XALQARO KONFЕRЕNSIYA
Nufuzli xalqaro konferensiyada Oʻzbekistonda kechayotgan diniy-maʼrifiy islohotlar buyuk allomalar ilmiy merosini yanada keng oʻrganish imkoniyatini oshirayotgani eʼtirof etildi.
Samarqandda 15 iyul kuni “Sahih ul-Buxoriy” asarining jahon kutubxonalarida saqlanayotgan qadimiy va nodir qoʻlyozma nusxalari” mavzuida xalqaro konferensiya boʻlib oʻtdi. Tadbir Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan Islom hamkorlik tashkilotining Taʼlim, fan va madaniyat masalalari boʻyicha xalqaro tashkiloti, Islom tarixi, sanʼati va madaniyatini tadqiq etish markazi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Anjuman ishtirokchilari mamlakatimizda buyuk muhaddis Imom Buxoriy va boshqa mutafakkir allomalar qoldirgan boy maʼnaviy xazinani asrab-avaylash va kelgusi avlodlarga toʻla-toʻkis yetkazish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga yuksak baho berdilar.
Dunyoviy ilmlarning koʻhna beshigi
Avvalo, konferensiya islom olamining buyuk siymosi, muhaddislar sultoni Imom Buxoriy tavallud topgan sana arafasida tashkil etilishining oʻziga xos ramziy maʼnosi bor. Chunki yangi Oʻzbekistonga koʻhna moziy sarhadlaridan ziyo taratib, abadiy yashayotgan bu ulugʻ zot kabi buyuk allomalari bilan chin maʼnoda faxr etish yarashadi. Holbuki, asosiy qismi hozirgi Oʻzbekiston hududiga toʻgʻri keladigan qadimgi Movarounnahr nafaqat islomiy, balki dunyoviy ilmlarning ham haqiqiy beshigi boʻlgan.
Konferensiyada 10 dan ziyod xalqaro tashkilot va xorijiy davlatning 40 ga yaqin taniqli ilohiyotchi olimi va mamlakatimizning yetakchi islomshunos mutaxassislari qatnashgani xalqaro va mahalliy ekspertlar hamjamiyatining anjuman mavzusiga boʻlgan katta qiziqishidan dalolat beradi. Konferensiya ishini ekspertlar, mustaqil tadqiqotchilar va tinglovchilar jami 106 nuqtadan turib kuzatib borgani fikrimizni isbotlaydi.
Ishtirokchilar fikricha, Oʻzbekistonda diniy-maʼrifiy yoʻnalishdagi islohotlar salmoq jihatidan yetakchi oʻrinlarni egallamoqda. Bu esa, ulugʻ ajdodlarimizning siyrati, ularning oʻlmas asarlari va chuqur ilmiy gʻoyalarini yanada izchil oʻrganish, mufassal tadqiq va keng targʻib etish masʼuliyatini yuklaydi.
Konferensiya ochilishida Taʼlim, fan va madaniyat masalalari boʻyicha Islom tashkiloti (ICESCO) Bosh direktori Salim Muhammad al-Malik ham soʻzga chiqib, Movarounnahrdan koʻplab allomalar yetishib chiqqani, ular nafaqat islom, balki butun bashariyat sivilizatsiyasiga ulkan hissa qoʻshganini taʼkidladi. Notiq “Sahih ul-Buxoriy” haqida soʻzlar ekan, uning dunyoda eng koʻp sharh yozilgan asar ekanini, bugungi kunda ham nufuzli oʻquv dargohlarida akademik tadqiqotlarning bosh mavzusi boʻlib qolayotganini taʼkidladi.
Xalqaro anjuman yalpi majlisida, shuningdek, Imom Buxoriy shaxsining komillik nuqtai nazaridan yuksak darajasi ham alohida qayd etildi.
Jumladan, Islom hamkorlik tashkilotining Islom tarixi, sanʼati va madaniyatini tadqiq etish markazi (IRCICA) Bosh direktori Mahmud Erol Kilich: “Islom ilmlari rivojida asosiy oʻrin tutgan allomalarni haqli ravishda yetuk siymolar sirasida koʻramiz. Umrini shunday sharafli ishga bagʻishlagan Imom Buxoriyning hayot yoʻli va mashaqqatli ijodi, uning xizmatlari tufayli erishilgan yangi bilimlar mohiyatini jahon boʻylab kengroq taratishni ota yurtimiz — Oʻzbekistondagi hamkasblarimiz ishtirokisiz amalga oshirishni imkonsiz deb bilamiz”, dedi.
Ilmu maʼrifatda yetuk sivilizatsiya markazi
Misrning Al-Azhar islom tadqiqotlari majmuasi Bosh kotibi Muhammad Nazir Ayyad yalpi majlis muhokamalariga yakun yasab, Movarounnahr mutafakkirlarining ulkan xizmatlari samarasi oʻlaroq, bu qutlugʻ zamin faqat jugʻrofiy nom emas, ilmu maʼrifatda yetuklikka erishgan alohida bir sivilizatsiya makoni sifatida ham shuhrat qozonganini taʼkidladi. Uning taʼkidlashicha, yurtimizdan yetishib chiqqan olimlar islomiy va dunyoviy ilmlarni boshqacha nazar va oʻzgacha yondashuv bilan oʻrganib, olamshumul natijalarga erishgan. Insoniyat bugungi kunda ham ana shu ilmlarga ehtiyoj sezmoqda.
Yalpi majlis yakunida “Sahih ul-Buxoriy” asarining jahon kutubxonalarida saqlanayotgan qadimiy va nodir qoʻlyozma nusxalari” deb nomlangan taqdimot namoyish etildi.
Shundan soʻng konferensiya oʻz ishini 3 ta shoʻbaga boʻlingan holda davom ettirdi. “Sahih ul-Buxoriy” asarining jahon kutubxonalarida saqlanayotgan qadimiy va nodir qoʻlyozma nusxalari”, “Imom Buxoriy ilmiy merosi va hozirgi zamon”, “Movarounnahr ulamolarining islom sivilizatsiyasi rivojiga qoʻshgan hissasi” shoʻbalarida alloma hayoti va ilmiy-maʼnaviy merosiga doir jami 55 ta ilmiy maʼruza tinglandi.
Ibratli hayot tarzi taqvoning oliy namunasidir
Birinchi xulosa. Oʻzbekiston diyorini islom ilmlari markazi sifatida eʼtirof etish oʻrinlidir. Islom dunyosida umumeʼtirof etilgan ayni bir haqiqat — eng ishonchli hisoblangan olti mashhur hadis toʻplamidan toʻrttasi Movarounnahr allomalari tomonidan jamlangani buning yaqqol dalili. Imom Buxoriy esa, ushbu allomalarning eng ulugʻi — muhaddislar sultoni eʼtirofidagi yagona zot.
Mazkur fikrni Misrning Al-Azhar islom tadqiqotlari majmuasi Bosh kotibi Muhammad Nazir Ayyad yakdillik bilan tasdiqladi: “Imom Buxoriy butun dunyo ulamolarining hurmat va ehtiromiga sazovor boʻlgan ulugʻ zotdir. Allomaning 16 yil davomida Paygʻambarimiz alayhissalom sunnatlariga doir eng ishonchli hadislarni jamlash uchun ilm yoʻlida chekkan zahmati bir necha oʻn kishining hayotiga tatiydi. Uning shaxsiyati, ibratli hayot tarzi taqvoning oliy namunasidir”.
