Home / ALLOMALAR / IMOM AVZOʼIY ILMIY MЕROSI

IMOM AVZOʼIY ILMIY MЕROSI

“Imom”, “Hofiz”, “Bayrut, Shom atrofidagi yerlar, Magʻrib va Andalusning imomi” nomlari bilan sharaflangan Abu Amr Abdurrahmon ibn Amr Avzoʼiyning ilm yoʻlidagi faoliyati katta ahamiyatga ega.

Imom Avzoʼiy yashagan davr olimlar, faqihlar, qorilar va muhaddislarga boy boʻlgan. Oʻsha davrning eng taniqli olimlari orasida Molik ibn Anas, Imom Jaʼfar Sodiq, Sufyon Savriy, Hasan Basriy, Muhammad ibn Siriyn, Abu Hanifa Noʻmon ibn Sobit, Lays ibn Saʼd va boshqalar bor edi.

Imom Avzoʼiy ayniqsa, bidʼat, ixtiloflar, Qurʼon va sunnatdan ogʻish kuchaygan davrda Islom va sunnatni himoya qilganlardan biri boʻldi. Uning Bayrutdagi faoliyati samarali boʻlib, u yerda oʻzining mazhabini rivojlantirdi va u Shomning hamma diyorlariga tarqaldi.

Imom Avzoʼiy ilmlarni egallashda mislsiz darajada boʻlgan. Hatto 113/731 yilda fatvo ishini boshlagan. Oʻshanda u atigi 15 yoshda boʻlgan. Shundan soʻng uning atrofida ilm toliblari toʻplangan.

Hiql ibn Ziyod aytadi: “Avzoʼiy yetmish ming masalaga fatvo berdi. Bir kuni undan bir masala haqida soʻraldi. U: “Menda u borada biror xabar yoʻq”, deb javob berdi”. Yaʼni, uning fatvolari undagi xabarlarga asoslangan edi[1].

Soʻng Imom Avzoʼiy oʻz mazhabini ahli sunna val-jamoaning beshinchi mazhabi boʻlishi uchun Magʻrib va Andalusga koʻchib oʻtdi. Lekin uning mazhabi saqlanib qolmadi. Shogirdlari uni rivojlantirmay, saqlashga ahamiyat bermaganidan soʻng u yoʻqolib ketdi. Uning oʻrnini Shomda hanafiy va shofeʼiy mazhablari, Magʻrib va Andalusda molikiy mazhabi egalladi.

Shom, Magʻrib va Andalus faqihlari ushbu mazhabga to Qozi Abu Zurʼa Muhammad ibn Usmon Saqafiy Damashqqa shofeʼiy mazhabini olib kirguniga qadar amal qildilar. Hatto, Qozi Abu Zurʼa “Muxtasar al-muzaniy” kitobini yod olgan kishiga yuz dinor ehson qilar edi[2]. Shunday qilib u orqaga chekinishni boshladi. Biroq hijriy IV asrgacha Shomda saqlanib qoldi[3].

Andalusga kelsak, uning aholisi Soʼsoa ibn Salom Dimashqiy tomonidan Avzoʼiy mazhabiga kiritilgan. Andalus xalqi Avzoʼiy mazhabi ostida to Ziyod ibn Abdurrahmon Laxmiy molikiy mazhabini Andalusga kirgizguniga qadar boʻlgan. Andalusda Avzoʼiy mazhabumaviylar davlatining Andalusdagi amiri Abul Osiy Hakam ibn Hishom davrida tamoman yoʻqolib ketgan.

Avzoʼiylik mazhabi yoʻqolib ketgan boʻlsa-da, muhim fiqhiy kitoblarda uning baʼzi fiqhiy masalalari haligacha davom etib kelmoqda.

Imom Avzoʼiy mazhabidagi yondashuvga kelsak, u Avzoʼiyning Makhul Shomiydan rivoyat qilgan quyidagi soʻzidan maʼlum boʻladi: “Qurʼon sunnatga, sunnat Qurʼonga muhtoj boʻlganidan koʻra muhtojroqdir”[4]. Avzoʼiy ushbu soʻzlaridan Qurʼon matnlarini tafsir qilishda, uning toʻliq tafsilotlarini bayon qilishda sunnatning roli muhim ekanligini taʼkidlangan. Yaʼni, avzoʼiylik mazhabida koʻproq sunnatga suyanilgan. Masalalarga javob topishda asosan sunnatdan foydalanishga urgʻu berilgan.

Bundan tashqari, Imom Avzoʼiy ayni bir masala borasida qarama-qarshilik mavjud boʻlgan masalada afzalroq boʻlgan fikrga ham tayanar edi. Masalan, Avzoʼiy va Sufyon Savriy Makkada boʻlgan vaqtida rukuʼga borish va undan qaytishda ikki qoʻlni koʻtarish masalasida bahslashib qoladi. Shunda Avzoʼiy fikrining dalili sifatida Zuhriy Solimdan, u otasidan rivoyat qilgan quyidagi: “Nabiy (s.a.v.)ni agar namozni boshlasalar, rukuʼ qilsalar va soʻng rukuʼdan koʻtarilsalar, ikki qoʻllarini koʻtarganlarini va ikki sajda orasida qoʻllarini koʻtarmaganlarini koʻrdim”, hadisni keltiradi.

Sufyon Savriy esa Yazid ibn Abu Ziyod Hoshimiyni Ibn Abu Laylodan, u Barro ibn Ozibdan rivoyat qilingan quyidagi hadisni hujjat sifatida keltiradi: “Rasululloh (s.a.v.) agar namozni boshlasalar, ikki qoʻllarini ikki quloqlari yaqiniga koʻtarar edilar. Soʻng takrorlamas edilar”.

Shunda Avzoʼiy gʻazablanib Savriyga: “Zuhriyning hadisi oʻzi zaif kishi boʻlgan Yazid ibn Abu Ziyodning hadisiga zidmi hali?!”, deydi. Shunda Savriyning yuzi qizarib ketadi va Avzoʼiyga: “Ehtimol, siz mening gaplarimni yomon koʻrgandirsiz?!”, deydi. Avzoʼiy: “Ha”, deb javob berib, soʻng yana: “Rukn oldida haq ustida bir-birimizni laʼnatlamasimizdan avval oʻrningizdan turing”, deydi. Shundan soʻng Savriy jim boʻlib qoladi[5].

Shu tariqa Avzoʼiy mazhabida afzal fikr ham asosiy manbalardan hisoblanadi.

Imom Avzoʼiyning merosiga kelsak, ular unchalik koʻp emas. Kitoblarining katta qismi yoʻqolib ketgan. Ular 130/747 yili Shomda yuz bergan katta zilzila oqibatida yonib ketgan va Avzoʼiyning oʻzi ularni qayta yozishni istamagan.

Ammo tarjimai hol va siyar kitoblarida uning baʼzi kitoblari, masalan, Hoji Xalifa “Kashfuz zunӯn” kitobida zikr qilgan “Musnadul Imām Avzāʼiy” kabi kitobi haqida baʼzi maʼlumotlar saqlanib qolgan[6].

“Siyarul Imām Avzāʼiy” kitobi esa Imom Shofeʼiyning “Kitābul umm” asari tarkibida nashr etilgan. Zahabiy u kitob haqida “unda mingga yaqin hadis bor” deb aytadi[7].

Ibn Nadim oʻzining “Fihrist” kitobida “As-sunan fil fiqh” va “Al-masāil fil fiqh” kitoblarini zikr qiladi va baʼzi fiqhiy masalalarni oʻz ichiga olgan “Siyarul Avzāʼiy” kitobini ham qoʻshimcha qiladi. Lekin hozirda uning nusxasi yoʻq. Qozi Abu Yusuf oʻzining “Ar-radd ʼalā siyaril Avzāʼiy” kitobida undagi baʼzi masalalarga raddiya bergan.

Bir qancha kishilar Imom Avzoʼiyning tarjimai holiga eʼtibor berganlar. Ulardan biri Abul Abbos Ahmad ibn Muhammad ibn Ahmad ibn Zayd Hanbaliydir. Uning “Mahāsinul masāʼi fӣ manāqibil Imām Abӯ Amr Avzāʼӣ” kitobi mavjud. Undan tashqari Abdussattor Shayxning “Al-Imāmul Avzāʼӣ shayxul islām va ʼālim ahl Shām” va Abdulaziz Sayyid Ahlning “Al-Imām al-Avzāʼӣ faqӣh ahl Shām” asarlarini ham ushbu turkumga qoʻshadilar.

Imom Avzoʼiyning tasniflari va kitoblaridan tashqari uning soʻzlari, vaʼzlari va xabarlari voizlar hamda olimlarning tillarida juda koʻp uchraydi.

Valid ibn Maziyd rivoyat qiladiki, u Avzoʼiyning bunday deganini eshitgan: “Agar Alloh biror qavmga yomonlikni iroda qilsa, ularga bahs-tortishuvni ochib qoʻyadi va ulardan amalni man qilib qoʻyadi”.

Avzoʼiy dedilar: “Moʻmin kishi kam gapirib, koʻp amal qiladi. Munofiq esa koʻp gapirib, kam amal qiladi”.

Ravshan ELMURODOV
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
ilmiy xodimi
[1] Ibn Asokir. Tarixi Dimashq.
[2] Tojiddin Subkiy. Tabaqotu-sh-Shofiʼiyyati-l-kubro.
[3] Majmuʼ fatavoyi Ibn Taymiya. Fiqh. Tahorat. Suvlar bobi.
[4] Ibn Abdulbarr. Jomiʼ bayoni-l-ilm va fazlihi. Bob mavziʼi-s-sunna min al-kitob. 1416-hadis.
[5] Ibn Kasir. Al-bidoya va-n-nihoya. 10-juz. ‒ Bayrut: “Maktabatul maorif”, 1990-yil. ‒ B.116.
[6] Xoja Xalifa. Kashfuz zunun ʼan asomi-l-kutub va-l-funun.
[7] Shamsiddin Zahabiy. Siyari aʼlomu-n-nubalo.

Check Also

ABU BAKR JASSOS ILMIY MEROSINING HANAFIY MAZHABI RIVOJIDA TUTGAN OʻRNI

Abu Bakr Jassos (vaf. 370/981) qoldirgan ilmiy meros hanafiy mazhabida oʻziga xos ahamiyatga ega. Alloma …