Home / MAQOLALAR / YOLGʻON SOʻZLAMASLIK YOXUD CHIN SOʻZNING SAODATI HAQIDA

YOLGʻON SOʻZLAMASLIK YOXUD CHIN SOʻZNING SAODATI HAQIDA

Soʻnggi vaqtlarda jamiyatimizda aldov va firibgarlik yoʻli bilan oʻzgalar mol-mulkini qoʻlga kiritishga urinish bilan bogʻliq noxush hodisalar urchib borayotgani sir emas. Bunday holatlarni rasmiy statistik maʼlumotlar ham tasdiqlamoqda. Jumladan, 2019 yilning yanvar-iyul oylarida mamlakat boʻyicha 1954 ta firibgarlik jinoyati roʻyxatga olingan boʻlsa, 2020 yilning shu davrida bu raqam 3881ni tashkil etgan. 2020 yilning 7 oyi davomida sodir etilgan firibgarliklarning 2151tasi pul oldi-berdisi bilan bogʻliq boʻlsa, 336 tasi chet elga ishga yuborishni vaʼda qilish mazmuniga ega, 331tasi esa oʻqishga kiritishga doir aldovlardir. Bu jinoyatlarning 511tasi muqaddam sudlanganlar tomonidan sodir etilgan, 1277 holatda ishlamaydiganlar firibgarlikka qoʻl urgan, 63 ta holatda esa ayollar firib ishlatgan[1].

Xalqimizga yot boʻlgan bunday illatlarni bartaraf etishda milliy qadriyatlarimiz, xususan, Qurʼon va hadisi shariflar, ulugʻ ajdodlarimiz ilmiy-maʼnaviy merosining oʻrni va ahamiyati beqiyosdir. Ushbu moʻtabar manbalarda ilgari surilgan ezgu gʻoyalarni fanlararo fan sanalgan – sineregetika (sinergetika – murakkablik, murakkab sistemalarning hamkorlikda oʻzini-oʻzi rivojlantirishi haqidagi fan)[2] tamoyillari  asosida tadqiq etish dolzarblik kasb etadi. 

Qadimdan turli jamiyatlarda inson qadri turli omillarga bogʻliq boʻlib kelgan. Islomda insonning qadr-qimmati qalbining pokligi, iymon-ixlosi va yaxshi amallari bilan belgilanadi. Yaʼni, qalbi toza, iymoni but inson dunyodagi barcha goʻzal suratlardan goʻzaldir, moʻmin insonning solih amali dunyodagi barcha mol-dunyodan ustundir. Odamzot inson qadrini belgilashning ana shu ilohiy mezonlariga rioya qilib, imkon qadar qalbini poklashga, solih amal qilishga intilsagina turli oʻtkinchi hoyu havaslar, molu dunyoga hirs qoʻyishlar oʻz ahamiyatini yoʻqotadi[3].

Hadisi sharifda: “Munofiqning uch alomati bor: soʻzlasa, yolgʻon soʻzlar; vaʼda qilsa, bajarmas; omonatga xiyonat qilur”[4], deya dalolat qilinadi. Demak, munofiq kishi odamlar bilan suhbatlashganda, biror bir xabarni yetkazganida oʻz manfaatini oʻylab yolgʻon gapiradi. Ikkinchi belgisi, vaʼda bersa, uning ustidan chiqmaydi. Bu bilan masʼuliyatni his etmaydi, oʻzida beburdlik illatini shakllantiradi va oʻzgalarni hurmat qilmaydi. Uchinchi belgi – omonatga xiyonat qilish, yaʼni birovning haqqiga xiyonat qilishidir. Bu bilan oʻziga nisbatan boshqalar ishonchini yoʻqotadi. Oʻzini anglagan odam uchun oʻzgalar nazaridan qolish – eng katta yoʻqotishdir. 

Buyuk mutafakkir Alisher Navoiy asarlarida ham halollik, toʻgʻrilik ulugʻlanadi, oʻgʻrilik va yolgʻonchilik qoralanadi. Mutafakkir oʻz hikmatlari orqali shohu gadoga ham, olimu avomga ham birdek xitob qilib, kishining oʻz holiga koʻnikib ketishiga toʻsqinlik qiladi, uni oʻzgarishga, rivojlanishga, sinergetika istilohi bilan aytganda, oʻz-oʻzini qayta tashkillashtirishga chorlaydi.

Jumladan, Hazrat “Hayratul abror” dostonida “Kimki yolgʻonchi deb nom chiqargan boʻlsa, oʻzinikilar ham, begonalar ham uni shu ot bilan chaqirar ekan, toʻgʻrilik nomi unga hech qaytib kelmaydi. Rost gapirsa ham, xalq unga inonmaydi. Kimning chin gapi el orasida yolgʻon deb topilar ekan, yolgʻonni chinga aylantirish imkoni bormi?! Qanday bir ogʻir vaziyatda qolganingda ham, chin gapirishning iloji boʻlmasa, yolgʻonni ham gapirma”[5], deb yozadi.

Yanglishmoq, xato qilmoq – insonga xos xususiyat. Biroq kishi oʻz xatti-harakatlarini oqlashi uchun sabablar toʻlib-toshib yotibdi. Ezgulikning, haqiqatning mazmun-mohiyatini toʻgʻri tushunishi uchun kishi koʻngliga Yaratgandan inoyat, tavfiq yetishi juda muhimdir. Shunda u mohiyat asroridan voqif boʻla borib, oʻzini inson oʻlaroq his etadi.

Shundagina kishi dunyoga kelishdan muddao “yoʻlini qilib kun kechirish – yeb, ichib, nasl qoldirib oʻtish” kabi biologik ehtiyojlarni qondirib yashashdangina iborat boʻlmay, aksincha, bular vosita-yu, maqsad ruhoniy, demakki, insoniy ekanini qalban anglaydi.

Ahli hikmat (yaʼni faylasuflar) fikriga koʻra, ilm maʼlumga (bilib olinganga) boʻysunadi. Binobarin, odamlarning soʻzlari, faoliyati va ishlari uchun oldindan belgilangan oʻlchov yoʻq. Bilim va boylikka ega boʻlish insonning oʻz saʼy-harakatiga bogʻliq: qancha gʻayrat qilsa, bilimi va mol-mulki shuncha ortadi. Yaxshilik yoki yomonlik qilish, kam yeyish yoki koʻp yeyish – inson ixtiyoridagi ish va u qancha mehnat va kuch sarflasa, shuncha koʻp topadi[6].

Navoiy “Mahbubul qulub” asarida ham hadis va oyatlar, hikoyat va tamsillarga yoʻgʻrilgan, oʻta murakkab falsafiy muhokamalar asosiga qurilgan fikrlarni oddiy turmush tafsilotlari bilan sodda va ravshan qilib tushuntirib beradi. Intihosiz qudratga ega inson aqlining, ruhiyatining moʻjizalarini hayratomuz bir tarzda namoyish etadi. Hazrat oʻzini ming yillar davomida toʻplanib kelgan Sharq falsafasi va hikmati, islomiy haqiqatlarni omixta etolgan, tasavvuf va falsafani qoʻshib, inson ruhi dialektikasini ochgan yetuk mutafakkir sifatida namoyon etadi. Dunyoga tiyrak va hushyor koʻz bilan nazar soladi, insonni qanday boʻlsa, shunday olib oʻrganadi, uning qalbi toʻridagi eng nozik, eng yashirin sirlarni oshkor etadi, ruhiyat iqlimlaridagi sezilmas qonuniyatlar, zaruriyatlarni koʻrsatib beradi. Shu sababli “Mahbubul qulub”ni botiniy ilmlar bayonnomasi, oʻzlikni va ilohni tanish kitobi, deyish mumkin.

Inson qilni qirq yorishga, oʻziga bogʻliq boʻlmagan narsalarni juda yaxshi bilishga qodir, ammo oʻta muhim, oʻziga hamma narsadan yaqin boʻlganni, yaʼni oʻzini bilmaydi[7]. Shuning uchun Navoiy insonni, avvalo, koʻzini ochishga va ochilgan koʻzlar bilan oʻz mohiyatiga nazar tashlashga, kamchilik va qusurlarini bartaraf etishga undaydi. Bu bilan insonning oʻzi bir butun olam ekani va hiyla murakkab mavjudotligini uqtiradi, ana shu murakkablikni barataraf etishning sodda yoʻllarini koʻrsatib beradi.

Navoiy toʻgʻrilikni, toʻgʻrisoʻzlikni targʻib qilish asnosida yolgʻondan, saqlanishga daʼvat etadi: “…Yolgʻon ozgina boʻlsa ham katta gunohdir, u agar miqdori ozgina boʻlsa ham oʻldiruvchi zahardir”[8]. Yolgʻon soʻzlashning ogʻir gunohligini, zahar tomchisi kabi kichik yolgʻon ham kishini maʼnan oʻldirishini aytib, uning xavfidan ogoh etadi.

Shuningdek, “Chin soʻzni yolgʻonga chulgʻama, chin gapira oladigan tilni yolgʻonga bulgʻama. Yolgʻonchi odam emasdur, yolgʻon gapirmoq mardlar ishi emasdur. Yolgʻon soʻz – aytuvchini nazardan qoldiradi”[9], deya taʼkidlaydi. Bu bilan Hazrat yolgʻon soʻzlash kishini bisotidagi eng qimmatli gavhar hisoblangan hurmat-izzatdan mahrum etishini eslatish orqali uni toʻgʻrisoʻzlikka yoʻnaltiruvchi attraktor, yaʼni tartibga jalb etuvchi sifatida namoyon boʻladi. “Tilingni hamisha nazoratingda tut. Soʻzingni ehtiyot boʻlib soʻzla. Vaqtida aytish kerak boʻlgan soʻzni asrab turma. Aytish kerak boʻlmagan gapning yaqiniga yoʻlama”[10], deya har bir soʻzni oʻylab, juda ehtiyotkorlik bilan tilga chiqarish lozimligini, soʻzni oʻz oʻrnida ishlatish joizligini va nooʻrin soʻzlamaslikni uqtiradi.

“Soʻz borki, eshituvchining taniga jon kirgizadi. Soʻz borki, soʻzlovchining boshini yelga uchiradi”[11], deb yaxshi soʻz eshituvchiga jon bagʻishlashini taʼkidlasa, yolgʻon va betakalluf soʻz aytuvchining joni xavfda ekanligidan ogohlantiradi.

Shoir “Oqil kishi chin soʻzdan boshqani demas. Ammo barcha chin soʻzni aytish ham oqilning ishi emas”[12], deya nadomatli chin soʻzdan koʻra murosali yolgʻon yaxshiroqligiga ham ishora qiladi.

“Qanoat – ehtiyojsizlik belgisi, sharaf va izzat ziynati. Qanoatli faqir boydir va shohu gadodan ehtiyojsizdir. Tama – xor-zorlikka dalil, tamagir boy esa xoru zordir. Tama qilmaslik hech bir saxovatdan qolishmaydi”[13], deb Navoiy kishining poraxoʻrlik, tamagirlik, firibgarlik kabi illatlardan forigʻ boʻlishida qanoatlilik fazilatining muhimligini taʼkidlaydi.

Hazrat Navoiy odamni tadqiq etar ekan, uning tabiati va intilishlarini kuzatadi, insonning iymon gavhari, buyukligi barobarida, nuqsonlari – nafsi, hirsi oqibatida kelib chiqadigan yovuzliklarni tahlil etib, ulardan saqlanish, poklanish yoʻllarini bayon etadi.

Shu taxlit maʼnaviy yuksalish, mudom maʼrifatga intilish, Paygʻambar (S.A.V.) sunnatiga sodiq boʻlishning muhimligini aytgan mutafakkir inson kamoloti uchun muqtadir bir kurashchi sifatida maydonga chiqadi, inson bolasini uning oʻziga tanishtiradi, yomonlikdan nafratlanishga va yaxshilikdan, ilohiylikdan faxrlanishga oʻrgatadi.

Buyuk shoirning “Nafsiga tobe boʻlgan kishining yeyishdan oʻzga hunari boʻlmaydi. Yolgʻonchi quruq gap sotishdan boʻlak ishga yaramaydi. Unisi harom yemoqdan rohatlanadi va bunisi esa doimo soʻzamollik qilib maqtanadi”[14], deb olti asr ilgari bildirgan fikri bugungi kunda ham oʻz ahamiyatini yoʻqotmagan. Chunki, haromdan hayiqmaydigan, firibgarlik, poraxoʻrlik, tamagirlik, talonchilik va oʻgʻrilikni tiriklik manbaiga aylantirib olgan toifalar jamiyatda hamon bor ekan, Hazratning hikmatlari dolzarbligicha qolaveradi. Ayni paytda bu mutafakkir ijodida sinergetik taʼlimotning “kelajakning bugunga taʼsiri” tamoyili aks etganini ham koʻrsatadi.

Alisher Navoiy “Odamlarning yaxshisi kim?” degan savolni oʻrtaga tashlab, unga quyidagicha javob beradi: “Odamzodning yaxshisi taqvodor va pok boʻlgay. U haq soʻzni aytishda hech narsadan qoʻrqmagay. Oʻzi pok va koʻzi pokni inson desa boʻladi. Musulmon shunday kishiki, musulmonlar uning tili va qoʻlidan yaxshilik koʻrgaylar, omonda boʻlgaylar va koʻzi-yu koʻnglidan xotirjamdirlar”[15]. Mazkur soʻzlar “Qoʻli va tilidan oʻzgalarga ozor yetmagan kishi chin musulmondir” hadisi [16] mazmuni bilan toʻla uygʻunlik kasb etadi.

Bu esa Navoiy islomning ulugʻ shoiri va mutafakkiri boʻlgani holda, barcha mazhablar va dinlardan yuqori koʻtarila olganini, insoniyatni birlashtiruvchi mushtarak ilohiy gʻoyalarni olgʻa surib, kishilarni bir-biriga yaqinlashtiruvchi eʼtiqod va iymon, poklik va tazarrudan soʻz ochib, Tangri taoloning buyuk haqiqati oldida jami odamzot barobarligini isbotlaganining oʻziga xos bir dalilidir. Shunday ekan, milliy qadriyatlarimizni, Sharq ilmu donishi, maʼnaviyatini, ulugʻ ajdodlar ilmiy-maʼnaviy merosini, Alisher Navoiy asarlarini qancha koʻp va xoʻb oʻzlashtirsak, yomondan yot boʻlib, firibdan ozod boʻlib, fikrimiz shunchalik ravshan, ruhimiz shunchalik bardam, hayotimiz shunchalik goʻzal boʻlgʻusidir. 

 
[1] Tolib Rahmatov. Oʻzbekistonda firibgarlik jinoyatlari bir yilda ikki barobarga koʻpaydi. Bunga sabab nima?https://kun.uz/news/2020/09/28/ozbekistonda-bir-yilda-firibgarlik-jinoyatlari-ikki-barobarga-kopaydi-bunga-nima-sabab-bolmoqda
[2] Sinergetika: mohiyati, qonuniyatlari va amaliyotda namoyon boʻlishi. (Masʼul muharrir: prof.Karimov B.R.). Monografiya. (Avt.: Turayev B.O., Ergasheva M.X., Rahmonov B.U., Muminova Z.O., Ochilov J.) T.: “Navroʻz”, 2017. -360 b. -12 b.
[3] Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Hadis va hayot. 3-juz. Niyat, ixlos, ilm kitobi. T.: “Hilol-Nashr”, 2018. -232 b. 38-39 b.
[4] Al-Buxoriy, Abu Abdulloh Muhammad Ibn ismoil. Hadis: 4 kitob. 1 –K. Al-Jomiʼ as-Sahih. N.Ibrohim va M.Kenjabek tahr.ostida. Qomuslar bosh tahririyati, 1991. -560 b. 20 b.
[5] Alisher Navoiy. Hayrat ul-abror (nasriy bayoni).-110 b. 68 b.
[6] Aziziddin Nasafiy. Zubdatul haqoyiq. // Komillik haqida toʻrt risola. Fors tilidan Najmiddin Komilov tarjimas. T.: “Maʼnaviyat”, 1997. -280 b. 119 b.
[7] Jaloliddin Rumiy. Ichindagi ichindadur: Falsafiy-maʼrifiy asar//Soʻz boshi muallifi va masʼul muharrir N.Komilov. T.: Yangi asr avlodi, 2018. -240 b. 31 b.
[8] Alisher Navoiy. Mahbub ul-qulub. (Qalbga mahbub hikmatlar va hikoyatlar). Hozirgi oʻzbek tiliga tabdil. T.: Sano-standart, 2018. -192 b. 129-130 b.
[9] Alisher Navoiy. Mahbub ul-qulub… 176 b.
[10] Oʻsha asar, 176 b.
[11] Oʻsha asar, 177 b.
[12] Oʻsha asar, 177 b.
[13] Oʻsha asar, 141 b.
[14] Oʻsha asar, 161 b.
[15] Oʻsha asar, 170 b.
[16] Al-Buxoriy, Abu Abdulloh Muhammad Ibn ismoil. Hadis: 4 kitob. 1 –K. Al-Jomiʼ as-Sahih. N.Ibrohim va M.Kenjabek tahr.ostida. 1991, Qomuslar bosh tahririyati. -560 b. 14 b.
Baxtiyor TURSUNOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …