Dahbediy xojalar silsilasining eng mashhur namoyandalaridan biri Xoja Isʼhoqi Valiy boʻlib, ul zot Maxdumi Aʼzamning toʻrtinchi oʻgʻli edi.
Xoja Isʼhoq otasi Maxdumi Aʼzamning shogirdlaridan biri Mavlono Lutfillo Chustiydan tasavvuf taʼlimotini oʻrganib, kamol topadi va xati irshod olib, pirlik darajasiga yetadi.
Uni Sharqiy Turkiston (Xitoy) hududida joylashgan moʻgʻul davlati hukmdori Abdul Karimxon (967/1559-1000/1591 yillar hukm surgan) oʻz yurtiga taklif etadi.
Xoja Isʼhoq va uning shogirdlari Sharqiy Turkistonda islom dini va tasavvuf taʼlimotini targʻib qilgani bilan mashhurdir. Tarixchi Abu Tohirxoja oʻzining “Samariya” kitobida yozganidek: “Xoja Isʼhoq koʻp yillar (xalqqa) yoʻl koʻrsatish oʻrniga oʻltirib, xalqni takomillashtirdi. Xoja koʻp umr koʻrdi, kamolot va holati haddan tashqaridir. Keng tarjimai holi oʻzining maqomotiga (yaʼni, oʻzi haqidagi kitobga) yozilgandir. Qashqar muzofotidan el (xalq) ota-bobolaridan beri, Xoja muridligi isirgʻasini quloqlariga taqib olganlar va uning avlodiga oʻzlarini fido etgandirlar”[1].
Muhammad Hoshimning “Nasimatul quds min hadoyiqul uns” asarida: “Ul Hazrat Movarounnahrdan Qashqar va Xoʻtan tarafga otlandilar. Uning saʼy-harakatlari bilan xalq Haq yoʻlga tushib olgan. Qashqar hokimi Muhammadxon ham uning sadoqatli muridlaridan biriga aylandi. Xullas, Naqshbandiya tariqati u yerlarda Xoja tufayli tomir otgan. Keyin oʻrniga muridi Devon Ashtarni qoldirib, vataniga qaytib keldi va 1599 yilda vafot etgan. Otasidan keyin oʻzi yashagan Dahbed yaqinidagi Safed qishlogʻida dafn etilgan”[2], deb yozilgan.
Yuqoridagi sanani tarixchi Shoh Mahmud Charos yana ham taʼkidlab, ul zotni 1008/1599 yilning 10 rabiul avval/30 sentyabrida 94 yoshda vafot etganini yozadi. Doro Shukuh va Roqim oʻz asarida 1007/1598 yilda vafot etganini qayd etiladi. Shunga koʻra, Xoja Isʼhoq akasi Xoja Kalon (tavalludi 1517 yil)dan oldin tugʻilgan boʻlib chiqadi. Demak, Xojaning vafot sanasini manbalar aniq tasdiqlaydi, otasi vafot etganda uning juda yosh boʻlgani inobatga olinsa, bu yerda yoshi biroz oshirib koʻrsatilgani oydinlashadi.
Xoja Isʼhoq Xoʻtanda yashagan kezlari, uning bu yerdagi yaqin xalifasi Shutur xalifa boʻlib, yoshligidan pirining oshxonasida 7 yil xizmat qilgan. Xoja uni Sharqiy Turkistonda oʻz oʻrniga xalifa va hukmdor Muhammadxonga oʻrinbosar qilib, oʻzi Samarqandga qaytgan.
Hazrati Xoja vafot etgach, Dahbed yaqinidagi Safeduk mavzesida dafn etiladi. Ancha vaqtdan keyin Qoradaryo suvi Xoja Isʼhoqning qabriga yaqinlashgach, ul zotning avlodlaridan Abdullohxoja bobosining jasadini u yerdan olib, oʻz qishlogʻi Bogʻi Balandga koʻmdiradi.
Xoja Isʼhoqi Vali toʻgʻrisida Muhammad Avaz yozgan “Ziyoul qulub”, 1008/1599 yili Shoh Muhammad Payraviy bitgan “Jolisul mushtoqin” kabi nodir manbalar ilmiy jamoatchilikka maʼlum va tadqiqotlarga[3] jalb etilgan.
Biz “Risola tazkiratul hidoya bil xayriyat” nomli turkiy qoʻlyozma manbani topishga muvaffaq boʻldik. Ushbu nodir asar xattot Mulla Qurbon Koshgʻariy tomonidan 1335/1917 yil 11 zulhijja/27 sentyabrda koʻchirilgan boʻlib, Germaniyaning Berlin kutubxonasida №1316 raqam ostida saqlanadi[4]. Ushbu asar nafaqat Xoja Isʼhoq Valiy, balki umuman Dahbediylar xonadonining mashhur vakillari haqida qimmatli maʼlumotlarni taqdim etadi.
Xususan, Xoja Isʼhoqi Valiyning toʻngʻich oʻgʻli Xoja Qutbiddin boʻlib, u otasi qabri yonida yashagan. Ikkinchi oʻgʻli Xoja Shohboz 7 yoshida vafot etgan. Uchinchi oʻgʻli Xoja Shodi laqabli Muhammad Yahyo Sharqiy Turkistondagi Yorkent shahrida otasi oʻrnida qolgan. Toʻrtinchi oʻgʻli Ubaydullohxojadir.
Tadqiqot davomida Urgut tumani Baxrin qishlogʻida joylashgan Zakariyo xoja ibn Yahyo xojaga tegishli qabrtoshdagi shajara oʻrganildi. Unga koʻra, Zakariyo xoja 1338/1926 yil shaʼbon oyida vafot etgani va uning otasi Yahyo xoja, uning otasi Hasan xoja, uning otasi Avaz xoja, uning otasi Fayzulloh xoja, uning otasi Abdulloh, xoja, uning otasi Yahyo xoja, uning otasi Muhammad Sayyid xoja, uning otasi Qutbiddin xoja, uning otasi Hazrat xoja Isʼhoq, uning otasi Hazrat Maxdum Aʼzam Dahbediy ekanligi maʼlum boʻldi.
Urgut tumani Joʻraptepa mahallasi hududidagi Eshon rabot nomli mavzeda shu nomdagi qabristondagi “Zanjigʻ ota” ziyoratgohida ikkita qabrtosh aniqlandi.
Birinchi koʻk marmar qabrtoshda quyidagi maʼlumotlar yozilgan:
UJZ-1: Oʻlchami: 85X35 sm.
Tarjimasi:
- Allohdan oʻzga iloh yoʻq, Muhammad Uning rasuli.
- Ushbu nurga toʻlgan qabr marhum Sayyid Buzurg xoja
- uning otasi Sayyid Malla xoja, uning otasi Sayyid Avaz xoja
- uning otasi Fazlulloh[5] xoja (laqabi Qozi xoja[6]), uning otasi Sayyid
- Ibodulloh[7] xoja, uning otasi Sayyid Abdulloh xoja, uning otasi Sayyid Yahyo
- Xoja, uning otasi Muhammad Said xoja, uning otasi Sayyid
- Qutbiddin, (uning otasi) xoja Isʼhoq, uning otasi Sayyid Ahmad Maxdum Aʼzam alayhir rahma
- Hijriy 1335 yilda vafot etdi.
Demak, mazkur qabrtoshdagi maʼlumotga koʻra, bu yerda yotgan Sayyid Buzurg xoja 1335/1916 yilda vafot etgan. Uning otasi Sayyid Malla xoja, uning otasi Sayyid Avaz xoja, uning otasi Fazlulloh xoja (laqabi Qozi xoja), uning otasi Sayyid Ibodulloh xoja, uning otasi Sayyid Abdulloh xoja, uning otasi Sayyid Yahyo xoja, uning otasi Muhammad Said xoja, uning otasi Sayyid Qutbiddin xoja, uning otasi Xoja Isʼhoq Valiy ekanligi maʼlum boʻldi.
Ikkinchi qabrtosh.
UJZ-2: “ملا خان توره بن بوزورگ خواجه سنه ١٣٢٩”
Yaʼni, marmar toshning shakli kichkina boʻlib, undagi maʼlumotga koʻra, “Mullo Xontoʻra ibn Buzurg xoja” 1329[8]/1910 yilda vafot etgani aniqlandi.
Mullo Xontoʻra Buzurg xojaning oʻgʻli boʻlib, yosh vafot etgan koʻrinadi. Bunga otasidan bir yil oldin vafot etgani hamda qabrtosh kichkina (oʻsha vaqtlarda odatda yosh bolalarga shunday tosh qoʻyilgan)ligi dalolat qilmoqda.
Shu yerda istiqomat qilib kelayotgan mazkur avlod vakillaridan biri boʻlmish Zokirxon (1966) Gadoyxon oʻgʻli bilan suhbatda, Buzurg xojaning Shirinxon ismli oʻgʻli, Shirinxonning esa Joʻraxon, Azizxon va Gadoyxon (1942-2017) ismli farzandlari boʻlgani aytib oʻtildi.
Xoja Isʼhoqi Valiy va uning avlodlari tarixiga doir boʻlgan manbalardan shu maʼlum boʻladiki, Isʼhoqiy avlodlari ijtimoiy-siyosiy va maʼnaviy hayotda muhim mavqega ega boʻlgan. Shuningdek, Urgut tumani hududi (Baxrin va Joʻraptepa mahallari)dagi ikkita qabrtoshda keltirilgan shajaralar mashhur tasavvuf allomasi Maxdumi Aʼzam avlodlariga tegishli ekani maʼlum boʻldi. Epigrafik yodgorlikdagi maʼlumotlar xoja Isʼhoqiylarning Urgut hududidagi avlodlari shajarasini tuzishda asosiy tayanch manbalardan bir boʻlib xizmat qiladi.