Home / MAQOLALAR / YER ALLOHNING ULUGʻ NEʼMATI, UNDAN OQILONA FOYDALANISH ESA INSONIY BURCHIMIZ

YER ALLOHNING ULUGʻ NEʼMATI, UNDAN OQILONA FOYDALANISH ESA INSONIY BURCHIMIZ

Soʻnggi yillarda mamlakatimizda yer maydonlaridan oqilona foydalanish, uni muhofaza qilish barobarida oʻzboshimchalik bilan egallab olishga chek qoʻyishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Prezidentimizning 2021 yil 8 iyundagi “Yer munosabatlarida tenglik va shaffoflikni taʼminlash, yerga boʻlgan huquqlarni ishonchli himoya qilish va ularni bozor aktiviga aylantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni ushbu yoʻnalishdagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqishda ayni muddao boʻldi.

Zero, ushbu hujjat bilan yer ajratishning barcha uchun teng, shaffof va bozor tamoyillariga asoslangan tartibini joriy etish, yerni muhofaza qilish, yer egalarining huquqlarini kafolatlash, shuningdek, aholiga qishloq xoʻjaligi yerlarini dehqonchilik bilan shugʻullanish uchun berish tartibi belgilandi.

Darhaqiqat, Alloh taolo inson zimmasiga bir necha vazifa va masʼuliyat yuklash barobarida yerga yaxshi munosabatda boʻlish va uni obod qilishni ham topshirgan. Parvardigor mazkur neʼmatlardan inson oʻzi va oʻzgalar uchun qanday manfaat olishini ham oʻrgatadi.

Haq taolo insonni dunyoni asrashga, yerdan unumli foydalanishga, neʼmatlardan foyda olishga, ularni poymol qilmaslik, yomonlik emas, faqat yaxshilik yoʻlida tasarruf etishga amr qildi.

Demak, inson yer yuzidagi obodlik uchun ham Alloh taoloning oldidagi masʼuliyatini unutmasligi lozim. Qurʼoni karimda: “U Yerni sizlar uchun beshik (qarorgoh) qilib qoʻydi va unda yoʻllar paydo qildi hamda osmondan suv (yomgʻir, qor) yogʻdirdi”, deb marhamat qiladi.

Ushbu oyati karimada Alloh taoloning bandalarga inʼom qilgan toʻrt neʼmati — yerning beshik yo toʻshak kabi qulay qilinishi, yerda yoʻllarning barpo qilib qoʻyilgani, osmondan qor-yomgʻir tushirilishi, yerda turli nabototlar undirib qoʻyilgani bayon qilinmoqda.

Albatta, bu neʼmatlar insonga oqilona foydalanishi uchun berilgan, oʻzboshimchalik bilan ish tutish, zarar yetkazish yoki oyoqosti qilish uchun emas.

Baʼzida fuqarolarimiz xonadonlarida qarovsiz qolgan yerlarga guvoh boʻlamiz. Vaholanki, oʻsha yerdan unumli foydalanilsa, koʻp ajr-savoblarga ega boʻlish barobarida xalqimiz rizqi keng boʻlishiga ham hissa qoʻshgan boʻlamiz.

Zero, Qurʼoni karimda: “…U sizlarni yerdan paydo qilib, sizlarni uni obod etuvchi etdi…”, deyiladi. Ushbu oyati karimada Alloh taolo odamzodni yer yuziga uni obod qilish uchun yuborgani xabari beriladi.

Qabul qilingan farmon asosida ishsiz aholiga qishloq xoʻjaligi yerlarini 10 yil muddatga dehqonchilik bilan shugʻullanish uchun ijaraga berish tartibi belgilandi. Joriy yildan gʻalladan boʻshagan qariyb 100 ming gektar yer maydonini ishsiz aholiga dehqon xoʻjaligi tashkil etish uchun berish amaliyoti boshlandi. Paxta hosilidan keyin ushbu maqsadlar uchun yana 100 ming gektar yer ajratilishi esa yanada foydali ish boʻldi. Mazkur farmon sharofati bilan iqtisodiy jihatdan qiynalib qolgan koʻplab fuqarolarimizning uyiga qut-baraka kirib keladi.

Jobir ibn Abdullohdan rivoyat qilinadiki, Hazrati Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday dedilar: “Kim Allohga ishonib, savob umidida qarovsiz yerni obod qilsa, unga yordam va baraka berish Allohga lozim boʻladi”.

Shuningdek, kim tashlandiq, qarovsiz yerni oʻzlashtirib, unga ishlov berib, haydab, tozalab, ekin eksa, bogʻ qilsa, bu odamning ishiga madad berish, barakot berish Alloh taoloning zimmasida boʻladi.

Hadisi sharifda: “Qaysi musulmon koʻchat yoki ekin eksa, undan qushmi, insonmi yoki hayvonmi tanovul qilsa, bu unga sadaqa boʻladi”, deyilgan.

Dehqonchilik hayot tayanchi, tirikligimizning ustunidir. Shuning uchun ajdodlarimiz bu kasb sohiblarini hamisha ardoqlab, ehtirom koʻrsatib kelgan, oʻzlari ham bu yoʻlda yaxshi amallar bajargan. Masalan, buyuk ajdodimiz Amir Temur Samarqand atrofida Bogʻishamol, Bogʻimaydon, Bogʻibaland kabi bir necha bogʻlarni barpo qilib, avlodlarga namuna boʻlgan.

Hazrati Alisher Navoiy esa dehqonlarimiz mehnatiga yuksak baho berib, ularni “rizq yoʻlini ochuvchilar”, “olam ahlining toʻqligi, quvonchi, avvalo, yerga urugʻ sochib, bebaho noz-neʼmat yetishtiradigan fidoyi insonlar mehnatidandir”, degan.

Shu bilan birga, yer, suv, koʻchat va dehqonchilik bilan bogʻliq boshqa narsalarni isrof qilmaslik, avaylab va ehtiyotlab foydalanish zarur ekanini unutmasligimiz lozim. Har birimiz yer yuzi obodligi oxirat obodligi bilan uzviy bogʻliq ekanini yaxshi anglab, yurtimizning har bir goʻshasini obod va farovon etish yoʻlida hamjihatlik bilan astoydil mehnat qilishimiz zarur.

Kezi kelganda aytish zarurki, mazkur farmon yer resurslarini talon-taroj qilish, oʻzboshimchalik bilan egallash va noqonuniy sotish holatlariga ham butunlay chek qoʻyadi. Soʻnggi 2 yil davomida 120 ming gektardan ziyod yer talon-taroj boʻlgani yoki maqsadsiz berib yuborilgani, shuningdek, yerga oid qonunchilik boʻyicha 588 nafar shaxsga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgani ushbu hujjatning naqadar dolzarb ekanini koʻrsatadi.

Baʼzi kishilar ongida “yer davlatniki boʻlsa, xohlagancha foydalanish, talon-taroj qilish mumkin”, degan xatarli tushunchalar shakllanib qolgan. Davlat mulki — xalq mulkini nohaq egallashning yakka shaxs mulkini egallashdan gunohi katta boʻladi. Zulm qilgan boʻlsa, bir kishini topib rozi qilish mumkin, lekin xalqning haqiga xiyonat qilsa, millionlab odamlarni qanday rozi qiladi?

Demak, har kim boshqaning, ayniqsa, davlatning mulkiga xiyonat qilmay, ehtiyojiga yarasha yer egallasa va oʻsha yerni obod qilsa, rizqu roʻzimizga baraka kiradi. Aksincha, islom dinida birovning haqini botil yoʻl bilan yeyish qattiq qoralanadi. Alloh taolo Qurʼoni karimda bunday xitob qiladi: “Ey imon keltirganlar! Mol-mulklaringizni oʻrtada nohaq (yoʻllar) bilan yemangiz!”. Manbalarda birovning molini botil yoʻl ila yeyishga aldamchilik, narxni sunʼiy oshirish, oʻgʻrilik, tovlamachilik, qarzga olgan narsalarni qaytarib bermaslik va boshqalar kiradi, deb izohlangan.

Jannatiy sahoba Said ibn Zayd roziyallohu anhudan rivoyat qilinadiki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim bir qarich yerni zulm bilan egallasa, qiyomat kuni boʻyniga yetti qavat yer munchoq qilib osib qoʻyiladi”, deganlar.

Oʻtmishda ajdodlarimiz birovning haqidan qattiq hazar qilgan, oʻzganing haqini olish u yoqda tursin, oʻzlari bilmagan holda tasodifan kelib qolsa ham undan zudlik bilan xoli boʻlgan. Islom dini insonning jonini qanchalik himoya qilgan boʻlsa, uning molini ham shunchalik saqlaydi. Yaʼni birovning joniga tajovuz qilish katta gunoh boʻlganidek, uning moliga tajovuz qilish ham ulkan gunohdir. Yuqorida keltirilganidek, yer xalqniki, koʻpchilikning haqini noqonuniy oʻzlashtirish yanada katta gunoh sanaladi.

Ushbu farmon asosida yangi tartib boʻyicha shaffoflik, ochiqlik, odillik tamoyillariga amal qilingan holda qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar faqat ijara huquqi asosida ochiq elekt­ron tanlov yakunlariga koʻra ajratiladi. Qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yerlar elektron onlayn auksion orqali mulk va ijara huquqi asosida berilishi esa ushbu hududlarda istiqomat qiluvchi, uy-joy yoki mulkka muhtoj fuqarolarga oʻta manfaatli boʻladi.

Yerni muhofaza qilish, undan unumli foydalanish, sohada shaffoflik va adolatni taʼminlash ham dinimiz, ham qonunchiligimiz talabidir. Davlatimiz rahbarining farmoni bilan yerni chinakam egasi — xalqqa berish sohada qonun ustuvorligini taʼminlashga mustahkam asos boʻldi.

Usmonxon ALIMOV,
Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy
Manba: “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi
2021 yil 17 iyun, № 122 (378)

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …