriy”ni koʻp marta aytib bergan. Hofiz Zahabiy: “Abu Isʼhoq Mustamliy siqa (ishonchli) va sohibi hadis boʻlgan”, deb aytadi. Undan “Sahihul Buxoriy”ni rivoyat qilganlardan biri Abu Zar Haraviydir. Abu Zar Haraviy “Sahihul Buxoriy”ni 374/984 yili Balxda Abu Isʼhoq Mustamliydan tinglagan. Bu kitobning rivoyatlari orasida Abu Zar Haraviyniki toʻliqrogʻidir.

Abu Isʼhoq Mustamliy 376/986 yilda vafot etgan.

Abu Ali Shabbaviy

Abu Ali Muhammad ibn Umar ibn Shabbuvayh Shabbaviy Marvaziy “Sahihul Buxoriy”ni 316/928 yilda Imom Firabriydan tinglagan.

Bu kitobni bir necha shaharda, jumladan, 378/988 yili Marvda aytib bergan. Said ibn Ahmad ibn Muhammad Sayrofiy va Abdurahmon ibn Abdulloh Hamadoniy undan “Sahihul Buxoriy”ni rivoyat qilgan roviylar hisoblanadi.

Abu Muhammad Saraxsiy

Imom va muhaddis Abu Muhammad Abdulloh ibn Ahmad ibn Hammuvayh Saraxsiy “Sahihul Buxoriy”ni 316/928 yili Imom Firabriydan tinglagan. Undan Abu Zar Haraviy va Abu Hasan Abdurahmon ibn Muhammad ibn Muzaffar Dovudiy “Sahihul Buxoriy”ni rivoyat qilgan.

Imom Saraxsiy 381/991 yilda vafot etgan.

Abu Haysam Kushmihaniy

Muhaddis Abu Haysam Muhammad ibn Makkiy ibn Muhammad Marvaziy Kushmihaniy “Sahihul Buxoriy”ni Iroq, Hijoz, Marv va Firabr shaharlarida oʻrgangan. U “Sahihul Buxoriy”ni Imom Firabriydan bir necha marta tinglagan.

Imom Samʼoniy: “Abu Haysam Kushmihaniy mashriq va magʻribda “Sahihul Buxoriy”ning rivoyati bilan mashhur boʻlgan. Chunki, u Xurosonda bu kitobni hikoya qilganlarning oxirgisidir”, degan.

Abu Zar Haraviy, Abu Sahl Muhammad ibn Ahmad Hafsiy va Karima binti Ahmad ibn Muhammad ibn Hotim Marvaziya “Sahihul Buxoriy”ni Abu Haysam Kushmihaniydan rivoyat qilgan roviylar hisoblanadi. Karima Marvaziya “Sahihul Buxoriy”ni Abu Haysam Kushmihaniy va boshqalardan tinglagan. Imom Zahabiy: “Karima Marvaziya rivoyat qilganda rivoyatni asli bilan solishtirib koʻrardi. U yaxshi tushunardi va bilardi”, degan.

Abu Haysam Kushmihaniy 389/999 yilda vafot etgan.

Abu Muhammad Firabriy

“Sahihul Buxoriy”ni Imom Firabriydan rivoyat qilgan firabrlik roviylardan biri uning nabirasi Abu Muhammad Ahmad ibn Abdulloh ibn Muhammad ibn Yusuf ibn Mator Firabriydir (vaf. 371/981).

Imom Samʼoniy “Ansob” asarida uning tarjimai holini keltirgan: “Abu Muhammad Ahmad ibn Abdulloh ibn Muhammad ibn Yusuf ibn Mator Firabriy bobosi Muhammad ibn Yusuf ibn Mator Firabriydan “Al-Jomiʼ as-sahih” kitobini rivoyat qilgan. Undan Imom Gʻunjor rivoyat qilgan. U 371/981 yilda vafot etgan”.

