Home / MAQOLALAR / OʻSMAT OTA KIM BOʻLGAN?

OʻSMAT OTA KIM BOʻLGAN?

Movarounnahr tarixi, madaniyati va maʼnaviyatini yuksak darajaga koʻtarishda samarqandlik allomalarning oʻrni beqiyos boʻlgan.

Bu sohada nafaqat Samarqand shahri, balki unga tutash qishloqlardan yetishib chiqqan muhaddis, faqih, mutakallimlarni ham tilga olib oʻtish mumkin. Shunday allomalardan biri oʻz davrining mashhur faqihi va mutakallimi Muhammad ibn Abdulhamid Usmandiy Samarqandiydir. U oʻzidan aslo dolzarbligini yoʻqotmaydigan ulkan ilmiy meros qoldirdi. “Lubob ul-kalom” (Kalom ilmining javhari), “Tariqat ul-xilof fil fiqh baynal aimmat al-aslof” (Oʻtgan ulamolar oʻrtasida fiqh, ilmidagi ixtilof yoʻllari), “Bazl an-nazari fil usul” (Fiqh asoslariga chuqur nazar) va “Miyzon fi usul al-fiqh” (Usuli fiqhda mezon) kabi asarlari bizgacha yetib kelgan. Asosan Turkiya, Misr va Ummon tadqiqotchilari tomonidan batafsil oʻrganilib, nashr etilgan.

Allomaning toʻliq ismi Abulfath Alouddin Muhammad ibn Abdulhamid ibn Umar ibn Hasan ibn Husayn Usmandiy Samarqandiy boʻlib, manbalarda u zot 1095 yili Samarqand qishloqlaridan biri – Usmandda tugʻilib, 1157 yili 64 yoshida shu yerda vafot etgani aytiladi.

Yozma manbalarda alloma tugʻilib oʻsgan joyning “Asmand” yoki “Usmand” deb nomlanishi bilan bogʻliq koʻpgina ixtiloflar mavjudligi keltirilgan.

“Usmand” atamasi vaqt oʻtishi bilan tovush oʻzgarishi natijasida “Usmat”ga aylangan. Buni viloyat markazidan yetmish kilometr uzoqlikda joylashgan shu nomli shaharcha hamda tuman markazida, Qoʻrgʻontepa poyida Oʻsmat ota ziyoratgohi mavjudligi ham tasdiqlaydi. Shuningdek, baxmallik yozuvchi Sayyid Azim tarixchi olimlar Olimjon Joʻrayev va Jaloliddin Joʻrayev fikriga tayanib, Oʻsmat ota qabrini oʻsmatlik mashhur faqih, oʻz davrida shariat qonunlarining yirik bilimdoni hisoblangan Abulfath Muhammad ibn Abdulhamid Usmandiy Samarqandiy nomi bilan bogʻlaydi.

Alouddin Usmandiy qator islomiy ilmlar, ayniqsa, fiqh, hadis va kalom ilmi, shuningdek, turli mazhablar oʻrtasidagi ixtiloflarni oʻrganadigan ilm al-xilof (munozara ilmi) boʻyicha yetuk olim hisoblangan. U ilm ahli orasida kechadigan bahs-munozaralarda chuqur bilimi, benazir iqtidori va favqulodda salohiyati bilan ajralib turgan. Shuning uchun ham ilm ahli orasida “Olamning ustuni”, “Ustun”, “Dinning ustuni” kabi yuksak unvonlar bilan mashhur boʻlgan. Alloma oʻzidan ulkan ilmiy-maʼnaviy meros qoldirgan boʻlib, hammasi arab tilida yozilgan. Manbalarda alloma hayoti davomida islomning kalom, munozara ilmi, tafsir va usuli fiqh, sohalariga oid oʻn uchta noyob asar yozgani bayon etiladi. Bizgacha oltita asari yetib kelgan boʻlib, nusxalari jahon koʻlyozma fondlarida saqlanmoqda.

Allomaning moturidiya kalom maktabi qarashlarini oʻzida aks ettirgan “Lubob ul-kalom” nomli shoh asarining ikki koʻlyozma nusxasi saqlanib qolgan. Ulardan biri Istanbuldagi Sulaymoniya kutubxonasining Qora Chalabiyzoda boʻlimida saqlanadi. Bu asarning eng qadimiy nusxasi boʻlib, u arab harflari bilan nuqtalarsiz, nastaʼliq xatida yozilgan. Kitob Ali ibn Najmuddin ismli xattot tomonidan 1303 yilda – alloma vafotidan qariyb bir yarim asr oʻtgach koʻchirilgan. Asar turkiyalik olim doktor Muhammad Said Uzervarli tomonidan tadqiq etilib, 2005 va 2019 yillarda nashr etildi.

Asarning ikkinchi qoʻlyozma nusxasi esa Sulaymoniya kutubxonasi Shahid Ali Posho boʻlimida saqlanadi. Bu nusxa xattot Yusuf ibn Bayrambek ibn Ismoil ibn Iso tomonidan 1412 yili nastaʼliq xatida koʻchirilgan.

Hanafiya mazhabi moturidiya eʼtiqodiga asoslangan mazkur asar muqaddimasida muallif uni yozishdan koʻzlangan maqsad eʼtiqodni sogʻlomlashtirish va tuzatish ekanini bildirib oʻtadi. Koʻplab boʻlimlardan tashkil topgan “Lubob ul-kalom”da, eng avvalo, ilm turlari, inson hayoti va jamiyatdagi oʻrni haqida qimmatli fikrlar bildirib oʻtiladi. Ushbu asarda toʻgʻri maʼlumotlarga ega boʻlish uchun olamni bilish kerak, deyiladi. Besh sezgi aʼzosi, ishonchli xabarlar beruvchi manbalar (Qurʼoni karim va hadisi shariflar) hamda insonning aql-idroki va salohiyati muhim vazifa kasb etishi alohida taʼkidlanadi.

“Lubob ul-kalom” asari Imom Moturidiyning “Tavhid” va “Taʼvilot ul-Qurʼon”, Abu Muin Nasafiyning “Tabsirat ul-adilla” asarlarida oʻz aksini topgan ahli sunna val jamoa aqidasini keng targʻib etishda oʻziga xos manbadir. Ularda ilgari surilgan mavzularning “Lubob al-kalom”da ham oʻz ifodasini topgani fikrimiz dalili. Zero, bu asar, muallif aytganidek, eʼtiqodni tuzatishni boshlovchi kishilar uchun hidoyat manbai boʻlsin, degan maqsadda yozilgan.

Usmandiyning “Lubob ul-kalom” asari hozirgi gʻoyalar kurashi avj olgan bir davrda yoshlarimizga muqaddas dinimizning asl mazmun-mohiyatini tushuntirish, ularda mafkuraviy immunitet hosil qilish uchun muhim manba hisoblanadi. Ayniqsa, botil daʼvolarni ilgari surayotgan oqimlarga qarshi gʻoyaviy zarba berishda qoʻl keladigan omillardan biri boʻlib xizmat qiladi.

Alouddin Usmandiyning Movarounnahrda moturidiya taʼlimotining keng yoyilishiga qoʻshgan hissasini inobatga olib, Baxmal tumanidagi Oʻsmat ota ziyoratgohini ziyorat turizmi obyektiga aylantirish maqsadga muvofiq.

Otabek MUHAMMADIYEV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot
markazi direktori oʻrinbosari

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …