Home / HADIS / YETIMNING BOSHINI SILAGANLAR PAYGʻAMBAR BILAN YONDOSHDIR (Imom Buxoriyning “Adabul mufrad” asari asosida)

YETIMNING BOSHINI SILAGANLAR PAYGʻAMBAR BILAN YONDOSHDIR (Imom Buxoriyning “Adabul mufrad” asari asosida)

Muqaddas islom dinida jamiyatning har bir qatlamiga alohida eʼtibor bilan qaraladi. Katta yoki kichik boʻlsin, erkak yoki ayol boʻlsin, har bir inson hurmat-ehtiromga loyiqdir. Barcha jamiyatlarda shunday odamlar borki, bolaligidan taqdir taqozosi bilan ota-onasi, yaʼni boquvchisidan ajralib, yetim qoladi. Xalq orasida ota-onasi vafot etib, yolgʻiz qolgan bola “chin yetim”, onasi bilan qolgan bola “gul yetim”, otasi bilan qolgan bola “shum yetim”, ota-onasi yo ikkovidan biri tashlab ketgan bola “tirik yetim” deb ataladi.

Arab tilida “يتيم” – “yetim” deb otasi vafot etib, onasi bilan qolgan, balogʻat yoshiga yetmagan bolaga aytiladi. Voyaga yetsa, yetimlikdan chiqadi. Chunki, bu borada Paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamdan bunday hadis rivoyat qilingan:

عن عليّ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ قال: حفظت عن رَسُول اللَّهِ ﷺ “لَا يُتْمَ بَعْدَ احْتِلَامٍ، وَلَا صُمَاتَ يَوْمٍ إلَى اللَّيْلِ” (رَوَاهُ أبُو دَاوُدَ – 2873.)

Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan yodlab oldim: Ehtilom (balogʻatga yetgan)dan soʻng yetimlik yoʻqdir. Kunduzi to kechgacha sukut qilib, (boshqa dindagilarda boʻlgani kabijim turish ham yoʻqdir” (Abu Dovud rivoyati, 2873-hadis).

Bu hadisda ehtilomdan soʻng yetimlik hukmi joriy boʻlmasligi, yaʼni yetimlikdan chiqish aytilmoqda.

Odatda yetimlar yosh, ojiz va zaif shaxs boʻlgani uchun ularda ota-ona oʻrnini bosuvchi kishining eʼtibor va koʻmagiga ehtiyoj kuchli boʻladi. Shu bois islom dinida yetimlarga taom, kiyim-kechak, taʼlim-tarbiya berish oʻziga toʻq kishilarning zimmasidagi burch hisoblanadi. Bu amallar hatto ibodat darajasiga koʻtarilgan. Yetimga eʼtibor, avvalo, unga moddiy va maʼnaviy koʻmak berish, dilini ogʻritmaslik, haqqini yemaslik va balogʻat yoshiga yetganidan keyin mol-mulkini oʻziga qaytarib berish kabi ishlarni oʻz ichiga oladi.

Bu haqda Alloh taolo Qurʼoni karimninng Niso surasi 6-oyatida bunday marhamat qiladi:

﴿وَابْتَلُوا الْيَتَامَىٰ حَتَّىٰ إِذَا بَلَغُوا النِّكَاحَ فَإِنْ آنَسْتُم مِّنْهُمْ رُشْدًا فَادْفَعُوا إِلَيْهِمْ أَمْوَالَهُمْ وَلَا تَأْكُلُوهَا إِسْرَافًا وَبِدَارًا أَن يَكْبَرُوا وَمَن كَانَ غَنِيًّا فَلْيَسْتَعْفِفْ وَمَن كَانَ فَقِيرًا فَلْيَأْكُلْ بِالْمَعْرُوفِ فَإِذَا دَفَعْتُمْ إِلَيْهِمْ أَمْوَالَهُمْ فَأَشْهِدُوا عَلَيْهِمْ وَكَفَىٰ بِاللَّهِ حَسِيبًا﴾

Yetimlarni to balogʻat yoshiga yetgunlaricha imtihon qilib (tekshirib) turinglar. Agar ularning es-hushlari joyida ekanini koʻrsangiz, mollarini oʻzlariga topshiringlar. U mollarni isrof qilib va (egalari) katta boʻlib qolmasin, deb shoshilib yeb qoʻymanglar. (Yetimni otaliqqa olgan kishi) agar boy boʻlsa, (yetimning molidan) parhez qilsin. Bordiyu kambagʻal boʻlsa, yaxshilik bilan (yaʼni, qilgan xizmatiga yarasha) olib yesin. Mol-mulklarini oʻzlariga qaytarganingizda esa guvoh keltiringlar. Allohning Oʻzi yetarli hisob-kitob qilguvchidir.

Yetimni qaramogʻiga olib, boqqan kishining fazilati va unga beriladigan ajru savobning ulkanligi haqida “Adabul mufrad”dagi 133-hadisda bunday deyilgan:

 عَنْ أُمِّ سَعِيدٍ بِنْتِ مُرَّةَ الْفِهْرِيِّ، عَنْ أَبِيهَا، عَنِ النَّبِيِّ صلى الله عليه وسلم: أَنَا وَكَافِلُ الْيَتِيمِ فِي الْجَنَّةِ كَهَاتَيْنِ، أَوْ كَهَذِهِ مِنْ هَذِهِ. شَكَّ سُفْيَانُ فِي الْوُسْطَى وَالَّتِي تَلِي الإِبْهَامَ.

Ummu Saʼid bint Murratal Faxriy otasidan rivoyat qiladi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Etim bolani kafillikka olgan kishi jannatda men bilan xuddi ushbu ikkisi kabi (yaqin boʻladi). Yoki bu bilan bu kabi”, dedilar”.

Roviy: “Sufyon oʻrta va boshmoldoqdan keyingi barmoq borasida shak qildi (ikkilandi)”, deydi.

Xonadonlarning eng yaxshisi yetimga yaxshilik qilgan uy ekanligi borasida 137-hadisda bunday deyiladi:

عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صلى الله عليه وسلم: خَيْرُ بَيْتٍ فِي الْمُسْلِمِينَ بَيْتٌ فِيهِ يَتِيمٌ يُحْسَنُ إِلَيْهِ، وَشَرُّ بَيْتٍ فِي الْمُسْلِمِينَ بَيْتٌ فِيهِ يَتِيمٌ يُسَاءُ إِلَيْهِ، أَنَا وَكَافِلُ الْيَتِيمِ فِي الْجَنَّةِ كَهَاتَيْنِ يُشِيرُ بِإِصْبَعَيْهِ.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Musulmon xonadonlari orasida eng yaxshisi yetimga yaxshilik qilganidir. Musulmon xonadonlari orasida eng yomoni yetimga yomonlik qilganidir. Men va yetimni kafillikka olgan kishi jannatda mana bu ikkisidaymiz”, deb ikki barmoqlari ila ishora qildilar”. Yaʼni, ikki barmoqlarini birlashtirib koʻrsatdilar.

Bu ikki hadisdan shuni xulosa qilish mumkinki, kim yetim bolani kafillikka olib, kiyim-kechak, oziq-ovqat bilan taʼminlab, yaxshi tarbiya berib voyaga yetkazsa, jannatda Nabiy sollallohu alayhi vasallamning yonlarida turish baxtiga musharraf boʻlar ekan. Har bir moʻmin-musulmon shunday baxtga erishishi uchun, avvalo, yetimlarning holidan xabar olib turish, ularga koʻmak berish va ularni tarbiyalash kabi ishlarga katta ahamiyat berishi lozimdir.

Mashhur sahoba Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhu yetim bolalarga qanday eʼtiborda boʻlgani 134-hadisda bunday bayon qilinadi:

عَنِ الْحَسَنِ ، أَنَّ يَتِيمًا كَانَ يَحْضُرُ طَعَامَ ابْنِ عُمَرَ ، فَدَعَا بِطَعَامٍ ذَاتَ يَوْمٍ ، فَطَلَبَ يَتِيمَهُ فَلَمْ يَجِدْهُ ، فَجَاءَ بَعْدَمَا فَرَغَ ابْنُ عُمَرَ ، فَدَعَا لَهُ ابْنُ عُمَرَ بِطَعَامٍ ، لَمْ يَكُنْ عِنْدَهُمْ ، فَجَاءَه بِسَوِيقٍ وَعَسَلٍ ، فَقَالَ: دُونَكَ هَذَا ، فَوَاللَّهِ مَا غُبِنْتَ يَقُولُ الْحَسَنُ : وَابْنُ عُمَرَ وَاللَّهِ مَا غُبِنَ.

Hasan Basriy rahmatulloh alayhdan rivoyat qilinadi: “Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhu taom yeydigan vaqt bir yetim bola kelib, u janob bilan birga ovqatlanar edi. Kunlarning birida u taom keltirishni buyurdi. Yetimni izlab, uni topa olmadi. Bola Ibn Umar roziyallohu anhu taomni yeb boʻlganidan keyin kelib qoldi. U bolaning taomini olib kelishni buyurdi. Ammo taom tugab qolgan edi. Unga talqon bilan asal keltirildi. Shunda Ibn Umar roziyallohu anhu: “Mana bularni tanovul qila qol! Allohga qasamki, sen ziyon qilmading”, dedi”.

Bu hadisni rivoyat qilgan Hasan Basriy rahmatulloh alayh: “Allohga qasamki, Ibn Umar roziyallohu anhu ham ziyon qilmadi”, deb aytgan.

Ziyon qilmading, yaʼni taomdan kech qolgan boʻlsang-da, senga afzalrogʻi tegdi – bu talqon bilan asal biz yegan taomdan yaxshiroqdir. Ibn Umar roziyallohu anhu ham ziyon qilmadi, chunki u nafaqat yegulik topib berdi, balki yaxshi gap bilan bolaning koʻnglini ham koʻtardi. Shu bilan katta savobga ega boʻldi.

Ibn Umar roziyallohu anhu hech qachon oʻzi yolgʻiz taom yemagan. Qachon dasturxonga oʻtirsa, yoniga yo yetim, yo faqir kishi kelmaguncha unga qoʻl uzatmagan.

Xonadonlarning eng yaxshisi qaysi yoki eng yomoni qaysi ekanini ham aynan sohiblarining yetimlarga munosabati orqali aniqlash mumkin ekan. Bu borada 140-hadisda bunday deyilgan:

عَنْ أَسْمَاءَ بْنِ عُبَيْدٍ قَالَ: قُلْتُ لِابْنِ سِيرِينَ: عِنْدِي يَتِيمٌ، قَالَ: اصْنَعْ بِهِ مَا تَصْنَعُ بِوَلَدِكَ، اضْرِبْهُ مَا تَضْرِبُ وَلَدَكَ.

Asma ibn Ubayddan rivoyat qilinadi: “Ibn Siriynga: “Mening huzurimda bir yetim bor”, dedim. Shunda u: “Oʻz bolangga nima qilsang, unga ham shuni qilgin. Bolangni nima uchun ursang, uni ham shuning uchun urgin”, dedi”.

Yaʼni, qaramogʻingdagi yetimni baayni farzanding kabi koʻrgin. Oʻz farzandingga qanday qarasang, yetimga ham shunday qaragin, deyilmoqda.

Yetim bolalarining tarbiyasi va ularning kelajagini oʻylab, turmush qurmagan beva ayolning fazli borasida 141-hadisda bunday deyiladi:

عَنْ عَوْفِ بْنِ مَالِكٍ ، عَنِ النَّبِيِّ صلى الله عليه وسلم قَالَ: أَنَا وَامْرَأَةٌ سَفْعَاءُ الْخَدَّيْنِ ، امْرَأَةٌ آمَتْ مِنْ زَوْجِهَا فَصَبَرْتَ عَلَى وَلَدِهَا ، كَهَاتَيْنِ فِي الْجَنَّةِ .

Avf ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Men bilan eridan beva qolib, bolalarini sabr bilan tarbiya qilayotgan va turli mashaqqatlarga uchraganidan rangi sargʻayib ketgan ayol jannatda bunday boʻlamiz”, deb ikki barmoqlarini bir-biriga jips qilib koʻrsatdilar”.

Bu hadisda yetim bolalarini tashlab ketmay, ularning tarbiyasi, kelajagini oʻylab, beva holida boʻlsa ham turmush mashaqqatlariga sabr qilgan ayollarga katta savob, ulugʻ martaba va fazl borligi zikr qilinmoqda.

Yetimning odobi borasida esa 142-hadisi sharifda bunday deyilgan:

عَنْ شُمَيْسَةَ الْعَتَكِيَّةِ قَالَتْ: ذُكِرَ أَدَبُ الْيَتِيمِ عِنْدَ عَائِشَةَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهَا، فَقَالَتْ: إِنِّي لِأَضْرِبُ الْيَتِيمَ حَتَّى يَنْبَسِطَ.

Shumaysa Atakiyyadan rivoyat qilinadi: “Oisha roziyallohu anho huzurida yetimga odob berish haqida gapirildi, shunda u: “Men yetim bolani keyinchalik xursand boʻlsin, deb uraman”, dedi.

Bu hadisda yetim bola odobsiz, axloqsiz boʻlib, gapga kirmasa, uni tarbiyalash uchun urish mumkinligi zikr etilmoqda. Albatta, bu yerda urish deganda, oʻta hafif, faqat tarbiyaviy ahamiyatga molik boʻlgan jismoniy jazo nazarda tutilgan. Xalqimizda hatto bolani erkalab ham yumshoq joyiga shapatlab qoʻyish odati bor.

Yuqorida keltirilgan hadislar orqali yetimlarni qaramogʻiga olish, kiyim-kechak, oziq-ovqat bilan taʼminlash va ularga chiroyli tarbiya berish katta savobli, ulugʻ martabaga eltuvchi va yuksak fazilatli ish ekanini bilib oldik. Shuning uchun ham hamma vaqt musulmon jamiyatida yetimlarning boshi silanib, haqlari oʻz vaqtida chiroyli ado qilingan. Bugungi kunda ham oʻziga toʻq kishilar yetimlarning haqqini unutmagan holda, oʻz vaqtida ado qilishni hech vaqt unutmasligi lozim.

Yoʻldoshxon ISAYEV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

BARAKA KATTALARIMIZ BILAN BIRGADIR

(Bir hadis sharhi) Ezgulikka ishtiyoqmand boʻlish va saʼy-harakat qilish yaxshi xislatlardan hisoblanadi. Xayru barakaga erishish …