Ulamolarning tarjimai hollari bayon etilgan kitoblarda uniki topilmaydi. Lekin Abu Jaʼfar Muhammad ibn Abu Hotim Varroq Buxoriyning “Shamoili Buxoriy” yoki “Manoqibi Buxoriy” deb nomlangan risolasini Abu Muhammad Ahmad ibn Abdulloh ibn Muhammad ibn Yusuf Firabriyning yoʻliga koʻra rivoyat qilgan. U esa ushbu risolani bobosi Abu Abdulloh Muhammad ibn Yusuf Firabriydan rivoyat qilgan.

Imom Zahabiyning “Siyaru aʼlamin nubalo” asarida “Shamoili Buxoriy” risolasini ustoz Abu Tohir Ahmad ibn Abdulloh ibn Mihravayh Forsiyga bogʻlangan sanad bilan rivoyat qilgani kelgan. Abu Tohir Ahmad ibn Abdulloh ibn Mihravayh esa: “Bizga Abu Muhammad Ahmad ibn Abdulloh ibn Muhammad ibn Yusuf Firabriy bu risolani rivoyat qilib bergan”, deb aytadi. Soʻngra Imom Zahabiy: “Men bu kitobda nimani rivoyat qilayotgan boʻlsam, uni Abu Jaʼfar Muhammad ibn Abu Hotim Varroq Buxoriydan mana shu sanad bilan rivoyat qilayapman”, deb aytadi.

Xatib Bagʻdodiy “Tarixi Bagʻdod” asarida Ahmad ibn Ali Forsiyning Abu Muhammad Ahmad ibn Abdulloh ibn Muhammad ibn Yusuf Firabriydan Imom Buxoriyning fazilatlarini bayon qilgan baʼzi rivoyatlarni zikr qilgan. Ibn Asokir ham oʻzining “Tarixi Damashq” asarida shunga oʻxshash rivoyatlarni yozgan.

Ibn Asokir oʻz asarlarida Muhammad ibn Muhammad ibn Abbos Zobbiyni ham Abu Muhammad Ahmad ibn Abdulloh ibn Muhammad ibn Yusuf Firabriydan hadis rivoyat qilgan, deb zikr qilgan. Yuqoridagi maʼlumotlarga koʻra, Abu Muhammad Ahmad ibn Abdulloh ibn Muhammad ibn Yusuf Firabriy Imom Buxoriyning “Sahihul Buxoriy” kitobini va Abu Jaʼfar Varroq Buxoriyning “Shamoili Buxoriy” risolasini bobosi Abu Abdulloh Muhammad ibn Yusuf Firabriydan rivoyat qilgan.

Muhammad ibn Xolid Firabriy

“Sahihul Buxoriy”ni Imom Firabriydan rivoyat qilgan firabrlik roviylardan yana biri Muhammad ibn Xolid ibn Hasan Firabriydir.

Imom Xattobiy Muhammad ibn Xolid ibn Hasan Firabriyni ham “Sahihul Buxoriy”ni rivoyat qilgan roviylardan, deb hisoblaydi.

Hofiz Abu Bakr Muhammad ibn Abdulgʻani ibn Nuqta oʻzining “Takmilatul ikmol” kitobining Firabriy bobida uni Firabrga nisbat berib, Firabriy deb atagan.

Imom Xattobiy “Sahihul Buxoriy”ga yozilgan “Aʼlomul hadis” nomli sharhining avvalida uni bu kitobni Imom Firabriydan rivoyat qilgan roviylar qatorida zikr qilgan. Demak, ushbu maʼlumotlarga koʻra, u kishini ham “Sahihul Buxoriy”ning roviylaridan biri deb hisoblasak boʻladi.

Abu Bakr Ishtixoniy Samarqandiy

Imom faqih Abu Bakr Muhammad ibn Ahmad ibn Muhammad ibn Mat Ishtixoniy Samarqandiy “Sahihul Buxoriy”ni 319/931 yilda (Imom Firabriyning vafotidan bir yil oldin) Imom Firabriydan tinglagan.

