Muborak dinimizda musulmon kishi uchun kundalik hayotning har bir boʻlagida oʻziga xos odob-axloq qoidalari belgilangan. Shunday odoblar borki, biz uni har kuni har soatda bajarayotgan boʻlishimiz mumkin. Shu amallarimiz baʼzan qilinishi odob, baʼzida esa sunnat amallaridan hisoblanadi. Quyida yurish va salomlashishga tegishli odob va sunnatlar haqida imkon qadar toʻxtalib oʻtamiz.
Qachon kishi manzilidan chiqsa: “bismillahi va tavakkaltu ʼala allohi va la havla va la quvvata illa billahi al-ʼliyyi al-ʼazim”, deb aytsin.
عَنْ أَنَسِ ْبنِ مَالِكٍ رَضِيَ اللهُ تَعَالَى عَنْهُ عَنِ النَّبِيّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَ سَلَّمَ قَالَ: إذا خَرَجَ الرَّجُلُ مِنْ بَيْتِهِ فقال بِسْمِ الله تَوَكَّلْتُ على الله ولا حَوْلَ ولا قُوَّة إِلاَّ بالله يُقولُ لَهُ ملك كُفِيتَ وهُدِيتَ ووُقِيتَ فَيَتَنَحَّى الشَّيْطانُ ويتلقاه شَيْطانٌ آخَرُ فيُقولُ كَيْفَ لَكَ بِرَجُلٍ قد َكُفِيَ وهُدِيَ وَوُقِيَ
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Qachon kishi uyidan chiqsa: “bismillahi tavakkaltu ʼala allohi va la havla va la quvvata illa billahi”, deb aytsin. Shunda bir farishta unga: “kifoyalanding, hidoyat qilinding va muhofaza qilinding”, deydi. Shayton (undan) uzoqlashadi. Unga (oʻsha odamga) boshqa shayton duch keladi-da: “sen uchun kifoyalangan, hidoyat qilingan va muhofaza qilingan odamga (uni adashtirishga) qanday yoʻl boʻlsin”, deydi,” dedilar[1].
Shuningdek, musulmon kishi Allohdan adashishdan, zalolatdan, zulmdan va jaholatdan panoh soʻraladi. Har safar koʻchaga chiqib, uyiga qaytganda “oyatul kursiy” oʻqiladi. Yurganda xuddi qiyalikdan pastga tushayotgandek oldinga moyilroq boʻlib yuriladi. Bunday yurish takabburlikdan yiroq hisoblanadi. Kibru havo qilib, kekkayib, gerdayib yurilmaydi. Bunday yurish kibrning alomatidir.
Alloh taolo bunday marhamat qiladi:
﴿وَلَا تَمۡشِ فِي ٱلۡأَرۡضِ مَرَحًاۖ إِنَّكَ لَن تَخۡرِقَ ٱلۡأَرۡضَ وَلَن تَبۡلُغَ ٱلۡجِبَالَ طُولٗا٣٧﴾
“Yer yuzida kibrlanib yurmagin! Chunki sen (oyoqlaring bilan) zinhor yerni tesha olmaysan va uzunlikda togʻlarga yeta olmaysan”[2].
Ikki ayolning oʻrtasiga tushib yurmaydi. Yoʻlning chetlari ayollar (yurishi) uchun qoldiriladi.
Musulmonlarning yoʻlidan aziyat (beruvchi narsa)larni olib tashlaydi. Bunday qilish hasanot (savob)larni koʻpaytiradi. Baland imoratlarning ostidan tezroq oʻtib ketadi.
