Vazirlar Mahkamasining “2020-2025 yillarda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlash milliy dasturini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, joriy yil 5-9 aprel kunlari Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Yoshlar ishlari agentligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi, Maktabgacha taʼlim vazirligi, Fanlar akademiyasi, MTRK, Oʻzbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi hamkorligida butun yurtimiz boʻylab “Kitobxonlik haftaligi” oʻtkazilmoqda.
Mamlakatimizda ilk marotaba tashkil qilinayotgan mazkur ommaviy maʼrifiy-madaniy anjuman doirasida oʻttizdan ortiq yetakchi nashriyot uylarida soʻnggi yillarda chop etilgan yuzga yaqin kitobning taqdimoti, ulugʻ mutafakkir Alisher Navoiyning 580 yilligi, Oʻzbekiston xalq shoiri Abdulla Oripovning 80 yilligi, xalq yozuvchisi Oʻtkir Hoshimovning 80 yilligi, shuningdek, oʻzbek estrada sanʼatining asoschisi Botir Zokirovning 85 yilligiga bagʻishlangan tadbirlar oʻtkazish rejalashtirilgan.
5 aprel kuni Pushkin nomidagi Samarqand viloyat axborot-kutubxona markazida haftalikning koʻhna kent tomonidan oʻtkazilishi rejalashtirilgan badiiy-ijodiy kechalari, madaniy-maʼrifiy tadbirlarining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.
Unda maktab oʻquvchilari, talabalar, shoir va yozuvchilar, noshirlar, tashkilotchi idoralar mutasaddilari, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tadbir doirasida aholi va yoshlar orasida kitob mutolaasini targʻib etish va kitobxonlik madaniyatini shakllantirish maqsadida “Oʻqing, yangi kitoblar!” koʻrgazmasi oʻtkazildi. Unda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi Nashrlar boʻlimi xodimlari muassasa tomonidan nashr etilgan yangi kitoblar koʻrgazmasi bilan ishtirok etdi.
Tadbirda ishtirokchilar oʻrtasida “Oʻqigan eng yaxshi asaringiz qaysi?” mavzuida soʻrovnoma oʻtkazildi. Kamoliddin Behzod nomidagi Sharq miniatyura muzeyi hamkorligida “Sanʼat olamiga sayohat” koʻchma koʻrgazmasi tashkil qilindi.
Haftalik doirasida, shuningdek, “Eng yaxshi kitobxon oila” tanlovi, “Sevgan kutubxonamga kitob taqdim etaman” aksiyasi, turli ijodiy kechalar, ilmiy va badiiy adabiyotlar taqdimoti boʻlib oʻtadi.