Imom Dovudiy bunday deydi: “Men Ishtixonda Ibn Matning huzuriga kirganimda, u menga: “Sen “Sahihul Buxoriy”ni eshitganmisan”, dedi. Men: “Ha”, dedim. U: “Kimdan”, deb soʻradi. Men: “Ismoil Hojibiydan”, dedim. Shunda u: “Uni mendan ham eshitgin. Albatta, men uni (ikkinchi marta) mustahkamlab berayin. Men fiqhni oʻrgangandim va “Sahihul Buxoriy”ni tinglagan paytimda katta faqih edim. Ismoil esa, yelkada koʻtarib yuriladigan va oʻzi yurolmaydigan yosh bola edi. Mening tinglashim bilan uning tinglashi teng boʻladimi?” dedi. Men “Sahihul Buxoriy”ni Ibn Matdan ham tinglaganman”.

Abu Bakr Ishtixoniy Muhammad ibn Yusuf Firabriy va Abu Bakr Ahmad ibn Muhammad ibn Odam Shoshiydan hadis rivoyat qilgan. Undan Abu Saʼd Idrisiy, Ali ibn Saxtam Samarqandiy, faqih Abu Nasr Dovudiy va boshqalar hadis oʻrgangan.

Ibn Asir Jazariy: “U shofeʼiy mazhabining imomlaridan boʻlgan va “Sahihul Buxoriy”ni Imom Firabriydan rivoyat qilgan. 381/991 yilning rajab oyida vafot etgan”, degan.

“388/998 yilda vafot etgan”, degan gap ham bor. Abu Saʼd Idrisiy “Tarixi Samarqand” asarida bunday deydi: “Abu Bakr ibn Mat Ishtixoniy – shayx, fazilatli, taqvodor va fiqhda shofeʼiy mazhabining imomlaridan. Biz undan Ishtixonda bir necha marta hadis yozib olganmiz. U Muhammad ibn Yusuf Firabriy, Hasan ibn Sohib Shoshiy va boshqalardan hadis rivoyat qilgan. U 388/998 yilning rajab oyida Ishtixonda vafot etgan”.

Shayx Abu Ali Kushshoniy

Shayx, asosiy tayanch va samimiy ulamo Abu Ali Ismoil ibn Muhammad ibn Abu Nasr Muhammad ibn Ahmad ibn Hojib ibn Xamona Kushshoniy (Kushshon Samarqanddan 12 farsax masofada joylashgan shahar) “Sahihul Buxoriy”ni Imom Firabriydan 320/932 yilda tinglagan va bu tabaqadagi roviylarning eng oxirgisi hisoblanadi.

Undan oliy sanadni talab qiladigan juda koʻp ulamolar “Sahihul Buxoriy”ni rivoyat qilgan, jumladan, Hofiz Hasanning ukasi Abu Abdulloh Husayn ibn Muhammad Xolal, Abu Sahl Ahmad ibn Ali Abyurdiy, Abu Abdulloh Gʻunjor va boshqalar hadis tinglagan.

Imom Samʼoniy: “U kushshonlik shayx, siqa (ishonchli), solih va mashhur ulamo boʻlgan. Odamlar uning oldiga kelib, hadis tinglagan”, deb aytgan.

Imom Zahabiy: “U shayx, asosiy tayanch va samimiy kishi boʻlgan”, degan. Yana Imom Zahabiy: “U uzoq umr koʻrgan shayx va (oliy sanad bilan) “Sahihul Buxoriy”ni rivoyat qilgan roviylarning eng oxirgisi edi”, degan.

Abu Saʼd Idrisiy: “Abu Ali Kushshoniy 391/1000 yilda vafot etgan”, degan. Muʼtamin Sojiy esa: “U 392/1001 yilda vafot etgan”, deydi.

Abu Ali Kushshoniyning tarjimai holini yozgan juda koʻp ulamolar uni Imom Firabriydan “Sahihul Buxoriy”ni rivoyat qilgan roviylarning eng oxirgisi, deb aytgan. U “Sahihul Buxoriy”ni 320/932 yilda (Imom Firabriy vafot etgan sana) tinglagan. Darhaqiqat, Abu Ali Kushshoniy uzoq umr koʻrgan, 391/1000 yilgacha yashagan. Yaʼni, Imom Firabriyning vafotidan keyin 70 yil “Sahihul Buxoriy”ni rivoyat qilgan. Shuning uchun ham uning sanadi eng oliy boʻlgan. Ulamolar turli joylardan kelib, uning oldida toʻplangan.

Ibn Makula: “U Imom Buxoriyning “Sahihul Buxoriy” kitobini Firabriydan oʻrgangan. Men uni “Sahihul Buxoriy”ni Imom Firabriydan rivoyat qilganlarning eng oxirgisi, deb hisoblayman”, degan.

Imom Samʼoniy: “U rivoyat qilayotgan vaqtda dunyoda “Sahihul Buxoriy”ni Imom Firabriydan rivoyat qiladigan biror kishi qolmagan edi”, degan. Yana Imom Samʼoniy: “U dunyoda “Sahihul Buxoriy”ni Muhammad ibn Yusuf Firabriydan rivoyat qilgan roviylarning eng oxirgisidir”, degan.

Shuning uchun juda koʻp ulamolarning Abu Ali Kushshoniydan rivoyat qilganini koʻramiz.

Abu Ali Kushshoniydan “Sahihul Buxoriy”ni rivoyat qilganlardan biri juda koʻp kitoblar muallifi Abul Abbos Jaʼfar ibn Muhammad ibn Muʼtaz ibn Muhammad ibn Mustagʻfir ibn Fath Nasafiy Mustagʻfiriydir (vaf. 432/1040). “Sahihul Buxoriy”ning rivoyati mana shu silsila vositasi orqali Ibn Hajar Asqaloniy va Shahobiddin Qastaloniyga bogʻlanadi.

Undan rivoyat qilganlardan yana biri Abu Abdulloh Husayn ibn Muhammad ibn Hasan Xolal Bagʻdodiydir (vaf. 430/1038). U “Sahihul Buxoriy”ni Movarounnahrda Abu Ali Kushshoniydan tinglagan. Xatib Bagʻdodiy undan rivoyat qilgan “Sahihul Buxoriy”dagi baʼzi hadislarni oʻzining “Al-Jomiʼ li-axloqir roviy” va “Asmoul mubhamot” kitobida keltirgan. Shuningdek, undan Abul Hasan Ali ibn Husayn ibn Ayyub Bazzor hadis rivoyat qilgan. “Sahihul Buxoriy”ning rivoyati mana shu yoʻl orqali Qozi Iyozga bogʻlanadi.

Abu Nasr Axsikatiy

Abu Nasr Ahmad ibn Muhammad ibn Ahmad Axsikatiy. Hofiz ibn Hajar Asqaloniy bu muhaddisni “Sahihul Buxoriy”ni Imom Firabriydan rivoyat qilgan roviylar orasida zikr qilgan. Abu Nasr Axsikatiydan bu kitobni rivoyat qilgan roviylardan biri Ismoil ibn Isʼhoq ibn Ismoil Saffor Zohiddir.

* * *

Taʼkidlanganidek, nomi zikr qilingan allomalar “Sahihul Buxoriy”ni Imom Firabriydan tinglagan ikkinchi tabaqadagi roviylar hisoblanadi. Asarni muallifga bogʻlab rivoyat qilgan mashhur va ishonchli roviylarning sanadlari bevosita shu allomalarga borib taqaladi. Shuning uchun ham bu roviylarning hayoti va ilmiy faoliyatini oʻrganish gʻoyat muhim ahamiyatga ega. Chunki, bunday tadqiqotlar Imom Buxoriy hayoti va faoliyati, hadisshunoslik ilmi va tarixiga oid yangi maʼlumotlarni yuzaga chiqarishga xizmat qiladi.

Abduvosi SHONAZAROV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
ilmiy xodimi

Check Also

ABU BAKR JASSOS ILMIY MEROSINING HANAFIY MAZHABI RIVOJIDA TUTGAN OʻRNI

Abu Bakr Jassos (vaf. 370/981) qoldirgan ilmiy meros hanafiy mazhabida oʻziga xos ahamiyatga ega. Alloma …