Turkiyaning Anqara Yildirim Boyazid universiteta professori Farhat Goʻkche yuqoridagi fikrni davom ettirib: “Menga berilgan imkoniyatdan foydalanib, muhaddislar imomi Muhammad ibn Ismoil Buxoriy hazratlarining xulqu maqomatlariga ikki ogʻiz toʻxtalib oʻtsam. Ul zotning hayotini oʻrganar ekanmiz, goʻzal xulqi, kamtarligi va tavozesi barchamizda uning ilmiy merosi bilan bir qatorda, shaxsiyatiga ham cheksiz hurmat-ehtirom uygʻotadi”, deya toʻlqinlanib gapirdi.
Al-Azhar islom tadqiqotlari majmuasi kotibiyati mudiri Muhammad Vardaniy konferensiyaning birinchi xulosasiga yakun yasadi: “Alloma oʻz asarlarini yuksak darajada masʼuliyat, roviylarga hech bir muhaddis qoʻymagan qatʼiy talablar bilan yondashib yozganini zamondoshlari takror-takror qayd etgan. Shu sababli hech bir hadisshunos Imom Buxoriyning martabasiga erisha olmagan”.
Darhaqiqat, islom tarixiga nazar solsak, musulmon ummati Muhammad alayhissalomning muborak hayoti va islom taʼlimotini sinchkovlik bilan oʻrgangan. Ular orasida muhaddislar sultoni — Imom Buxoriyning tutgan oʻrni beqiyosdir. Uning “Sahih ul-Buxoriy” toʻplami diniy ahkomlar va axloqiy koʻrsatmalarning asosiy manbai sifatida tan olingan. Aynan shu eʼtirof konferensiya ishtirokchilarining ikkinchi xulosasiga yoʻl ochdi.
Ikkinchi xulosa. Imom Buxoriyning maʼnaviy merosi, xususan, “Sahih ul-Buxoriy” asari islom dinining asl mohiyatini, insonparvarlik va bagʻrikenglik gʻoyalarini oʻzida aks ettirgan muhim manbadir.
Haqiqatan ham, muhaddislikda “sahih” yoʻnalishi asoschisi hisoblanmish Imom Buxoriy minglab islom ulamolaridan 600 mingdan ortiq hadis toʻplab, ular orasidan 7275 ta eng ishonchlisini saralab olib, “Al-Jome as-sahih” kitobiga kiritgan. Mazkur asar hadis toʻplamlari orasida eng ishonarli va mukammalidir.
Koʻplab muammolarga yechim topadigan noyob manba
Malayziyaning Islomni anglash instituti ilmiy xodimi Muhammad Mustaqim Malikning soʻzlariga koʻra, “Sahih ul-Buxoriy”ning moʻtabarligi shundaki, ushbu asar uzoq oʻtmishda yozilgan manba boʻlishiga qaramay, undan insoniyat bugungi kunda duch kelayotgan koʻplab muammolarga ham yechim topishi mumkin. Xususan, COVID-19 pandemiyasi tarqalishining oldini olishda zamonaviy tibbiyot qoʻllayotgan — “epidemiya oʻchoqlariga borishdan saqlanish, ijtimoiy masofani saqlash, kasallanganlarni alohidalash” kabi choralar Paygʻambarimiz alayhissalom tomonidan tavsiya etilganini koʻrish mumkin. Imom Buxoriy buni oʻz asariga kiritish chogʻida kelajak avlodlarni oʻylagan boʻlishi ehtimoldan xoli emas”.
Notiqning bu soʻzlari asarning bugungi kun uchun ham dolzarb qiymati, ayniqsa, butun jahon koronavirus nomli koʻrinmas yov bilan kurashayotgan ayni paytdagi yuksak ahamiyatini ham tasdiqlaydi.
Mohiyat jihatidan “Al-Jome as-sahih” toʻplami chin maʼnoda Qurʼoni karimdan keyin islom dinining ikkinchi muqaddas manbai hisoblanadi. Hadis keltirib, uning manbasi sifatida Imom Buxoriy koʻrsatiladigan boʻlsa, uning ishonchliligi xususida hech bir shubha qolmaydi.
— Imom Buxoriy 600 ming hadis orasidan eng sahihlarini saralab, ularni illatlilardan xalos etgan. Soddaroq aytadigan boʻlsak, buyuk muhaddis hadislarni “davolagan”, — deydi Turkiyaning Ibn Xaldun universiteti professori Muhyiddin Avvoma.
Umumiy jihatdan islomni anglashning ikki asosiy usuli mavjud boʻlib, ulardan asosiysi Qurʼonni oʻqish va oʻrganishdir. Imom Buxoriy asari orqali islomni inʼikos etish yana bir usuldir. Chunki unda Paygʻambarimiz alayhissalomning eng ishonchli sunnatlari mujassamdir.
Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi dotsenti Mahfuza Alimova asarning yuksak qiymati uning oʻquvchi tomonidan nisbatan oson oʻzlashtirilishida ham ekanini alohida qayd etdi: “Oliy isnodli hadislar oʻrganilar ekan, Imom Buxoriy tanlagan usul naqadar mukammalligiga yana bir bor guvoh boʻlamiz. “Sahih ul-Buxoriy” jome uslubida yozilgan boʻlib, roviylar emas, mavzular boʻyicha kitoblar va boblarga ajratilgani uning eng murakkab, taʼbir joiz boʻlsa, akademik tadqiqot ekanini, oʻsha davrgacha misli koʻrilmagan jurʼat va shijoat samarasi boʻlganini namoyon etadi. Mehnati shu qadar ogʻir boʻlgani uchun ham ushbu asar juda qulay va oson oʻqib oʻrganiladi”.
Germaniyalik olimlarni hayratga solgan qoʻlyozmalar
Konferensiyaning ishtirokchi mehmonlari, ayniqsa, mazkur asar qoʻlyozmalari saqlanayotgan mamlakatlar vakillari ulkan tarixiy qiymatga ega nodir xazina aynan ularning vatanida joy egallaganidan faxr tuyishlarini bildirdilar. Germaniyaning Leypsig universiteti professori Stefani Brinkman soʻzlariga eʼtibor bering: “Imom Buxoriy asarlarining XV asrga oid qoʻlyozma nusxalari Germaniyaning Leypsig universitetida saqlanishi biz uchun sharafdir. Bu germaniyalik olimlarni yangi-yangi izlanishlarga undaydi. Oʻrta asrlarga oid ushbu qoʻlyozma asarlarning mukammalligi bizni doimo hayratga soladi”.
Imom Buxoriy ajdodimiz ekani esa, bizga iftixor bagʻishlaydi. Shuning uchun asarni oʻrganish, undagi hadislar va ular mohiyatini yosh avlod ongiga yetkazish, odamlar maʼnaviyatini aynan shu ziynat bilan bezash hammadan ham koʻra biz uchun gʻoyat qadrli va alohida qiymatga ega. Bu esa, konferensiyaning uchinchi xulosasiga asos boʻldi.
Uchinchi xulosa. Oʻzbekistonda milliy va diniy qadriyatlarni rivojlantirish, tinchlikni mustahkamlash, millatlararo totuvlik va diniy bagʻrikenglikni taʼminlash borasida ulkan ishlar amalga oshirilmoqda.
Taassuf bilan aytish kerakki, uzoq yillar mintaqamizda ateizm baland mavqe tutgan siyosiy tuzum hukmronligi davrida muqaddas islom dini va uning namoyandalaridan boʻlmish ulugʻ tarixiy siymo — Imom Buxoriy shaxsiyati va faoliyatiga noxolis baho berildi. Bu oʻsha davrda fan va jamiyatning ijtimoiy tafakkurini boshqarib turgan hukmron mafkura talablaridan biri edi.
Shukrlar boʻlsinki, Alloh taolo bizga ajdodlarimiz nomi va ularning boy maʼnaviy-maʼrifiy, yuksak ilmiy qiymatdagi “Sahih ul-Buxoriy” kabi shoh asarlarini qaytarib berdi. Chunki buyuk ajdodlar merosi, avvalo, uning bevosita avlodlariga tegishlidir. Buning uchun tarixiy asoslar yetarli.
