Home / YANGILIKLAR / Davlat gerbi – mustaqillik timsoli

Davlat gerbi – mustaqillik timsoli

2 iyul – Oʻzbekiston Respublikasining Davlat gerbi qabul qilingan kun

1992 yil 2 iyul kuni “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi toʻgʻrisida”gi qonun qabul qilingan. Unga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining ramzidir.

Bugun ushbu muqaddas ramzni kattayu kichik birdek qadrlaydi. Unda jonajon Oʻzbekistonimizning tom maʼnodagi asl tasvirini koʻradi. Gerbimizga har bir hamyurtimiz alohida ehtirom bilan munosabatda boʻlishi mamlakatimizda ezgu qadriyatga aylangan.

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi. Purviqor togʻlar, daryolar va soʻl tomoni bugʻdoy boshoqlaridan, oʻng tomoni esa chanoqlari ochilgan gʻoʻza shoxlaridan iborat chambarga oʻralgan gullagan vodiy uzra quyosh zarrin nurlarini sochib turibdi. Bu esa oʻxshashi yoʻq diyorimiz maftunkorligiga oʻziga xos ishoradir. Gerbning yuqori qismida respublika hurligining ramzi sifatida sakkizburchak tasvirlangan boʻlib, uning ichki qismida yarim oy va yulduz tasvirlangan. Ramz markazida baxt va erksevarlik ramzi – qanotlarini yozgan Humo qushi tasvirlangan. Gerbning pastki qismida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻini ifoda etuvchi chambar lentasining bantida “Oʻzbekiston”, deb yozib qoʻyilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbining rangli koʻrinishida Humo qushi va daryolar – kumush rangida, quyosh, boshoqlar, paxta chanoqlari va “Oʻzbekiston” yozuvi – oltin rangida, gʻoʻza shoxlari va barglari, togʻlar va vodiy – yashil rangda, chanoqlardagi paxta – oq rangda, lenta – Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻining ranglarini aks ettiruvchi uch xil rangda, sakkizburchak – oltin zarhal bilan hoshiyalangan holda havo rangda, yarim oy va yulduzlar – oq rangda tasvirlangan.

“Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi toʻgʻrisida”gi qonuning 4-moddasiga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbining tasviri doimiy ravishda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qarorgohlari, Oliy Majlisi palatalari, Vazirlar Mahkamasi, respublika davlat boshqaruvi organlari, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya, Markaziy bank, Hisob palatasi, Markaziy saylov komissiyasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi va Vazirlar Kengashi, mahalliy davlat hokimiyati organlari, sudlar, prokuratura organlari, Oʻzbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari, konsullik muassasalari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar huzuridagi vakolatxonalari binolarining old tomoniga joylashtirilgan.

Gerb tasviri muhrlarda va davlat idoralari blankalarida, rasmiy nashrlarda, qogʻoz va tanga pullarda, qimmatli qogʻozlar va fuqarolik pasportida, qonunda belgilangan boshqa hujjatlarda aks ettirilgan.

Mamlakatimizda istiqomat qilayotgan har bir fuqaro davlat ramzlari, shu jumladan, Oʻzbekiston Respublikasining Davlat gerbiga hurmat bilan munosabatda boʻlishi qonunchilik bilan belgilab qoʻyilgan. Davlat ramzlariga boʻlgan hurmat mamlakatimizda maktabgacha taʼlim maskanlari, maktablardanoq yosh avlod ongiga singdiriladi. Bu esa ulgʻayib kelayotgan oʻgʻil-qizlarda oʻzi tugʻilib oʻsgan yurt taqdiri uchun daxldorlik, vatanparvarlik, fidoyilik, Vatan uchun cheksiz faxr va iftixor tuygʻularini mustahkamlashda muhim omil boʻlib xizmat qiladi.

2 iyul – Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi haqidagi qonun qabul qilingan kun munosabati bilan joylarda belgilangan tadbirlar keng miqyosda, koʻtarinki ruhda, yuqori saviyada oʻtkazilishi rejalashtirilgan. Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Madaniyat, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim, Xalq taʼlimi vazirliklari, Yozuvchilar uyushmasi, Yoshlar ishlari agentligi kabi tashkilotlar hamkorligida “Davlat gerbi – mustaqillik timsoli!” shiori ostida maʼrifiy tadbirlar oʻtkazish koʻzda tutilgan. Ularda taniqli olimlar, yozuvchilar, shoirlar, madaniyat va sanʼat namoyandalari, estrada xonandalari, Milliy gvardiya, Mudofaa vazirligining harbiy orkestrlari ishtirok etishi kutilmoqda. Shuningdek, mamlakatimizning barcha hududlarida Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi tomonidan “Yangi Oʻzbekistonda erkin va farovon yashaylik!” shiori ostida oʻtkazilayotgan “Maʼnaviyat festivali” doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi qabul qilingan kun munosabati bilan madaniy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkaziladi.

Ushbu sanaga bagʻishlab telemarafonlar, Davlat gerbining ahamiyati, uni ulugʻlashga qaratilgan interfaol madaniy-maʼrifiy tadbirlar, fleshmoblar, anjumanlar oʻtkaziladi. Bularning barchasi Davlat gerbining ahamiyatini yosh avlod ongiga yanada mustahkam singdirish, ularni ulugʻ ajdodlarimizga munosib, yurtparvar insonlar etib kamolga yetkazishdek maqsadlarga yoʻnaltirilgani bilan ahamiyatlidir.

Manba: OʻzA

Check Also

Magʻrur hilpirayver, yurtim bayrogʻi!

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida 18-noyabr kuni xodimlar ishtirokida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi qabul qilinganiga …