Home / MAQOLALAR / “SIYAR AʼLAMUN NUBALO” ASARIDA IMOM BUXORIY SIYRATI (6-QISM)

“SIYAR AʼLAMUN NUBALO” ASARIDA IMOM BUXORIY SIYRATI (6-QISM)

“Sahihul Buxoriy”ning tafsir ilmidagi ahamiyati

“Tafsir” mufassirlarning taʼrifiga koʻra: Qurʼoni karim lafzlarining botiniy va zohiriy maʼnolarini saqlab qolgan holda maʼnoni til bilan ochiqlash, tafsir etishdir[1].

“Siyarul nabiy” paygʻambar alayhissalomning hayot yoʻlini oʻrganadigan fandir.

“Zuhd” istilohi tasavvuf olimlariga koʻra, dunyo, mol mulk, obroʻ va mansabdan yuz oʻgirishni anglatadi[2]

“Riqoq” soʻzi الصحة ، الفراغ “sogʻliq”, “xotirjamlik”­ maʼnolarida boʻlib, “faqat oxiratni oʻylab hayot kechirish”dir. Lugʻatshunos olimlarning fikricha: رقاق   “Riqoq” رقيق “roqiq” soʻzining koʻpligi boʻlib, “nafrat” va “gʻazab” soʻzining aksi boʻlgan رحمة “muloyim tabiatlik” maʼnosini anglatadi[3].

Yuqorida zikr etilgan fanlar Imom Buxoriy asarida oʻz ifodasini topgan. Muhaddis “sunnat”, “siyrat”, “tafsir” ilmlarini chuqur bilish bilan birga, “riqqatul qalb”, yaʼni samimiy qalb egasi ham boʻlgan. Hadislarni “zaif”idan “sahihi”ni  ajratish uchun esa ana shunday qalb sohibi boʻlmoqlik kerak.

Imom Buxoriy bu  qoidaga oʻziga xos tarzda yondashib, uni yuqori sanʼat darajasiga koʻtargan va oʻzgalar qilmagan kashfiyot qilgan. U “Al-Jomeʼ as-Sahih”ning boshqa asarlardan farqli ekanini isbotlab bergan. Muhaddis olimlar bu kashfiyot Buxoriydan oldin mavjud emasligini eʼtirof etganlar[4].

Asar “Vahiyning boshlaninishi”  (بدء الوحي) kitobi bilan ochilib, “Tavhid”  (التوحيد) kitobi bilan oxirlaydi.

“Umdat ul-qoriy” asarida berilishicha, arabcha “vahiy” (الوحي) soʻzi “maxfiy gap” (الكلام الخفي), “ilhom” (الإلهام),  “elchilik”  (الرسالة), “yozish” (الكتابة),  “ishora” (الإشارة)soʻzlari bilan maʼnodoshdir[5].

Abu Abdulloh at-Taymiy al-Isbahoniy وحي soʻzi تفهيم , yaʼni “tushuntirib berish” degan maʼnoni anglatadi, deya taʼkidlagan. Uning  bu haqdagi  taʼrifi shunday: به من الإشارة و الإلهام و الكتب فهو وحي و كل ما فهم “Har qanday ishora, ilhom va kitoblardan tushunilgan narsa  vahiydir”[6].

Asar “Vahiy ibtidosi” bobi bilan boshlanayotganining sababi, paygʻambarlikning ibtidosi (yaʼni, risolat) vahiy bilan bevosita bogʻliqligida, vahiyga doir oyatning keltirilishi esa uning tabarruk – “muborak” ekanligidir.

“Al-Jomeʼ as-Sahih” asarining boblari va bob izohlari borasida olimlar va tadqiqodchilar tomonidan turli fikrlar bildirilgan. Olim Kirmoniy turli nusxalar oʻrtasidagi kam ixtilof kitoblar (boʻlimlar) sonini 100 ta, boblari 3450 ta deya qayd etgan. “Kashf az-zunun” asari muʼallifi Hoja Xalifa ham shu fikrga tayangan[7].

Ibn Hajar Asqaloniy esa “Fath ul-Boriy” asarida boʻlimlar sonini 97 ekanini qayd etgan. XX asrda yashagan arab olimlaridan Doktor Mahmud Tahhon oʻz tadqiqotida Asqaloniyning fikrini qoʻllab-quvvatlaydi[8].

Iordaniyaning “An-Nahda” nashriyoti tomonidan tayyorlangan tahqiqida esa kitob (boʻlim)lar 91, boblar 3882 ta keltirilgan. Arab olimi Shayx Abdulloh Gʻunaymon “Dalil al-qoriʼ” nomli fihrist (katalog)ida ham mazkur tahqiqga tayanib asar haqida maʼlumot keltirib oʻtgan[9].

Asarda keltirilgan hadislar soniga toʻxtalib oʻtadigan boʻlsak, olim Ibn Saloh ularni 7275 ta, takrorsiz 4000 ta, deya qayd etgan. Imom Navaviy ham unga ergashib: “Sahihi Buxoriy”dagi hadislarning barchasi 7275 ta, takrorlarini olib tashlagan holda 4000 ta” degan maʼlumotni oʻz asarida aytib oʻtgan [10].

Keyingi yillarda yurtimizda qilingan oʻzbek tilidagi tadqiqotlarda “Sahih al-Buxoriy” hadislar toʻplami 97 kitob va 3881 bobdan iborat boʻlib, undagi barcha hadislar soni, takroriylari bilan qoʻshilib hisoblaganda 7563 tadir. Kitobning hoshiyasidagi muaallaq hadislar 1391 ta, biron-bir hadisga tobe boʻlib kelgan hadislar 344 ta va bu kitobdagi barcha hadislarning koʻlami 9082 ta keltiriladi[11].  

Hofiz Ibn Hajar Asqaloniy shunday qayd etadi: “Sahihi Buxoriyning barcha hadislari takrorlari bilan – muallaqot va mutabaʼatlaridan tashqari[12] – oʻzim tahrir qilib, oʻrganib chiqqanimga koʻra 7397 tadir”[13]. Boshqa olimlar zikr qilganga 122 ta hadis qoʻshgan. Kitobdagi taʼliqlarning barchasi 1341 ta boʻlib, ularning aksariyati kitob matnlari asosida takror keltirilgan.

Sahobalarning mavquf[14], tobeinlar va ulardan keyingilardan keltirilgan maqtuʼ hadislaridan tashqari kitobning barcha hadislari 9082 tani tashkil etadi. Undagi mavsul, muallaq hadislarning barchasi 2513 ta boʻlib bundan muallaqning mutabaʼat maʼnosidagilari 160 tadan iborat, qolganlari mavsul hadislardir.

Hozirgi kunimizda keng tarqalgan “Al-Jomeʼ as-Sahih” ilk bor Ali ibn Muhammad Yuniniy (vaf. 1302 y.) tomonidan Buxoriydan Firabr va Buxoroda ikki marta eshitib koʻchirgan olimning shogirdi Muhammad ibn Yusuf Firabriyning tayyorlagan nusxalari asosan tartiblangan. Shuningdek, asarning Hammod ibn Shokir (vaf. 902 y.), Al-Mahomiliy (vaf. 941 y.), Ibrohim ibn Maʼqal Nasafiy (vaf. 908 y.) va Mansur ibn Muhammad Pazdaviy (vaf. 932 y.) rivoyatlari asosida yozilgan nusxalari ham mavjud. Mazkur nusxalardan Mahomiliy nusxasi xato va kamchiliklari borligi sababli olimlar tomonidan qabul qilinmagan[15].

Imom Buxoriy aksar hollarda, har bir kitobning birinchi boʻlimida mavzuga doir Qurʼoni karim oyatlaridan dalil hujjatlarni keltirib oʻtadi. Masalan:  “Vahiyning boshlanishi” kitobida aynan shu usulni kuzatish mumkin: 1-  باب كيف كان بدء الوحي إلي رسول الله صلي الله عليه وسلم و قوله جل ذكره (إنا أوحينا إليك كما أوحينا إلي نوح و النبيين من بعده)  “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga vahiyning boshlanishi qanday boʻlgan?[16]. Alloh jalla zikruhuning “(Ey Muhammad!) albatta, Biz Nuh va undan keyingi nabiylarga vahiy yuborganimizdek, sizga ham vahiy yubordik”[17]. Ushbu oyat Rasululloh (s.a.v.) uchun vahiyning nozil boʻlganligiga qatʼiy dalildir. Soʻngra oyatlarga uygʻun boʻlgan va ularni qoʻllab-quvvatlaydigan hamda ularga uzviy bogʻliq boʻlgan hadislarni boʻlimlar tarkibida izchillik bilan berib boradi.

davomi bor…

[1] ar.wikipedia.com.
[2] Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Ruhiy tarbiya. – Toshkent, 2008-53-b.
[3] Ibn Hajar al- Asqaloniy.  Fathu-l- Boriy. – OʻzR FA SHI qoʻlyozmalar fondi. Qoʻlyozma raqami 6222-2b-b.
[4] Mavlono Shoh Valilulloh Dehlaviy. Risalatu sharhu tarojum abvabu Sahih ul-Buxariy. Matbaʼatu Doirat ul-Maʼorif. Qohira. 1323.–B. 2
[5] Badiruddin Abu Muhammad Mahmud ibn Ahmad al-Ayniy. Umadat ul-Qoriy. Dor ul-kutub al-ilmiyya. – Bayrut. 2001. J.1. – B. 39
[6] Oʻsha asar – 39- b.
[7] Sharh al-Kirmoniy. – J. 1. – B. 12. Kashf az-zunun. – B. 445.
[8] Doktor Mahmud Tahhon. At-taxrij va dirosa al-asaniyd. – B. 114.
[9] Qarang: Shayx Abdulloh Gʻunaymon. Dalil al-qoriʼ. – B. 77.
[10] Tadrib ar-roviy. 1/102. Sharhi Navaviy. – B. 8.
[11] Nodir Qobilov. Sahihu-l-Buxoriyning yozilish tarixi va uslubi. // “Imom Buxoriy saboqlari”. 3/2009-173-b.
[12] Muallaqot – muallaqning koʻpligi. Istilohda isnodining boshida bir roviy tushib qolgan hadis. Qarang: Sharx an-nuxba. – B. 42. Taysir mustalah al-hadis. – B. 69. Mutabaʼat – mutabaʼaning koʻpligi. Istilohda roviyning boshqasi bilan bir hadis rivoyatida isnod avvalida yoki yuqorisida sherik boʻlishi. Qarang: Taysir mustalah al-hadis. – B. 142. An-nukat. 2/681. Tadrib ar-roviy. 1/243.
[13] Hady as-soriy. – B. 469. Fath al-Boriy. – J. 13. – B. 543. Nazzor Hamadoniy. – B. 125. Doktor Abdulloh Gʻunaymon. Fihrist. – B. 533. Gʻunaymon asarni tahrir qilib, takrorlarsiz 2334 ta hadis borligini aytgan. U Ibn Hajar Asqaloniydan 19 ta hadis kamdir.
[14] Hady as-soriy. – B. 469.
[15] Tekin D. Müslim ve el-Camiuʻs-Sahihʻi Üzerine //BEÜ İlahiyat Fakültesi Dergisi. – 2015. – T. 2. – №. 1. – S. 49-68.
[16] Ahmadjonov M., Yusupov O. Oltin Silsila. Sahihul Buxoriy. 1- juz. – Toshkent, 2013-116-b.
[17] Shayx Abdulaziz Mansur. Qurʼoni Karim maʼnolarining tarjima va tafsiri. Toshkent islom universiteti, 2018-104-b.
Azizxoʻja INOYATOV
Oʻzbekiston Xalqaro Islom akademiyasi
mustaqil tadqiqotchisi

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …