Vatan ostonadan, insonning kindik qoni toʻkilgan tuproqdan boshlanadi. Ulgʻayib voyaga yetgan zaminga mehrli boʻlish, uning har bir hovuch tuprogʻini muqaddas, deb bilish, koʻzga toʻtiyodek surtish, bir umr farzandlik sadoqati bilan yashash har bir inson uchun ham farz, ham qarzdir.
Xalqimizda “Vatanni sevmoq imondandir”, deyiladi. Bu hikmat mazmunidan elimiz inson oʻzi tugʻilib oʻsgan yurti, yor-doʻstlari va yaqinlari bilan bogʻlovchi Vatanini sevishi, uni ardoqlashini imon darajasiga koʻtarib, vatanparvarlikdek fazilatning muqaddas maʼno-mazmun va yuksak maqomga egaligini eʼtirof etganini anglash mumkin. Butun musulmon olamiga diniy ilmlarni oʻrgatgan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Abu Lays Samarqandiy, Burhoniddin Margʻinoniy, Abul Muʼin Nasafiy, Qaffol Shoshiy kabi buyuk ajdodlarimiz ham Vatanga boʻlgan kuchli muhabbatlari tufayli oʻzlarining taxalluslarini kindik qonlari toʻkilgan yurt nomi bilan bogʻlaganlari ham ana shunday eʼtirof va eʼtiborning oʻziga xos hayotiy-amaliy ifodasi hisoblanadi.
Yurt mehri, ona zamin sadoqatini jismu diliga jo etgan, uning erki, ozodligi va sarhadlari daxlsizligini har narsadan ulugʻ bilgan ajdodlarimiz ham Vatan muhofazasini muqaddas bilib, uni koʻz qorachigʻidek asrab kelishgan. Islom olamida keng tarqalgan kubraviya tariqatining asoschisi, buyuk ajdodimiz Najmiddin Kubroning Vatan himoyasi yoʻlidagi qahramonligi ham buning yorqin misoli boʻla oladi. Minglab muridlarga ega tariqat pir-murshidi moʻgʻullar bosqinidan xabar topib birinchilardan boʻlib Vatan himoyasiga otlanadi. Xalq orasidagi obroʻ-eʼtiborini nazarda tutib, moʻgʻullar hukmdori unga shaharni tark etish evaziga jonini saqlab qolishni taklif qiladi. Oʻz jonini saqlab qolish evaziga Vatanini yovga topshirishni or bilgan alloma bosqinchilarga qarshi jangga kiradi va mardlarcha tugʻ koʻtarib, lashkarni olgʻa chorlab borayotgan holatda shahid boʻladi.
Maʼlumki, har bir din oʻz izdoshlarini millati, irqi va ijtimoiy kelib chiqishidan qatʼi nazar, birdamlikka, oʻzaro yaxshilik qilishga undaydi. Jumladan, islom dinidagi “jamoatdan ajralmaslik”, “odamlarning yaratgan oldidagi tengligi” gʻoyalari buning yorqin misolidir. Qurʼoni karim “Rum” surasi 22-oyatga koʻra, odamlarning tili va rangidagi farqlar Xudoning moʻjizalaridandir. Milliy va diniy rang-baranglik hamda eʼtiqod erkinligini qaror toptirish masalalarida Qurʼoni karim butunlay bagʻrikenglik ruhi bilan sugʻorilgan. Demak, dunyodagi turli-tumanlik Yaratganning irodasi va hikmati bilan bogʻliq. Alloh dastlab odamzodni bir ummat qilib yaratgandi, soʻngra ularni turli qabila, xalq va dinlarga ajratdi. Bunday rang-baranglikdan maqsad – umumiy farovonlik yoʻlida insonlar bir-birlari bilan musobaqa qilmoqlari darkor.
Qurʼoni karim bu dunyoni barcha xalq va din vakillari tinch-totuv yashaydigan zamin, deb eʼlon qildi. Umuman olganda, Qurʼoni karimning ellikdan ortiq surasidagi yuzlab oyatlarda musulmonlar moʻmin-qobillik, tinchlikparvarlik va boshqa eʼtiqod vakillariga nisbatan bagʻrikenglikka daʼvat etilganlar. Demak, islom dini azaldan insoniyatga asl muruvvatni, hatto oʻzga din vakillariga ehtirom hamda bagʻrikenglik bilan munosabatda boʻlishni oʻrgatib, ular bilan tinch-totuv yashashga, fitna va turli adovatlarga barham berishga chaqirgan.
Insoniyat tarixi dinning uyushtiruvchilik va yoʻnaltiruvchilik qudratidan gʻarazli maqsadlarda foydalanilganda u milliy va diniy asosdagi adovatlarga zamin yaratib, ulkan saltanatlarning inqirozga yuz tutishi va parchalanishiga sabab boʻlganidan guvohlik beradi. Taassufki, bugungi kunda ham dindan oʻzaro adovat uygʻotish va ayirmachilik maqsadida foydalanishga urinayotgan kuchlar mavjud.
Islom olami ligasining “Islomda tinch-totuv yashash” mavzuidagi konferensiyasining Yakunlovchi bayonotida quyidagilar keltiriladi: “Islom dini barcha millat, xalq va davlatlar oʻrtasida tinch-totuv yashashga buyuradi va quyidagilarni muhim deb hisoblaydi:
– islomning eng yuksak gʻoyasi boʻlgan tinchlikni targʻib qilish va insonlar xavfsizligini taʼminlash;
– inson shaʼnini ulugʻlash va uning huquqlarini hurmat qilish;
– oʻzgalarni dinga majburlamaslik va ularga nisbatan adolatsiz boʻlmaslik.
Markaziy Osiyo, xususan, Oʻzbekistonning hozirgi hududida qadim davrlardan turli madaniyat, til, urf-odat, turmush tarziga ega boʻlgan, xilma-xil dinlarga eʼtiqod qilgan xalqlar yashab kelgan. Oʻzbekistonning jugʻrofiy-siyosiy nuqtai nazardan muhim savdo yoʻllari chorrahasida joylashgani, koʻplab davlatlar bilan iqtisodiy, madaniy aloqalar qilgani diniy va madaniy hayotga katta taʼsir koʻrsatgan. Oʻz navbatida, bu yerda yashagan tub aholining madaniyati ham ularga taʼsir oʻtkazgan va oʻziga xos turmush tarzini shakllantirishda muhim omillardan biri boʻlib xizmat qilgan.
Asrlar mobaynida oʻlkamizning shaharu qishloqlarida masjid, cherkov va sinagogalar emin-erkin faoliyat koʻrsatib, turli millat va dinga mansub qavmlar hamjihatlikda oʻz diniy marosimlarini ado etib kelganlar. Tariximizning eng murakkab, ogʻir davrlarida ham ular oʻrtasida diniy asosda mojarolar boʻlmagan. Bu borada Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev taʼkidlaganlaridek: “Maʼlumki, bizning qadimiy va saxovatli zaminimizda koʻp asrlar davomida turli millat va elat, madaniyat va din vakillari tinch-totuv yashab kelgan. Mehmondoʻstlik, ezgulik, qalb saxovati va tom maʼnodagi bagʻrikenglik bizning xalqimizga doimo xos boʻlgan va uning mentaliteti asosini tashkil etadi”. Bu esa, millati va diniy qarashidan qatʼi nazar, insonni ardoqlash va oʻzgalarni qadrlash, kattalarga hurmat, kichiklarga izzat koʻrsatish kabi tuygʻular oʻlka aholisining qon-qoniga singib ketganidan dalolat beradi. Aynan shu sifatlar xalqimizga xos boʻlgan diniy bagʻrikenglikning maʼnaviy asosini tashkil qiladi.
Boy tarixiy tajribaning davomi sifatida bugungi kunda ham yurtimizda bir yuz oʻttizdan ortiq millat va elat vakillari va oʻndan ortiq diniy konfessiyaga eʼtiqod qiluvchi shaxslar bir oila farzandlaridek ahil-inoq boʻlib yashab kelmoqda. Ularning urf-odatlari, anʼana va qadriyatlarining rivojlanishi, taʼlim olishi, kasb-hunar egallashi, jamiyat hayotining barcha jabhalarida faoliyat koʻrsatishida mamlakatimizdagi tinchlik va barqarorlik, millatlararo totuvlik, ayniqsa, tinchliksevar xalqimizning bagʻrikengligi muhim omil boʻlmoqda.
Millatlararo munosabatlarni yanada takomillashtirish, milliy qadriyatlarni saqlab qolish va rivojlantirish borasidagi ishlarni izchil davom ettirish hamda milliy-madaniy markazlar faoliyatini muvofiqlashtirish, ularga tashkiliy va uslubiy yordam berishni yoʻlga qoʻyish maqsadida Vazirlar Mahkamasining 1992 yil 13 yanvardagi qarori bilan Respublika baynalmilal madaniyat markazi tashkil etilgan. Natijada, 1991 yilda bor-yoʻgʻi 10 ta atrofida boʻlgan milliy-madaniy markazlar soni bugungi kunga kelib 150 taga yaqinlashdi. Ular oʻzlari mansub boʻlgan etnosning tili, madaniyati, urf-odatlari, anʼanalarini saqlab qolish va rivojlantirish, millatlararo munosabatlarda uygʻunlikni taʼminlashga munosib hissa qoʻshib kelmoqda.
Yurtimizda fuqarolar totuvligi barqarorligini, turli millatlar vakillari oʻrtasidagi tinchlik va hamjihatlikni taʼminlashga, vatandoshlarimiz ongida koʻp millatli yagona oila tuygʻusini mustahkamlashga, milliy madaniy markazlar va doʻstlik jamiyatlari faoliyatini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash va yanada rivojlantirishga, xorijiy mamlakatlar bilan madaniy-maʼrifiy aloqalarni kengaytirish borasida koʻplab samarali ishlar olib borilmoqda. Jumladan, 2017 yil 19 may kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” farmonni imzoladi. Unga koʻra, Respublika baynalmilal madaniyat markazi va doʻstlik jamiyatlarining negizida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi tashkil etildi. Bu esa, yurtimizda yashayotgan turli din va millat vakillarining oʻz diniy eʼtiqodlarini emin-erkin amalga oshirishi va diniy bagʻrikenglikni taʼminlashga qaratilayotgan tadbirlar jumlasiga kiradi.
Quvonarli jihati shundaki, bu amaliy ishlar diniy barqarorlik, konfessiyalararo samimiy va doʻstona muhitning vujudga kelishi va eng asosiysi, yurtimizdagi tinchlikning barqaror boʻlishiga sabab boʻlmoqda.