(V) 4039. Baro roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ansoriylardan bir necha kishini yahudiy Abu Rofeʼning oldiga yubordilar. Ularga Abdulloh ibn Atikni amir etib tayinladilar. Abu Rofeʼ Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ozor yetkazar, u zotning zararlariga (boshqalarga) yordam berar edi. U oʻzining Hijoz yeridagi qalʼasida yashar edi. Ular uning oldiga yaqinlashishganda quyosh botib boʻlib, odamlar podalarini qaytarib olib kelishgan edi. Abdulloh sheriklariga: “Joyingizda oʻtirib turing, men oʻzim borib, eshikbonga hiyla qilib koʻraman, shoyad, kirib ketsam”, dedi. Yurib borib, darvozaga yaqin keldi-da, soʻng xuddi qazoi hojat qilayotganday, kiyimiga burkanib oldi. Odamlar kirib ketishdi. Shunda eshikbon unga: “Ey Allohning bandasi! Kirmoqchi boʻlsang, kir, darvozani yopmoqchiman”, dedi.
(Abdulloh aytadi:) “Men kiriboq, yashirinib oldim. Odamlar kirib boʻlgach, u darvozani yopdi-da, loʻkidonni qoziqqa ilib qoʻydi. Men turib, kalitlar tomon bordim-da, ularni olib, darvozani ochdim. Odatda kechki payt Abu Rofeʼning huzurida suhbatlashib oʻtirishar edi. U boloxonasida ekan. Suhbatdoshlari ketgach, uning oldiga chiqdim. Har eshikni ochganimda, ortimdan (ichkaridan) qulflab olar edim. (Ichimda) “Odamlar meni sezib qolgan taqdirda ham uni oʻldirgunimcha eshiklarni ochish bilan ovora boʻlib, menga yeta olishmaydi”, der edim. Uning oldiga yetib bordim. Qarasam, u qop-qorongʻu uyda, ahli-oilasining orasida ekan. U uyning (aynan) qayerida ekanini bila olmasdim. Shunda men: “Ey Abu Rofeʼ!” dedim. U: “Kim bu?” dedi. Ovoz tomonga burilib, unga qilich urdim. Soʻng eshiklarni birma-bir ochib, narvonga yetib keldim. Yerga yetdim deb oʻylab, oyogʻimni qoʻygan edim, yiqilib tushib, boldirim sindi. Uni sallam bilan bogʻlab oldim. Keyin Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga yetib borib, u zotga (boʻlgan voqeani) aytib berdim. Shunda u zot: “Oyogʻingni uzat”, dedilar. Men oyogʻimni uzatdim. U zot uni silab qoʻydilar. Oyogʻim umuman ogʻrimagandek boʻlib qoldi”.