“Tarixdan bilamizki, Oʻrta Osiyoga islom dinining kirib kelishi ummaviylar davriga borib taqaladi. Oʻsha yillardan boshlab, bu sharofatli zaminda islomiy va dunyoviy ilmlar keng koʻlamda rivojlandi. Movarounnahrdan yetishib chiqqan olimlar nafaqat islom dunyosi, balki butun jahon sivilizatsiyasi rivojiga ulkan hissa qoʻshganini alohida taʼkidlashni istardim. Buyuk ajdodlaringiz ilmiy-maʼnaviy merosini oʻrganish, tadqiq etish bugungi kundagi dolzarb vazifalardan biridir”, dedi Malayziya xalqaro islom universiteti professori Muhammad Said.
Xalqimiz asrlar davomida orzu qilgan xayrli amal
Bugungi kunda yangi Oʻzbekiston diniy-maʼrifiy sohada islohotlarni izchil davom ettirib, oʻz fuqarolarining vijdon va eʼtiqod erkinligini toʻla taʼminlaydigan va islomning insonparvarlik va taraqqiyparvarlik mohiyatini baralla tarannum qiladigan mamlakatga aylandi. Yurtimizning bu borada jahon miqyosida oshib borayotgan salohiyati konferensiya ishtirokchilari tomonidan bir ovozdan eʼtirof etilishi bilan birga, hamkorlikda hayotga tatbiq etilishi lozim boʻlgan amaliy takliflar ham bildirildi.
Bir soʻz bilan aytganda, Oʻzbekiston oʻz Prezidenti rahbarligida ijtimoiy-maʼnaviy jabhada milliy anʼanalariga sodiq qolgan holda, ilmni ragʻbatlantirish yoʻlida shahdam odimlamoqda. Biz islom taʼlimotini maʼnaviy qadriyatlarning yaxlit tizimi, mushtarak hayot, xulq-atvor va fikrlash tarzi deb qabul qilamiz hamda shu tarzda oʻz hayotimizga chuqur singdirganmiz. Shuning uchun islom dinining asl mohiyatini tadqiq etish, undagi ezgulikka yoʻgʻrilgan gʻoyalarni asl maʼnosida targʻib qilishga alohida eʼtibor qaratyapmiz. Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining tashkil etilishidan koʻzlangan asosiy maqsad ham shu. Bu esa, nihoyat, konferensiyaning oxirgi xulosasini keltirib chiqardi.
Toʻrtinchi xulosa. Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi Movarounnahrdan yetishib chiqqan buyuk alloma va mutafakkirlarning hayoti va ilmiy merosini tadqiq etish, mazmun-mohiyatini dunyo jamoatchiligiga yetkazishda oʻziga xos platforma boʻlib xizmat qilmoqda.
Markazda, odatda, joʻshqin bahs va munozaralarga boy tarzda oʻtadigan bu kabi muhim va nufuzli anjumanlarga davomli ravishda mezbonlik qilish odat tusiga kirgan. Shu sabab ishtirokchilar markaz faoliyati va uning erishayotgan yutuqlari toʻgʻrisida koʻplab maʼlumotga ega boʻldilar.
— Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini islomiy ilmiy meros va, umuman, sunnatni muhofaza qilish uchun taʼsis etilgan muassasa deb ham bilaman, — dedi Turkiyaning Marmara universiteti professori Ayshe Shehyar xonim.
Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi professori Zohidjon Islomov soʻzlariga koʻra, bugungi kunda 33 mamlakatdagi yetmishdan ziyod fondda “Sahih ul-Buxoriy”ning 820 ta qoʻlyozmasi saqlanayotgani aniqlangan. Ularning nusxalarini jamlash, tadqiq etish va keng jamoatchilikka taqdim qilish Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va boshqa shunday muassasalar oldida turgan dolzarb vazifa, xalqimiz asrlar davomida orzu qilib kelgan xayrli amaldir.
Barcha ishtirokchilar tomonidan Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi Movarounnahrdan yetishib chiqqan buyuk alloma va mutafakkirlar hayoti va ilmiy merosini tadqiq etish, mazmun-mohiyatini dunyo jamoatchiligiga yetkazishda oʻziga xos platforma vazifasini bajarayotgani birdek qayd etildi. Xususan, anjuman bu yoʻldagi xayrli saʼy-harakatlardan biridir.
Oʻzbekistondagi islohotlarning yorqin natijalaridan mamnunmiz!
Anjuman qatnashchilari Oʻzbekistonda milliy va diniy qadriyatlarni rivojlantirish, tinchlikni mustahkamlash, millatlararo totuvlik va diniy bagʻrikenglikni taʼminlash borasidagi islohotlarning yorqin natijalariga yuksak baho berdi.
Ishtirokchilar Imom Buxoriyning boy ilmiy-maʼnaviy merosini, islom sivilizatsiyasi rivojiga qoʻshgan hissasini chuqur oʻrganish, alloma asarlarini tarjima qilish va sharhlarini oʻrganish asosida tarbiyaviy ahamiyatga doir turkum risolalar chop etish, “Sahih ul-Buxoriy” asarining xorij fondlarida saqlanayotgan qadimiy qoʻlyozmalarni aniqlashni davom ettirish, ularning imkon qadar mukammal toʻldirilgan kataloglarini yaratish va xalqaro koʻrgazmalar tashkil etish borasida hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan amaliy takliflarni ilgari surdilar.
Shuningdek, ulugʻ alloma va mutafakkirlarning ilmiy-maʼnaviy merosi asosida yosh avlodni yot va buzgʻunchi gʻoyalar taʼsiridan himoya qilishga qaratilgan xalqaro anjumanlar tashkil qilish, Oʻzbekistonning diniy-maʼrifiy sohani rivojlantirish, mutaassiblik va ekstremizmga qarshi kurashdagi ijobiy tajribasini ommalashtirish ham maqsadga muvofiq ekani taʼkidlandi.
Yuqorida bayon etilganlarni inobatga olib, ishtirokchilar tomonidan kelgusida oʻzaro hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash, diniy-maʼrifiy mavzularga bagʻishlangan xalqaro anjumanlar oʻtkazish, Imom Buxoriy ilmiy merosini chuqur oʻrganish, mazmun-mohiyatini dunyo jamoatchiligiga yetkazish, alloma qalamiga mansub asarlarning qadimiy qoʻlyozmalarini avaylab-asrash va kelajak avlodga yetkazishga doir tadbirlarni oʻzaro hamkorlikda amalga oshirishga kelishib olindi.
Anjuman nihoyasida “Sahih ul-Buxoriy” asarining jahon kutubxonalarida saqlanayotgan qadimiy va nodir qoʻlyozma nusxalari” mavzuidagi xalqaro konferensiyaning yakuniy bayonoti qabul qilindi.
Soʻz yakunida konferensiyaning yana bir ishtirokchisi, Qozogʻistondagi Abu Hanifa ilmiy-tadqiqot markazi direktori, professor Shamshiddin Karimning anjuman davomida bildirgan quyidagi fikrlarini keltirish oʻrinlidir: “Alloma toʻplagan hadislarda mehr-oqibat, insonparvarlik, ota-ona va kattalarga hurmat, Vatanga muhabbat, halollik va bagʻrikenglik kabi fazilatlar, yosh avlod uchun tarbiyaviy ahamiyatga ega boʻlgan oʻgitlar keng oʻrin olgan. Sirasini aytganda, alloma asarlari bugungi kunga qadar musulmon dunyosi uchun maʼnaviy-axloqiy qoʻllanma boʻlib xizmat qilmoqda va bundan keyin ham shunday boʻlib qoladi”.