Hadis ilmi tarixiga yana ham chuqur nazar tashlaydigan boʻlsak, dastlab xalifa Umar bin Abdulaziz buyrugʻiga binoan Ibn Shihob Zuhriy sodda qilib bir kitob taʼlif etgan.
Sahobalar yorugʻ dunyoni tark etganidan soʻng tobeinlar asri, shu bilan birga, fitna, adashgan firqa va bidʼatlar davri boshlandi. Bu boshboshdoqliklar fitna eshigi sindirilishi bilan boshlangan edi. Huzayfa roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Umarning oldida edik. Shunda u: “Qaysingiz Rasululloh sallollohu alayhi vasallamning fitna haqidagi hadislarini oʻzlari aytgandek yoddan biladi?” dedi. “Men”, dedim. U: “Sen hadisi ravshan kishisan, nima dedilar?” dedi. “Rasululloh sallollohu alayhi vasallamning: “Odamning fitnasi ahlida, mol-mulkida, nafsida, farzandida va qoʻshnisidadir. Ularni roʻza, namoz, sadaqa, amri maʼruf va nahiy munkar yuvib yuboradi”, deganlarini eshitganman”, dedim. Shunda Umar: “Buni soʻramayapman, dengiz toʻlqini kabi keladigan (fitna) toʻlqinni soʻrayapman”, dedi. “U bilan sizning nima ishingiz bor, ey amir ul-moʻminin! Siz va uning oʻrtasida yopilgan bir eshik bor”, dedim. U: “Eshik sindiriladimi yoki ochiladimi?” dedi. “Sindiriladi”, dedim. Umar: “Unday boʻlsa, hech qachon (qiyomat kunigacha) yopilmas ekan-da”, dedi. Biz Huzayfaga: “Umar eshik haqida bilarmidi?” dedik. U: “Ha, ertadan oldin kechasi boʻlishini bilgandek bilar edi”, dedi” (“Sahihi Muslim” muqaddimasidan).
Shu eshik Umar roziyallohu anhuning qatli bilan sindirilgan edi. Buni majusiy qilgan. Shu sababli fitnalar eshigi ochilgan.
Keyinchalik asli majusiy boʻlgan Abu Luʼluʼa Feruzning ochgan yoʻlini yahudiy Abdulloh ibn Sabaʼ davom ettirdi. U Islomdagi har bir fitnaning asosi boʻlib qoldi. Keyin fitna va bidʼatlar ergashib, inson oʻz feʼli (xatti-harakati)ning yaratuvchisi deydigan qadariylar, soʻng aqllariga tayangan holda Ollohning kitobi va Rasulining sunnatiga qarshi chiqqan jahmiylar, sunnatni mutlaq inkor qilgan rofiziylar, aql-idrokni aqidaning asosi deb eʼtirof etgan, oʻzlarini tavhid va adolat tarafdorlari, deb bilgan moʻtaziliylar va boshqa adashgan firqalar paydo boʻla boshladi.
Fitna, bidʼat va adashgan firqalar tarqalgan paytda kelajak avlod boʻlmish tobeinlar, ularning izdoshlari, ulardan keyingi asrning ulamolari sunnatni saqlash uchun hadislarni asrab-avaylash, musnadni aniqlashtirish, musulmon ummatining xususiyatiga aylangan, natijada rijol ilmi, yaʼni hadis rivoyat qiladigan kishilarning holati va xabarlari naqlidan xabardor boʻlish kabi omillarga eʼtibor qaratdi.
Sahifa va maʼlum qismlarda yozish bilan boshlangan sunnat keyinchalik “Kutub us-sitta” (“Olti mashhur sahih kitob”) va “Muvatto” kabi alohida-alohida boblarga boʻlingan, muayyan kitob holiga keltirilgan asarlar yoki “Musnadi Ahmad” kabi musnadlar shaklida rivojlangan.
Hadis ilmi tarixiga yana ham chuqur nazar tashlaydigan boʻlsak, dastlab xalifa Umar bin Abdulaziz buyrugʻiga binoan Ibn Shihob Zuhriy sodda qilib bir kitob taʼlif qilgan. Rasmiy ravishda hadis kitoblari yozish shundan boshlangan. Ulamolar bunday muborak va masʼuliyatli vazifaga bel bogʻlab, sunnatni ishonchli, adolatli rivoyatlardan olishni, sunnati nabaviyaning pok, sof ekanini isbotlashni oʻz oldiga vazifa qilib qoʻygan. Tobeinlar bu maqsadga erishish yoʻlida insoniyat tarixida misli koʻrilmagan darajada ulkan, nozik va oʻta qaltis ish olib borgan.
Mazkur omillar tufayli tobeinlar davrida sunnatni oʻrganishning oʻziga xos jihat va shartlari paydo boʻldi. Hadis roviylarining holati, xabarlarning naql qilinishi va ishonchli boʻlmaganlarini muomalaga kiritmaslik kabi mavzular birinchi oʻringa qoʻyildi.
Buning nechogʻli masʼuliyatli ish boʻlganini quyidagi hadislardan bilib olsak boʻladi.
Imom Muslim ibn Hajjoj: “Bilgin, Olloh seni muvaffaq qilsinki, hadisning toʻgʻri va notoʻgʻrisini ajratgan har bir kishi faqat ishonchli, sofdil odamlar naql etgan hadislarnigina rivoyat qilib, bidʼatchi va oʻzbilarmonlar rivoyat qilgan hadisdan chetlanishi lozim”, deydi.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan bir hadisda: “Rasululloh sallollohu alayhi vasallam: “Oxir zamonda yolgʻonchi dajjollar paydo boʻladi. Ular na siz va na otalaringiz eshitgan hadislarni olib keladi. Bas, ulardan chetlanib, oʻzingizni yiroq tuting. Sizni adashtirib, fitnalantirib qoʻymasin”, dedilar”, deydi.
Mujohiddan rivoyat qilingan yana bir hadisda: “Bushayr Adaviy Ibn Abbos roziyallohu anhu huzuriga kelib, Rasululloh sallollohu alayhi vasallam unday deganlar, Rasululloh sallollohu alayhi vasallam bunday deganlar, deb gapira boshladi. Ibn Abbos uning gapiga quloq ham tutmadi, qarab ham qoʻymadi. Shunda u: “Ey Ibn Abbos, nima boʻldi, hadisimga quloq solmayapsiz, sizga Rasululloh sallollohu alayhi vasallamdan hadis rivoyat qilsam, eshitmayapsiz, gapirsam, unga quloq tutayotganingizni koʻrmayapman”, deganida, Ibn Abbos: “Biz ilgari agar biror kishidan Rasululloh sallollohu alayhi vasallam aytdilar, degan soʻzni eshitsak, koʻzlarimiz (uni koʻrishga), quloqlarimiz eshitishga shoshardi. Odamlar toʻgʻri va notoʻgʻri yoʻllarga yuraveradigan boʻlib ketganidan keyin odamlardan faqatgina bilgan narsalarimizni oldik, xolos”, dedi”.
Muhammad ibn Siyrin: “Albatta, ilm – dindir. Bas, diningizni kimdan olayotganingizga qarang”, deydi.
Yana Ibn Siyrin: “Ilgari odamlar sanad haqida soʻramas edi. Qachonki, fitnalar sodir boʻlgach, bizga “Hadis gapiruvchi kishilaringizni nomma-nom ayting”, deydigan boʻlishdi. Bas, ahli sunnaga qarab, ulardan hadis olinar edi. Ahli bidʼatga qarab, hadislari olinmas edi”, deydi.
Abdulloh ibn Muborak: “Hadisdagi sanad (yaʼni falonchi pistonchidan rivoyat qilgan, deb nomma-nom zikr qilish) dindandir. Agar sanad boʻlmasa, xohlagan kishi xohlagan narsasini aytaveradi”, deydi (Barchasi “Sahihi Muslim” muqaddimasidan).
Bunday misollar koʻp uchraydi. Demak, hadis rivoyati shunchaki oddiy gap kabi boʻlmagan, unga juda katta ahamiyat berilgan.
Shu tariqa tobeinlar va keyingi allomalar hadislarni yozishda yuqorida kelgan maʼlumotlar asosida avval sinchiklab, saralab olishga qatʼiy kirishib, keyingi ummatga sof va ishonchli boʻlgan hadis asarlarini meros qilib qoldirdi.