Home / YANGILIKLAR / SHUKRONALIK, MЕHR-OQIBAT VA SAXOVAT AYYOMI

SHUKRONALIK, MЕHR-OQIBAT VA SAXOVAT AYYOMI

Bismillahir Rohmanir Rohiym.

Mehr-oqibat ayyomi boʻlgan Iydul fitr — Ramazon hayiti arafasida turibmiz. Mana shunday fayzli kunlarga yetkazgani uchun Xaq taboraka va taologa cheksiz shukronalar aytamiz. Fazilatli onlarda Qodir Allohdan xalqlmizga qut-baraka, baxtu saodat va tinchlik-ofiyat berishini soʻrab duolar qilamiz.

Kuni kecha Prezidentimizning “Ramazon hayitini nishonlash toʻgʻrisida”gi qarori eʼlon qilindi. Ushbu hujjatda belgilangan muhim vazifalar hayit ayyomining yurtimizda koʻtarinki ruhda oʻtishida asosiy omil boʻladi.

Jumladan, Ramazon hayitining karantin talablariga muvofiq, xalqimizning milliy va diniy anʼanalariga mos ravishda nishonlanishi yurtdoshlarimizda bayram kayfiyatini yanada oshiradi.

Alhamdulillah, Ramazon oyida yurtimizga Alloh taoloning rahmati yogʻildi. Moʻmin-musulmonlar subhidamda saharlik dasturxoni atrofida ibodatga kirishdilar. Fayzli oqshomlarda esa iftorlik qilib, qalb rohati — taroveh namozlarini ado etdilar.

1400 ga yaqin jome masjidlarida xatmi Qurʼonlar qilindi. Moʻmin-musulmonlar Haq taolo Kalomiga someʼ boʻldilar. Yaratgan Parvardigordan iltijo qilib soʻraymiz-ki, mana shunday ulugʻvor ishlar sharofatidan mamlakatimizdagi osoyishtalikni bardavom, rizq-roʻzimizni toʻkin qilsin va koronavirus xastaligini butun dunyodan, xossatan, yurtimizdan koʻtarsin.

Mehr-muruvvat oyi — Ramazonda xalqimizning himmati baland, shijoati yuksak boʻldi, ota-onalar, qarindosh-urugʻlar, qoʻni-qoʻshnilar, keksalar, ustozlar, bemorlar va muhtojlarning koʻngli olindi. Alloh taolo farz qilgan zakotlar ado etildi, fitr sadaqasi hamda fidyalar berildi.

Alloh taolo qutlugʻ oyda xalqimiz hayotida muhim boʻlgan xayrli ishlarni nasib etdi. Ayniqsa, Prezidentimiz tashabbusi bilan “Mehr-5” insonparvarlik tadbirining ayni Ramazon oyida amalga oshirilishida ham oʻziga xos ulkan maʼno bor.

Maʼlumki, ushbu oyda yaxshilik, kechirimlilik, oʻzgalarga mehr-oqibat koʻrsatish, adovatni unutish kabi insoniy fazilatlar yanada koʻproq namoyon boʻladi. Mojaroli hududlarda ogʻir ahvolga tushib qolgan yurtdoshlarimiz davlatimiz rahbarining topshirigʻi asosida yurtimizga olib kelinishi xalqimizga xos kechirimlilikning oliy namunasi boʻldi. Shubhasiz, kimlarningdir aldoviga, soxta chaqirigʻiga uchib, aziz yurtini tashlab ketganlarning ogʻir hayoti barchamizga ibrat boʻlishi kerak.

Muborak Ramazon oyida Prezidentimizning qoʻshni Turkmaniston davlatiga tashrif buyurishi ikki birodar xalq oʻrtasidagi maʼnaviy va diniy yaqinlikni, doʻstlikni yana bir bor tasdiqladi. Yozilgan iftor dasturxonida ikki mamlakat rahbarlari va ulamolarining ishtirok etgani safar mazmunini yanada ziynatladi.

Yana bir ulugʻ voqelik, buyuk vatandoshimiz Imom Buxoriy hazratlarining Samarqand viloyatida joylashgan majmualarini islom olamidagi maqomiga munosib tarzda qaytadan bunyod etishga tamal toshi qoʻyildi. Bu muhtasham majmuada toʻrt minorali yirik jome masjidi, baland ayvon va goʻzal xiyobonlar bunyod etish ishlari ayni shu barakotli oyda boshlandi.

Darhaqiqat, keyingi yillarda Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, Mir Arab oliy madrasasi va Hadis ilmi maktabi faoliyati yoʻlga koʻyilgani dinimiz rivojida, mamlakatimizda uchinchi Renessans poydevorini yaratishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bunday xayrli ishlarning samarasi oʻlaroq, zaminimizdan yana buxoriylar, termiziylar, nasafiylar va naqshbandiylar yetishib chiqajak, Insha Alloh.

Ramazon hayiti Islom dinining uchinchi rukni boʻlmish roʻza ibodatining ado etilishi munosabati bilan nishonlanadigan quvonchli voqeadir.

Iydul fitrni dunyo musulmonlari qatori yurtimiz ahli ham katta shodiyona va xursandchilik ila oʻtkazadi. Ushbu kun Yaratgan egamning rahmati Yer yuziga yogʻiladigan, qalblar zavqlanadigan ajoyib fursatdir.

Hazrati Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Har bir qavmning oʻz bayrami bor, bu — Iyd kuni bizning bayramimizdir”, deb marhamat qilganlar.

Ulugʻ allomalarimiz “Hayit kunlari shodlikni izhor qilish dinning shiorlaridandir”, deganlar. Hayit kunlarida xursandchiligimizni, oʻzaro mehr-oqibatni, saxovatimizni har qachongidan koʻra koʻproq namoyon qilishimiz lozim. Oʻz navbatida, ulugʻ bayram kayfiyati taʼsir etadigan xurofiy odatlar va isrofgarchiliklardan saqlanishimiz kerak.

Zero, har bir moʻmin-musulmon uchun Robbining ibodatini ado etish chinakam buyuk baxtu saodatdir. Shuning uchun bu bayram imon halovati, ibodat va duo-istigʻfor bayramidir. Bu bayramda musulmonlar jome masjidlarga toʻplanib, Iyd namozini jamoat bilan oʻqiydilar. Soʻng duolar qilib, oʻtganlarning ruhini shod etadi, el-yurtga, Vatanga, butun dunyoga osudalik tilab, iltijolar qiladilar.

Alloh taboraka va taolo koronavirus kasalligiga chalingan bemorlarga shifoi komil ato etsin. Barchamizni karantin qoidalariga rioya qilib, sogʻ-salomat hayot kechirishimizni Oʻzi nasib aylasin.

Yaratgan Parvardigor butun dunyo musulmonlariga Ramazon hayiti bayramini muborak aylasin, butun olamga tinchlik-xotirjamlik ato etsin, ibodatlarimizni dargohida qabul qilsin, ona Vatanimizni, xalqimiz hayotini yanada farovon aylasin.

Usmonxon ALIMOV,
Oʻzbekistan musulmonlari idorasi raisi, muftiy.
Manba: “Xalq soʻzi” gazetasi
2021 yil 12 may, № 100 (7880)

Check Also

Markazda badiiy film suratga olinmoqda

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida indoneziyalik bir guruh kinoijodkorlar tomonidan “Hijrat orzusi” nomli badiiy filmning …