Home / MAQOLALAR / Bu muborak oyda savobli amallarimiz yanada ko‘paysin!

Bu muborak oyda savobli amallarimiz yanada ko‘paysin!

Ramazon oyi yaqin…

Muqaddas islom dinining asosiy ulug‘ ruknlaridan biri ro‘za ibodati. Ramazon – ochlik, tashnalik, nafsni tiyish bilan Alloh taologa qurbat, taqvo hosil qilinadigan buyuk oy. Alloh taolo bandalari uchun har ikki dunyo saodatini ko‘zlab, bu ibodatni islomning ulug‘ farzlari qatoriga qo‘shgan.

Ramazon ro‘zasi Hazrati Payg‘ambarimiz (s.a.v) Madinaga hijrat qilganlaridan so‘ng, hijratning ikkinchi yili sha’bon oyida farz qilingan. Alloh Taolo Baqara surasining 183-oyatida marhamat qiladi: «Ey iymon keltirganlar! Sizlardan avvalgilarga farz qilinganidek, sizlarga ham ro‘za farz qilindi. Shoyadki, taqvodor bo‘lsangiz». Ushbu oyati karima bilan dinimizning beshta asosiy ustunlaridan bo‘lgan ramazon ro‘zasi farz bo‘ldi.

Ramazon ro‘zasi farz bo‘lishidan avval ham Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v) o‘z ixtiyorlari bilan har oyda uch kun ro‘za tutar, muharram oyining o‘ninchi kunining ro‘zasini ham ado etar edilar.

Rasululloh (s.a.v) o‘zlarining muborak hadislarida ro‘za ibodatining farz ekanligini ko‘p takrorlaganlar: Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Payg‘ambar (s.a.v) dedilar: «Sizlarga muborak ramazon oyi keldi. Alloh azza va jalla uning ro‘zasini tutmoqlikni farz qildi. Unda osmonlarning eshiklari ochiladi. Unda jahannamning eshiklari yopiladi. Unda shaytonlar kishanband qilinadi. Unda Allohning bir kechasi bo‘lib, u ming oydan yaxshidir. Kim u kechaning yaxshiligidan mahrum bo‘lsa, batahqiq (juda ko‘p narsadan) mahrum qolibdi», dedilar.

Bu muborak oyda toat-ibodatlarning nihoyat darajada ko‘p bo‘lishi, namozxonlarning, ibodatlarning ko‘payishi, taroveh namozlar o‘qilishi sababidan jannatning barcha eshiklari ochiladi.

Aziz hamyurtlar, shukrki, bugun ko‘pchiligimiz yon-atrofimizga ochiq ko‘z, teran nigoh, hushyorlik bilan qarashga odatlandik va yonimizda moddiy va ma’naviy madadimizga muhtoj insonlar, oilalar borligini ko‘ryapmiz. Hukumatimiz, hokimliklar, turli tashkilot va idoralar tomonidan kamxarj oilalarga iqtisodiy jihatdan yordamlar ko‘rsatilyapti. Bundan odamlar nihoyatda mamnun.

Shunday bo‘lsa-da, istardikki, muborak Ramazon oyida xayrli va savobli ishlar salmog‘ini o‘n, yuz, balki undan ham ko‘proq darajada orttirsak, muruvvatning, saxovatning asl mohiyatini anglasak, haqiqatdan ham yordamimiz zarur bo‘lgan oilalarni, insonlarni nazarimizdan qochirmasak, mana shunda bu qutlug‘ oyi nomi va sharafiga munosib tarzda o‘tkazgan, inshaalloh, behisob ajru savoblarga musharraf bo‘lar edik.

Zotan, o‘zgalarga beminnat, chin qalbdan qilingan ehson va yaxshilik evaziga Yaratganning marhamati bilan hayotimiz fayzga to‘ladi, topganimizga baraka kiradi.

Ramazon oyi barcha yurtdoshlarimizga muborak bo‘lsin, bu oyning ro‘zasini iymon bilan, Allohdan savob talab qilib tutmoqlik nasib etsin. Xonadonlarimiz tinch, dasturxonlarimiz to‘kin bo‘lsin. Qalblarimizni mehr-muruvvat, o‘zgalarga yaxshilik qilish umidi va iymon nurlari aslo tark etmasin!

Musoxon ABBASIDDINOV,
Namangan shahar bosh imom-xatibi
Manba: UzA

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …