Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda ajdodlarimiz merosini chuqur oʻrganish, qadamjolarni yanada obod etish borasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli ishlar xalqimiz maʼnaviyatini yanada yuksaltirish, ilm-maʼrifatini boyitish, milliy gʻururini oʻstirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Samarqandda buyuk muhaddis Imom Buxoriy bobomiz majmuasining mutlaqo zamonaviy, koʻrkam loyihada bunyod etilayotgani bu boradagi ishlarning yangi bosqichini boshlab berdi, desak, mubolagʻa emas.
Prezidentimiz 15 aprel kuni Samarqand viloyatida boʻlganida Imom Buxoriy yodgorlik majmuasida amalga oshirilayotgan ishlarni ham koʻzdan kechirgani tashrifning tarixiylik ahamiyatini yanada oshirgani, shubhasiz.
Binobarin, Imom Buxoriy rahmatullohi alayhni butun Islom olami “Amirul moʻminin fil hadis” — “hadis ilmida moʻminlarning amiri”, “Shayxul-islom” — “musulmonlar ustozi” deya sharaflab keladi.
Bu zotning xotirasiga yuksak ehtirom koʻrsatilishi, hayoti va merosini oʻrganishga keng sharoitlar yaratilishi yurtdoshlarimizni gʻoyat mamnun etibgina qolmay, mamlakatimizning jahondagi obroʻ-eʼtibori va imijiga ham ijobiy taʼsir koʻrsatadi.
Imom Buxoriy — har bir insonning intilishi uchun yuksak maʼnaviy choʻqqi, ibrat olishiga arzigulik buyuk siymo. Ajdodimizning bu darajaga yetishishiga sabab u zotning hadis ilmiga qoʻshgan ulkan va beqiyos hissasi, taqvolari, parhezkorliklari hamda omonatdorliklari kabi koʻplab fazilatlari, desak, yanglishmagan boʻlamiz.
Alloh taolo oʻzining kalomida shunday marhamat qiladi: “Alloh sizlardan imon keltirgan va ilm ato etilgan zotlarni (baland) daraja (martaba)larga koʻtarur” (Mujodala surasi 11-oyat).
Alloh taolo ilm, zuhd va taqvoda zamonasining peshqadami boʻlgan Imom Buxoriyning bu dunyoda nomini ulugʻ qildi. U zot toʻplagan hadislar insonda oqni qoradan farqlash, ota-onani hurmat qilish, halol, oqibatli, bagʻrikeng boʻlish, Allohning buyruqlariga boʻysunish kabi xislatlarni tarbiyalaydi.
Imom Buxoriyning zamondoshlaridan biri Yahyo ibn Jaʼfar: “Agar qudratim yetsa, Muhammad ibn Ismoil Buxoriyning umrini ziyoda qilar edim. Mening oʻlimim bir kishining oʻlimi boʻladi. Muhammad ibn Ismoilning oʻlimi ilmning ketishidir”, degan edi. Muso ibn Horun Hammol esa “Menimcha, islom ahli barchasi jamlanib, Muhammad ibn Ismoilga oʻxshash yana bir kishini yetishtirmoqchi boʻlishsa, eplay olishmaydi”, deya eʼtirof etadi.
Yurtboshimizning tashabbusi bilan mamlakatimizda buyuk muhaddis bobomiz ilmiy merosini oʻrganish boʻyicha koʻplab ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Hadis ilmi maktabi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyati yoʻlga qoʻyildi.
Samarqandda yangidan bunyod etilayotgan majmua esa Imom Buxoriyning bashariyat oldidagi xizmatlari va shuhratiga monand muazzam qiyofa hamda siyrat kasb etadi.
Prezidentimiz ushbu majmuaning barpo etilishi va bundan koʻzlangan maqsad haqida gapirarkan, “Bu joy Imom Buxoriy bobomizning ilmiga, islom olamidagi maqomiga munosib boʻlishi kerak. Mamlakatimizda ziyorat turizmining asosi aslida shu yer. Bu maskanga qancha ziyoratchilar kelsa ham, qulay sharoit boʻlishi zarur”, deya taʼkidladi.
Davlatimiz rahbarining koʻrsatma va topshiriqlariga muvofiq, yangi yodgorlik majmuasida soni tobora oshib borayotgan milliy hamda xorijiy ziyoratchilar uchun barcha sharoit yaratiladi. Majmua tarkibiga kiruvchi masjid ichki sahnining oʻzi ikki ming kvadrat metrdan oshadi. Atrofidagi sahnlar bilan masjidda bir necha oʻn ming musulmon bir vaqtning oʻzida namoz oʻqishi mumkin boʻladi. Bu yerda simmetrik toʻrtta minora, baland ayvonlar, yoʻldan kirib kelishda xiyobon bunyod etiladi. Qator mehmonxonalar, avtoturargohlar va avtobekat, supermarket, bozorcha barpo qilinadi. Oshxonalar, hunarmandchilik buyumlari rastasi, hammom, tahoratxona, kushxona qurilishi ham belgilangan.
Yangi majmuaning koʻrkamligi, beqiyos salobati va muhtashamligi boshqalarga koʻz-koʻzlash uchun emas, avvalo, xalqimiz maʼrifatini, maʼnaviyatini yanada yuksaltirishga qaratilgandir.
Tan olishimiz kerak: butun islom olamiga mashhur Imom Buxoriy bobomizni va uning bebaho merosini yurtimiz aholisining koʻpi yaxshi bilmaydi. “Milliy tiklanishdan — milliy yuksalish sari” gʻoyasi asosida yuksak taraqqiyotni koʻzlab dadil odimlayotgan mamlakatimizda bu muborak zotning taʼlimotlarini yoshlarimizga yetkazish bugun dolzarb masalalardan biridir.
Biz ajdodlarimizning ilmiy meroslarini oʻrganish, oʻgit va taʼlimotlariga amal qilish bilan ularning hurmatlarini joyiga qoʻyar ekanmiz, koʻzlagan katta-katta marralarga yetishishimizga Alloh taoloning oʻzi kuch-quvvat beradi, oʻzi marhamat koʻrsatadi, yoʻllarimizni ochadi.
Imom Buxoriy bobomizning taʼlimotlarini, ayniqsa, yoshlarimizning taʼlim-tarbiyasida qoʻllashimiz juda zarur. Bugun bu toʻgʻri taʼlimotni yoshlar oʻrgansa, adashganlar boʻlmaydi, ular notoʻgʻri yoʻlga kirib ketmaydi.
Markaziy Osiyo davlatlari — Oʻzbekiston, Tojikiston hamda Afgʻoniston oʻrtasida diniy-maʼrifiy hamkorlikni yoʻlga qoʻyish va mustahkamlash maqsadida 2021 yil 15 martda Samarqand shahrida Imom Buxoriy merosining oʻziga xos xususiyatlari mavzuida xalqaro konferensiya tashkil etildi. Ushbu xalqaro anjumanda soʻzga chiqqan Afgʻoniston Islom Respublikasi irshod, haj va vaqf ishlari vaziri Muhammad Qosim Halimiy shunday degan edi:
— Oʻzbekiston shunday diyorki, Yer yuzidagi har bir musulmon bu tabarruk yurtning ziyoratiga oshiqadi. Imom Buxoriy rahmatullohi alayhning maqbarasini ziyorat qildik. Bu tabarruk joyda juda katta obodonlashtirish ishlari olib borilayotgani, qadamjolar yanada obod etilayotgani bizni gʻoyat xushnud etdi. Bularning barchasi Prezident janob Shavkat Mirziyoyevning mamlakatni yanada obod, xalqni yanada farovon qilish, yuksak bilim va salohiyatli, vatanparvar, milliy qadriyat hamda anʼanalarga, ajdodlarning bebaho merosiga sadoqatli avlodni kamolga yetkazishdek ezgu orzu-umidlari roʻyobiga xizmat qilayotir. Oʻzbekiston yana ilm-fan markaziga aylanmoqda.
Ulugʻ ajdodimiz xotirasiga xalqimizning va jahon hamjamiyatining ehtiromi belgisi sifatida Allohning izni hamda xalqimizning xohish-irodasi bilan amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlariga muborak Ramazon oyi kunlarida tamal toshi qoʻyilganida ham katta maʼno bor.
Davlatimiz rahbari bu haqda toʻxtalarkan, “Ramazon oyi — ezgu niyatlar ijobat boʻladigan muqaddas oy. Bu qurilishni shu oyda boshlayotganimiz ham xayrli, xosiyatli boʻladi, qalbimizga taskin beradi. Bu sohada qilayotgan ishlarimizdan maqsad — islomga eʼtiqodimizni, alloma bobolarimizga hurmatimizni ilm bilan bildirish. Ajdodlarimizga munosib boʻlish biz uchun juda katta burch”, dedi.
Shukrki muborak Ramazon oyi xayrli amallar bilan tinchlik-osoyishtalikda, shukronalikda oʻtmoqda. 2020 yilda pandemiya tufayli Ramazon oyida diniy amallarni uyda bajarishimizga toʻgʻri kelgan edi. Bu yil esa masjidlar ochiq, moʻmin-musulmonlar karantin qoidalariga qatʼiy amal qilib, ibodatlarini ado etmoqda.
Yordamga muhtoj insonlar, keksalar, boquvchisini yoʻqotganlar, kam taʼminlagan oilalarga begʻaraz koʻmak koʻrsatilmoqda. Xalqimizga xos hamjihatlik, muruvvat, oʻzaro mehr-oqibat fazilatlarining ushbu qutlugʻ oyda yana bir bor namoyon boʻlayotgani butun dunyo ogʻir inqirozni boshidan kechirayotgan hozirgi murakkab vaziyatda juda muhim.
Ramazon oyining olijanob gʻoyalari, muqaddas amallari xalqimizni yanada jipslashtiradi, ezgu maqsadlarini roʻyobga chiqarishda mustahkam zamin boʻladi.
Imom Buxoriy yodgorlik majmuasining yangi beqiyos loyiha asosida qurilishi boshlangani koronavirus pandemiyasi qalblarni larzaga solib turgan ayni kunlarda nafaqat xalqimiz, balki dunyo musulmonlari bagʻrini nurga toʻldirgani, ularning ruhiga yanada koʻtarinkilik baxsh etganiga ishonchimiz komil. Zotan, savobli amallarning, yaxshilikning mukofoti faqat yaxshilikdir.