Hech bir hojatsiz bozorlarda oʻtirmaydi. Chunki bozor insonni muhim ishlardan chalgʻitib qoʻyadi. Bordi-yu, u yerda (odamlar bilan) gaplashib oʻtirmoqchi boʻlsa, bozorning haqqini ado qilishi kerak. Bozorning haqqi deganda, koʻzni (nojoiz narsalardan) qoʻlni aziyat (yetkazish)dan tiyish, salomga alik olish, amru maʼruf va nahiy munkar qilish, nochor qolgan odamga yordam berish, adashib qolgan kishiga (yoʻlni) koʻrsatib qoʻyish, tushirib qoldirilgan buyumning (topib olgan boʻlsa) oʻzida ekanini bildirish va balgʻam yoki najosat singari (odamlarga) aziyat beruvchi narsalarning ochiq holda turishiga yoʻl qoʻymaslik va boshqalar nazarda tutiladi.
Old va oʻng tomoniga tuflamaydi. Balki chap tomoni yoki oyoqlari ostiga tuflaydi. Orqadagilar piyoda yurganda oldinda ulov minib yurmaydi.
Aso bilan yurish musulmonlik belgisi va paygʻambarlarning sunnatidir. Qurʼoni karimda Muso alayhissalomning hassasi haqida bir nechta qiziq qissa kelgani barchamizga maʼlum.
Alloh taolo bunday marhamat qiladi:
﴿قَالَ هِيَ عَصَايَ أَتَوَكَّؤُاْ عَلَيۡهَا وَأَهُشُّ بِهَا عَلَىٰ غَنَمِي وَلِيَ فِيهَا مََٔارِبُ أُخۡرَىٰ١٨﴾
“(Muso) dedi: “U asoyim, unga tayanurman va u bilan qoʻylarimga (barg) qoqib berurman. Yana unda boshqa hojatlarim ham bor”[3].
Agar yoʻlda koʻzi ojiz kishini koʻrib qolsa, uning chap qoʻlidan tutib istagan joyigacha yetaklab boradi. Unga har bir bosib oʻtgan ziroʼ uchun bir qul ozod qilganlik savobi beriladi.
Koʻchada yarim yalangʻoch yoki xunuk, janda kiyimda yurish ham tarbiya qoidalariga toʻgʻri kelmaydi, odobsizlik sanaladi.
Shoshilib, qadamni katta tashlab, odamlarni turtib-surtib yurish durust emas. Faqat jamoat namoziga kechikayotgandagina shoshilishga ruxsat beriladi.
Bozor, masjid kabi jamoat joylarida, gavjum joy va koʻchalarda boshqalarga aziyat yetkazmay, ohista, ehtiyotkorlik bilan, birovning oyogʻini bosib olishdan saqlanib yuradi. Yoʻlda ketayotganda oʻzgalarning ochiq eshiklaridan ichkariga qaramaslik, yumushi boʻlmasa, birovning uyi oldida turmaslik lozim.
Ahli islomdan taniganiga ham, tanimaganiga ham salom beradi. Chunki salom doʻstlik va muhabbatni ziyoda qiladi.
عَنْ أَبي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَ سَلَّمَ : “ لا تَدْخُلُوا الجَنَّةَ حَتَّى تُؤمِنُوا ، وَلا تُؤْمِنُوا حَتَّى تَحَابُّوا ، أوَلا أدُلُّكُمْ عَلَى شَيْءٍ إِذَا فَعَلْتُمُوهُ تَحَابَبْتُمْ ؟ أفْشُوا السَّلاَمَ بَيْنَكُمْ ” .
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Moʻmin boʻlmaguningizgacha jannatga kirmaysizlar. Bir-birlaringizga muhabbatli boʻlmaguningizgacha (komil) moʻmin boʻlmaysizlar. Sizlarni agar uni qilsangizlar bir-birlaringizga muhabbatli boʻlib qoladigan narsaga dalolat qilmayinmi?! Oralaringizda salomni keng yoyinglar!” dedilar[4].
Kun davomida musulmon birodarini necha marta uchratsa ham unga salom beradi. Hatto ikkisining oʻrtasini daraxt yoki devor toʻsib qolsa ham (yuzma-yuz boʻlganda) yangidan salom beradi. Chunki salom berish kishiga rahmatni vojib qiladi.
Ayollar jamoasiga salom bermaydi[5]. Majlis ahliga ular eshitadigan qilib salom beradi. Salomga alik ham eshitiladigan qilib aytiladi.
Salom berish bilan Islom ahdini yangilashni, yaʼni birodarining obroʻsiga va moliga zarar yetkazmaslikni niyat qiladi. Musulmon birodariga salom berishi bilan uning obroʻsiga va moliga putur yetkazishi harom boʻladi.
Kimni uchratsa, birinchi salom beradi. Chunki birinchi boʻlib salom berish kibrning yoʻqligidan nishonadir. Ahli baytining huzuriga kirganda ham salom berib kiradi.
Agar hech kimsa yoʻq uyga kirsa, “assalamu ʼalayna va ʼala ibodillahi as-solihiyn”, deb aytsin. Chunki uning salomiga farishtalar javob qaytaradilar. Biror qavmning qoshiga kelganda ham, ulardan ayrilganda ham salom beradi. Shunday qilgan kishi ketganidan keyin ham oʻsha qavm qilgan barcha yaxshi amallarda ularga sherik boʻladi.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “qaysi musulmon majlis soʻngida salom bersa Alloh uning badanidagi har bir tuki barobariga mingta yaxshilik yozib uning martabasini ming daraja koʻtaradi. Oʻtirgan oʻrni qiyomatga qadar unga istigʻfor aytadi” , dedilar[6].
Salomning toʻliq shakli assalomu alaykum va rahmatullohi va barokatuhu iborasida mujassamdir. Ushbu ibora bilan salom bergan musulmonga xuddi shunday salomning soʻzlarini kamaytirmasdan va unga ziyoda ham qilmasdan javob qaytariladi.
Alloh taolo bunday marhamat qiladi:
﴿وَإِذَا حُيِّيتُم بِتَحِيَّةٖ فَحَيُّواْ بِأَحۡسَنَ مِنۡهَآ أَوۡ رُدُّوهَآۗ إِنَّ ٱللَّهَ كَانَ عَلَىٰ كُلِّ شَيۡءٍ حَسِيبًا٨٦﴾
“Qachon sizlarga biror salomlashish bilan salom berilsa, sizlar undan chiroyliroq qilib alik olinglar yoki oʻsha (ibora)ni qaytaringlar. Albatta, Alloh har bir narsani hisobga oluvchidir”[7].
Musulmon kishi salomlashish jarayonida barmoqlari va kafti bilan ishora qilmaydi. Chunki barmoq bilan ishora qilish yahudiylarning ishlaridan, kaft bilan ishora qilish esa nasroniylarning odatlaridandir. Musulmon kishi ahli kitobga birinchi boʻlib salom bermaydi.
Rivoyat qilinishicha, Ibn Umar roziyallohu anhu bir yahudiyga uni tanimay turib salom beradi. Uning yahudiy ekanligini bilib qolgach esa qaytib boradi-da, “ey yahudiy, salomimni oʻzimga qaytar”, deydi. Yahudiy u kishining salomini qaytarib berganini aytadi.
Musulmon kishiga zimmiylardan[8] birortasi salom bersa, unga “va alaykum” iborasi bilan javob qaytaradi. Bundan ziyoda qilmaydi. Agar musulmon odam ularga salom bermoqchi boʻlsa, “assalomu ʼala man ittabaʼal huda”, (hidoyatga ergashganlarga tinchlik boʻlsin) deb aytadi. Ularga yozilgan maktublarda ham ushbu ibora qoʻllaniladi. Musulmonlar va zimmiylar birga oʻtirgan jamoatga salom berishning zarari yoʻq.
Musulmon kishi oʻzidan kichikka ham, kattaga ham, ozchilikka ham, koʻpchilikka ham, piyodaga ham, ulovdagiga ham salom beraveradi. Birovniing aytib yuborgan salomini uning oldiga yetib borishi bilan darhol yetkazadi. Chunki aytilgan salom uning qoʻlida turgan omonat hisoblanadi.
Alloh taolo bunday marhamat qiladi:
﴿۞إِنَّ ٱللَّهَ يَأۡمُرُكُمۡ أَن تُؤَدُّواْ ٱلۡأَمَٰنَٰتِ إِلَىٰٓ أَهۡلِهَا ﴾
“Darhaqiqat, Alloh omonatni oʻz egalariga topshirishingizga buyurar….”[9].
Begonalarga salom bermay faqat tanish-bilishga salom berish toʻgʻri emas. Chunki bu qiyomat alomatlaridandir. Qoʻl berib koʻrishilganda, ikkinchi tomon qoʻlini tortmaguncha qoʻl tortib olinmaydi va mato (qoʻlqop) bilan koʻrishilmaydi. Bunday koʻrishish madaniyatsizlik hisoblanadi.
Bir necha oʻrin va holatlarda salom berish va alik olish joiz boʻlmaydi:
- Kishi qazoyi hojatda boʻlsa, unga salom berish ham va salomga alik olish ham makruh;
- Kishi namoz oʻqiyotgan yoki azon aytayotgan boʻlsa, unga ham salom berish joiz emas. Namoz oʻqiyotgan kishi “alaykum” deb javob qilsa, namozi buziladi;
- Uyquda yoki mudroqda boʻlgan kishiga salom berilmaydi;
- Kishi taom tanovul qilayotgan boʻlsa va taom ogʻzida boʻlsa, unga salom berilmaydi va javob ham qilinmaydi. Agar luqma ogʻzida boʻlmasa, salom berish mumkin va salomga javob qilish farz boʻladi;
- Qurʼoni karim tilovat qilayotgan kishiga salom berish joiz emas, agar salom berilsa, unga javob qilib, soʻngra Qurʼonni oʻqishda davom qiladi. Duo qilayotgan, ehromda talbiya (Labbaykallohumma) aytayotgan kishiga ham salom berish nojoizdir.
Safardan qaytgan kishi bilan oʻpishmasdan va unga egilmasdan quchoqlashib koʻrishish sunnatdir. Yoshi katta kishilarning oldiga tushib yurilmaydi. Bu faqirlik keltiradi. Yurish va oʻtirishda qurayshliklar[10] birinchi boʻladi. Hech bir musulmonga na yoʻlda, na bir manzilda tanglik boʻlishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Yaqin birordarlar bilan uchrashganda “kayfa asbahtum – xayrli tong!” yoki “marhaban bikum – marhabo! Xoʻsh kelibsiz!” yoxud “ahlan va sahlan – behijolat, bemalol” – kabi soʻzlarni aytish sunnatdir. Chunki Paygʻambar alayhissalom Ummi Honiʼga: “Marhaban biummi Honiʼ – marhabo! Ummi Honiʼ”, deb aytganlar. Qarshi tomon bu soʻzlarga javoban “fi xayrin va ofiyatin ahmadulloha – Allohga hamd boʻlsin! Yaxshi xotirjam yuribmiz”, degan.
Soʻnggi paytlarda yoshlarimiz oʻrtasida yurish-turish va salomlashish odoblari biroz boshqacha shaklda koʻzga tashlanmoqda. Hatto oʻzbekona urf-odatlarimiz va musulmonligimizga zid koʻrinishlar avj olgan. Bugun ota-onalar farzand taʼlim-tarbiyasi, koʻcha-koʻyda yurish-turishini nazoratga olmasa, turli yot madaniyat va oqimlar taʼsiriga tushib qolishi hech gap emas. Ilm ahli bunday paytda yoshlarga har tomonlama oʻrnak va tayanch boʻlishi lozim. Bu ular oldida ham farz, ham qarz, desak, mubolagʻa boʻlmaydi.